O‘zbekiston — Xitoy: hamkorlikning yangi bosqichi
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari o‘rnatilganiga 30 yildan oshdi. Keyingi yillarda strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilib, ikki tomonlama munosabatlar jadal sur’atda rivojlanmoqda.
Katta nufuzga ega bo‘lgan Xitoy iqtisodiy yuksalish va yalpi ijtimoiy mahsulot hajmi bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Bunday qudratli davlat bilan munosabatlarni har tomonlama rivojlantirish O‘zbekiston xalqining tub milliy manfaatlariga to‘liq mos keladi.
Bugungi kunda har ikki mamlakat xalqaro munosabatlar tizimida o‘z tashqi siyosatini xalqaro huquq normalari doirasida, milliy manfaatlarini hisobga olgan holda qurishda mas’uliyatli davlat sifatida namoyon bo‘lmoqda. Chunki Yangi O‘zbekiston ham, Xitoy ham xalqaro muammolarni hal qilishda tashabbuskorlikni namoyish etyapti.
Bu tashabbus Prezidentimizning “Tinchlik va xavfsizlik uchun Samarqand birdamlik tashabbusi” va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning “Global sivilizatsiya tashabbusi”da sivilizatsiyalar o‘rtasidagi muloqotni yo‘lga qo‘yishdek ezgu maqsadga erishishga qaratilgan. Bunday yondashuv ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik uchun ishonchli zamin yaratdi.
Keyingi yillarda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik investori va savdo hamkoriga aylandi, desak mubolag‘a emas. Sababi O‘zbekiston biznesi Xitoyda o‘z ishtirokini ishonch bilan kengaytirmoqda. Xitoy biznesi O‘zbekiston hududlarida tobora ko‘proq yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ochayotir. Xususan, uyali telefonlar, yuk va yengil avtomobillar, sanitariya-texnik vositalar, sement va boshqa yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar O‘zbekiston va boshqa mamlakatlar bozori uchun yanada katta hajmda va tobora keng assortimentda ishlab chiqarilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi munosabatlar ham yildan yilga rivojlanib boryapti. Ayni chog‘da sakkiz ming nafardan ortiq o‘zbekistonlik yoshlar Xitoydagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda. Ilmiy-madaniy aloqalar ham kengaymoqda. Dunyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham Xitoyni o‘rganishga qiziqish yildan-yilga ortib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan ushbu davlatga tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Ushbu tashrif davlatimiz rahbarining 2024 yildagi ilk xorijiy safari bo‘lib, bu har tomonlama strategik sheriklik munosabatlariga yangi ta’sirchan sur’at bag‘ishlaydi.
Tashrif doirasida Xalq siyosiy maslahat kengashi Butunxitoy qo‘mitasi Raisi Chjao Letszi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish va “O‘zbekiston — Xitoy” do‘stlik guruhlarini faollashtirish zarurligi qayd etildi. Oliy darajadagi kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini ta’minlashga alohida e’tibor qaratildi.
2020 yil may oyida Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruh tashkil etilgani parlamentlararo hamkorlikni yanada faollashtirdi, keng qamrovli strategik sheriklikni rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi.
Parlamentning qonun ijodkorligi sohasida xorijiy davlatlar bilan o‘zaro tajriba almashish muhim yo‘nalishlardan biridir. Bu borada 2023 yil 4 24 iyulda Xitoy Xalq Respublikasi Savdo vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Rivojlanayotgan davlatlar parlamentariylari uchun seminar” muhim ahamiyat kasb etdi. Unda ishtirok etgan Qonunchilik palatasi vakillari tashrif davomida XXR parlamenti faoliyati bilan tanishish, qonun ijodkorligi va boshqa sohalarda o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘ldi.
Xitoy zaminida olib borilgan muloqotlar samarali kechdi. Kuni kecha Pekinda birinchi ta’lim forumi, Shanxayda O‘zbekistonning turizm imkoniyatlari ko‘rgazmasi muvaffaqiyatli o‘tdi. O‘zbekiston madaniyati kunlari doirasidagi tadbirlar esa Xitoy poytaxti aholisi va mehmonlarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin imzolagan qo‘shma bayonot tomonlarning o‘zaro manfaatli hamkorlikni turli sohalarda har tomonlama mustahkamlash hamda ikki davlat o‘rtasidagi barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklikni mazmun jihatidan boyitishga xizmat qiladi.
Ikki davlat hukumatlari o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi, texnik-iqtisodiy inson resurslarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik, davlat ilmiy-tadqiqot muassasalari hamkorligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Xitoy Xalq Respublikasi Ta’lim vazirligi o‘rtasida xitoy tilini o‘qitish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va boshqa kelishuvlar xalqlarimiz manfaatlariga javob beradi.
Erishilgan natijalardan biri mamlakatlarimiz biznes vakillari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ularga qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha kelishuvlar bo‘ldi. Qabul qilingan tarixiy hujjat – O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik darajasiga olib chiqadigan davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti ham bunga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida bunyodkorlik ruhi hukmron. Tashrif doirasida erishilgan kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida iqtisodiy o‘sishni yanada oshirishga, pirovardida mintaqamizda va kurrai zaminimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Abdumalik AKROMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

















