Parlament diplomatiyasi – Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarining muhim omili







2024-yil 28-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo qoʻmitasi tomonidan “Parlament diplomatiyasi – Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarining muhim omili” mavzusida davra suhbati oʻtkazildi.
Davra suhbatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari va Senatining aʼzolari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha guruhlari raislari, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti xodimlari, Oʻzbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi xodimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir ishtirokchilari tomonidan eʼtirof etilganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning mintaqaviy va xalqaro jarayonlardagi ishtiroki sezilarli darajada yuksaldi. Oʻzbekiston oldingi davrlarga nisbatan ancha faol va pragmatik tashqi siyosat olib bormoqda. Bu siyosat oʻzining progressiv xarakteri va tinchlikparvarligi bilan xalqaro hamjamiyat eʼtirofiga sazovor boʻlmoqda. Oʻz navbatida, mamlakat oliy vakillik organi boʻlmish ikki palatali parlamentning tashqi siyosatdagi oʻrni va roli ham har qachongidan koʻra yuksaldi.
Keyingi yillarda Oliy Majlis palatalarining xalqaro aloqalari jugʻrofiyasi sezilarli darajada kengayib, xorijiy davlatlar parlamentlari va xalqaro parlamentlararo uyushmalar bilan hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi.
Agar 2015-2019-yillar davomida jami 28 davlatning parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhlar faoliyat olib borgan boʻlsa, 2020-yilda bu raqam 43 tani, 2023-yilga kelib esa jami 58 tani (57 ta davlat va 1 ta Yevropa Ittifoqi parlamenti) tashkil etganini koʻrish mumkin.
Bundan tashqari, Oliy Majlisning xalqaro parlament uyushmalaridagi ishtiroki ancha faollashdi. Bugungi kunda Oliy Majlis qator parlamentlararo uyushmalar ishida aʼzo yoki kuzatuvchi maqomida Oʻzbekistonning milliy manfaatlarini himoya qilishga hamda ilgari surishga asoslangan tashqi siyosiy faoliyatning faol ishtirokchisiga aylandi.
Soʻnggi 7 yil ichida Oliy Majlis Parlamentlararo Ittifoq (PAI), Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA), Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining Parlament Assambleyasi (YeXHT PA) kabi qator nufuzli parlamentlararo uyushmalarga aʼzo boʻlib kirganini alohida taʼkidlash joiz.
Oʻzbekiston Respublikasi parlament delegatsiyalari, shuningdek, Turkiy tilli davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi, Osiyo-Tinch okeani parlamentlararo forumi, Osiyo parlament assambleyasi, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Parlament assambleyasi kabi parlamentlararo uyushmalar doirasida oʻtkazilayotgan turli tadbir va anjumanlar ishida kuzatuvchi maqomida faol ishtirok etib kelmoqda.
Bir soʻz bilan aytganda, soʻnggi yillarda milliy parlament mamlakatimiz tashqi siyosatining faol ishtirokchisiga aylandi. Parlament diplomatiyasining geografiyasi kengayib, natijadorligi oshmoqda. Ushbu holat ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy sohalarda uzviy aloqalarni oʻrnatish imkonini shakllantirib, hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga har tomonlama yordam bermoqda.
Davra suhbatida parlament diplomatiyasi xalqaro maydonda Oʻzbekiston Respublikasining milliy manfaatlarini dadil ilgari surish imkonini berayotganini eʼtirof etish bilan birga bu borada hali qilinishi kerak boʻlgan qator vazifalar borligi ham alohida taʼkidlandi. Ayniqsa, Oliy Majlisning xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik boʻyicha guruhlari va komissiyalarining faolligini oshirish, ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlari bilan ikki tomonlama va koʻp tomonlama parlament aloqalarini kuchaytirish, uning xalqaro parlament uyushmalaridagi ishtirokini faollashtirish; Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda parlament, hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini keng yoʻlga qoʻyish bu boradagi muhim vazifalar sirasiga kiradi.
Qizgʻin muhokamalarga boy oʻtgan davra suhbatida uning ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida Qoʻmita qarori qabul qilindi.





















