Top.Mail.Ru
PARLIAMENT AITest – test rejimida
Parlament tadqiqotlari instituti
PTI » Institut Nizomi

Meʼyoriy hujjat

Institut Nizomi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti toʻgʻrisidagi Nizom

Tasdiqlangan
Kengashning 2023-yil 2-maydagi 3129–⁠IV-son qarori
Amaldagi tahrir
Kengashning 2026-yil 13-apreldagi 1941–⁠V-son qarori

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi Kengashining

2023 yil 2 mayda qabul qilingan

3129–IV-sonli Qaroriga

2-ilova

 

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti toʻgʻrisidagi

NIZOM

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti (bundan buyon matnda Institut deb yuritiladi) davlat ilmiy-tadqiqot ekspert muassasasi boʻlib, u oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi (bundan buyon matnda Qonunchilik palatasi deb yuritiladi) Kengashiga hisobdordir.

2. Institut oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga, Qonunchilik palatasining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, va qarorlariga, boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.

3. Institut yuridik shaxs boʻlib, oʻz mol-mulkiga, mustaqil balansiga, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi gʻaznachiligida gʻaznachilik hisobvaraqlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va oʻz nomi koʻrsatilgan blankalarga, shtampga hamda oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa xizmat belgilariga hamda rekvizitlarga ega boʻladi.

Institut oʻz nomidan shartnomalar tuzishi, mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi, majburiyatlarga ega boʻlishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.

4. Institutning rasmiy nomi:

a) davlat tilidagi:

toʻliq nomi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti; qisqartirilgan nomi – Parlament tadqiqotlari instituti;

b) rus tilidagi:

toʻliq nomi – Институт парламентских исследований при Законодательной палате Олий Мажлиса Республики Узбекистан; qisqartirilgan nomi – Институт парламентских исследований;

v) ingliz tilidagi:

toʻliq nomi – Parliamentary Research Institute under the Legislative Chamber of Oliy Majlis of the Republic of Uzbekistan; qisqartirilgan nomi – Parliamentary Research Institute.

 

2-bob. Institutning asosiy vazifalari va funksiyalari

 

5. Institutning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

Qonunchilik palatasi va deputatlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash, ularning qonun ijodkorligi borasidagi faoliyatiga koʻmaklashish;

parlamentarizm muammolarini tadqiq etish, huquq, siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, davlat dasturlari hamda strategiyalarining maqsad va vazifalariga muvofiq parlamentarizmni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish, oliy ta’limdan keyingi ta’limni tashkil etish;

xorijiy parlamentlar va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatini oʻrganish natijalari asosida parlament faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;

Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish, ularning tartibga solish taʼsirini baholash hamda xalqaro normalar va standartlarga muvofiqligini oʻrganish;

qonun ijodkorligini demokratlashtirish, uning ilmiy asoslarini takomillashtirish hamda xalqaro normalar va standartlarni qonunlarga implementatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

Qonunchilik palatasiga parlament nazorati shakllarini rivojlantirishga va vakillik funksiyalarini amalga oshirishga koʻmaklashish, Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari, komissiyalari, Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari (bundan buyon matnda fraksiyalar deb yuritiladi) va deputatlar tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash;

qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirishda ishtirok etish;

rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyotini o‘rganish asosida Qonunchilik palatasi faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning huquqiy va institutsional asoslarini yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash, bu borada yagona texnik siyosatni va strategiyalarni ishlab chiqish, qonun ijodkorligi, parlament nazorati hamda saylovchilar bilan ishlash jarayonlariga sun’iy intellekt loyihalarini tatbiq etishni ekspert va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda deputatlik korpusi va kadrlar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha ekspertlik, uslubiy va o‘quv tadbirlarini tizimli ravishda tashkil etish;

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishini oʻrganib borish.

6. Institut oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni quyidagi funksiyalarni amalga oshirish yoʻli bilan bajaradi:

a) Qonunchilik palatasi va deputatlar faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash, ularning qonun ijodkorligi borasidagi faoliyatiga koʻmaklashish sohasida:

Qonunchilik palatasining, uning qoʻmitalari, komissiyalari, fraksiyalar va deputatlarining qonun loyihalari va qonunlar yuzasidan buyurtmalari boʻyicha qonunchilikning, huquqni qoʻllashning dolzarb masalalari va xorijiy tajriba boʻyicha ilmiy, axborot-tahliliy materiallarni tayyorlaydi, qonun loyihalarini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni ishlab chiqadi, bu borada ularga koʻmaklashadi;

Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarining va qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan qonunchilik takliflarining muhokamasi yuzasidan oʻtkaziladigan majlislarda va ishchi guruhlari yigʻilishlarida ishtirok etadi, qonun loyihalarini maromiga yetkazishga koʻmaklashadi;

deputatlar uchun seminarlar va «davra suhbatlari»ni, oʻquv treninglarini, shuningdek qonunchilik, huquqni qoʻllash amaliyotining dolzarb muammolariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyalar va boshqa tadbirlarni tashkil etadi, shunday tadbirlarda, shu jumladan, xorijiy mamlakatlarda tashkil etiladigan tadbirlarda ishtirok etadi;

Qonunchilik palatasi faoliyatining joriy va istiqbolga moʻljallangan rejalarini tayyorlashda ishtirok etadi;

Qonunchilik palatasi faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan ilgʻor ilmiy-texnikaviy vositalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ishlarni tashkil etishning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

Qonunchilik palatasi qoʻmitalari, komissiyalari va fraksiyalar va deputatlar faoliyatini tizimli tahlil qilib boradi, ularning faoliyatida uchrayotgan tizimli kamchiliklarni bartaraf etish hamda ishi samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

Qonunchilik palatasiga vazirlik va idoralar faoliyatida aniqlangan muammolarni hal etishda ularga koʻmaklashish boʻyicha yangicha ish uslublarini joriy etishga, shu jumladan, aniqlangan muammolarni hal etish boʻyicha vazirlik va idoralar bilan birgalikda «yoʻl xaritalari» ishlab chiqishga koʻmaklashadi;

deputatlarning xorijiy davlatga tashriflari oldidan vazirlik va idoralar bilan birgalikda ushbu davlat bilan hamkorlik holati va muammolar boʻyicha tayyorgarlik koʻrishlariga koʻmaklashadi;

b) parlamentarizm muammolarini tadqiq etish, huquq, siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, davlat dasturlari hamda strategiyalarining maqsad va vazifalariga muvofiq parlamentarizmni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surish, oliy ta’limdan keyingi ta’limni tashkil etish sohasida:

parlamentarizmning dolzarb muammolariga bagʻishlangan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib boradi, konferensiya, seminar, «davra suhbati» va boshqa tadbirlarni tashkil etadi, ularning natijalarini Qonunchilik palatasi va deputatlarga taqdim etadi hamda eʼlon qiladi;

milliy va xorijiy qonunchilikning qiyosiy tahlili asosida parlamentarizm va parlamentning vakillik funksiyasiga oid qonun hujjatlarining sharhlarini, shuningdek mavzuli sharhlarni tayyorlaydi va nashr etadi;

huquq, siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda fundamental, amaliy va innovatsion, shu jumladan, qonun ijodkorligini rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi, ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda uning ilmiy konsepsiyalarini ishlab chiqadi;

oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabullarni tashkil etadi;

v) xorijiy parlamentlar va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatini oʻrganish natijalari asosida parlament faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish sohasida:

xorijiy davlatlarning parlamentlari bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha doimiy ravishda tadqiqotlar olib boradi;

qonunchilik, huquqni qoʻllash muammolarini va xorijiy tajribani, shuningdek xorijiy mamlakatlar parlamentlari va parlamentlararo tashkilotlar faoliyatini oʻrganish natijalari boʻyicha tayyorlangan ilmiy, axborot-tahliliy materiallarni, shu jumladan haftalik axborot-tahliliy maʼlumotnomalarni, takliflarni hamda qonun hujjatlari loyihalarini Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari, komissiyalari, fraksiyalar va deputatlari koʻrib chiqishi uchun kiritadi;

xalqaro tashkilotlar, xorijiy ilmiy-tadqiqot va oʻquv markazlari, olimlar hamda mutaxassislar bilan ilmiy va amaliy aloqalarni oʻrnatadi hamda rivojlantiradi, ular bilan hamkorlik toʻgʻrisida shartnomalar tuzadi;

Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi, MDH Parlamentlararo Assambleyasi bilan oʻzaro hamkorlikning aniq va uzoq muddatli «yoʻl xarita»larini ishlab chiqishda koʻmaklashadi;

Qonunchilik palatasiga xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro munosabatlarni rivojlantirishda parlamentning rolini yanada kuchaytirish maqsadida parlament diplomatiyasi konsepsiyasini amalga oshirish uchun zarur boʻladigan axborot-tahliliy materiallarni tayyorlaydi;

g) Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazish, ularning tartibga solish taʼsirini baholash hamda xalqaro normalar va standartlarga muvofiqligini oʻrganish sohasida:

Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalarini ilmiy ekspertizadan oʻtkazadi va uning natijalari boʻyicha xulosalar beradi;

Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilingan qonun loyihalarining tartibga solish taʼsirini baholashni, shu jumladan, xalqaro tashkilotlar, xorijiy mutaxassis va olimlarni jalb etgan holda amalga oshiradi;

Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan qonun loyihalarining xalqaro normalar va standartlarga muvofiqligini oʻrganib chiqishda ishtirok etadi;

qonun ijodkorligida ekspertlar ishtiroki samaradorligini oshirish, xususan, Qonunchilik palatasi qoʻmitalari huzuridagi ekspert guruhlari faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning ishini samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar kiritib boradi;

d) qonun ijodkorligini demokratlashtirish, uning ilmiy asoslarini takomillashtirish hamda xalqaro normalar va standartlarni qonunlarga implementatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish sohasida:

qonun ijodkorligini demokratlashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi va koʻrib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga taqdim etadi;

qonun hujjatlarini, ularning amalda roʻyobga chiqarilishini tahlil qiladi, nomuvofiqliklar, qarama-qarshiliklar, huquqiy boʻshliqlarni aniqlaydi;

qonun loyihalari va amaldagi qonunlar boʻyicha jamoatchilik orasida soʻrovlar oʻtkazadi, fuqarolarning, jamoatchilikning fikr va takliflarini oʻrganish natijalari toʻgʻrisida Qonunchilik palatasiga axborot kiritib boradi;

qonunlarning toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashini taʼminlash, qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikatsiyalash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

qonun ijodkorligini rivojlantirish boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadi, ilgʻor xalqaro tajribani hisobga olgan holda uning ilmiy konsepsiyalarini ishlab chiqadi;

ye) Qonunchilik palatasiga parlament nazorati shakllarini rivojlantirishga va vakillik funksiyalarini amalga oshirishga koʻmaklashish, Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari, komissiyalari, fraksiyalar va deputatlar tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan taʼminlash sohasida:

Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari, komissiyalari, fraksiyalar va deputatlarga nazorat-tahlil tadbirlarini tayyorlash va oʻtkazishga ilmiy-huquqiy, ekspert va axborot-maslahat jihatidan taʼminlash orqali koʻmaklashadi;

Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari, komissiyalari, fraksiyalar va deputatlariga nazorat-tahlil tadbirlari boʻyicha, shu jumladan, xorijiy tajriba bilan qiyosiy tahlillarga asoslangan axborot-tahliliy materiallar tayyorlaydi;

Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari, komissiyalari, fraksiyalar va deputatlari tomonidan amalga oshirilgan nazorat-tahlil tadbirlari natijalarini tahlil qiladi, aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;

Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari, komissiyalari, fraksiyalar va deputatlarning nazorat tadbirlari natijadorligini tahlil qilish hamda aniqlangan tizimli muammolarni bartaraf etish yuzasidan har oyda Qonunchilik palatasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga takliflar kiritib boradi;

Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlarini samarali tashkil etishga doir takliflar ishlab chiqadi va Qonunchilik palatasiga kiritib boradi;

Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari tomonidan oʻtkaziladigan nazorat-tahlil tadbirlari va deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari natijalarini tahlil qilish natijasiga koʻra davlat organlariga takliflar, tahliliy materiallarni yuborishga koʻmaklashadi;

i) rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyotini o‘rganish asosida Qonunchilik palatasi faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning huquqiy va institutsional asoslarini yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlash, bu borada yagona texnik siyosatni va strategiyalarni ishlab chiqish, qonun ijodkorligi, parlament nazorati hamda saylovchilar bilan ishlash jarayonlariga sun’iy intellekt loyihalarini tatbiq etishni ekspert va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda deputatlik korpusi va kadrlar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha ekspertlik, uslubiy va o‘quv tadbirlarini tizimli ravishda tashkil etish sohasida:

rivojlangan xorijiy davlatlar amaliyotini o‘rganish asosida Qonunchilik palatasi faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha yagona texnik siyosatni ishlab chiqadi va uni amalga oshirish choralarini ko‘radi;

Qonunchilik palatasi faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning huquqiy va institutsional asoslarini yaratish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi, sohaga oid konsepsiyalar, strategiyalar, maqsadli dasturlar va yo‘l xaritalari ishlab chiqadi hamda ularning ijrosida ishtirok etadi;

Qonunchilik palatasining axborot tizimlarini sun’iy intellekt texnologiyalari bilan integratsiya qilinishiga tayyorlaydi, modernizatsiya qiladi, zarur infratuzilma va texnologiyalarni tayyorlaydi;

qonun loyihalarini va boshqa hujjatlarni tahlil qilish, qayta ishlash va xulosa berishga yo‘naltirilgan sun’iy intellekt asosidagi dasturiy modellarni yaratadi va amaliyotga tatbiq etadi;

Qonunchilik palatasining asosiy faoliyat yo‘nalishlariga, shu jumladan qonun ijodkorligi, parlament nazorati va saylovchilar bilan ishlash jarayonlariga sun’iy intellekt loyihalarini joriy etishni ekspert va uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi, shu maqsadda tajriba (pilot) loyihalarini amalga oshiradi;

Qonunchilik palatasining deputatlari va uning Devoni xodimlari uchun sun’iy intellekt bo‘yicha o‘quv va axborot-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etadi, kadrlar salohiyatini oshirish choralarini ko‘radi, shu jumladan konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etadi;

parlamentarizm sohasida sun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha xalqaro tendensiyalar va xorijiy tajribani doimiy ravishda o‘rganib, ijobiy yutuqlarni milliy amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha takliflar beradi;

j) qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka tushuntirish boʻyicha targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirishda ishtirok etish sohasida:

qabul qilingan qonunlarning mazmunini yoritish, ularning mohiyati va ahamiyatini keng jamoatchilikka yetkazib berish boʻyicha targʻibot ishlarini amalga oshiradi;

qabul qilingan qonunlar boʻyicha konferensiya, seminar, «davra suhbatlari» va boshqa targʻibot tadbirlarini tashkil etadi hamda shunday tadbirlarda ishtirok etadi;

qabul qilingan qonunlar boʻyicha deputatlarning targʻibot va tashviqot faoliyatini tashkil etishga koʻmaklashadi, Qonunchilik palatasining bu yoʻnalishdagi faoliyatini tashkil etishning zamonaviy shakllari va usullarini joriy etish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;

z) Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqish hamda Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishining oʻrganib borish sohasida:

Qonunchilik palatasiga Oʻzbekiston Respublikasi uchun ustuvor boʻlgan xalqaro reyting va indekslar boʻyicha samaradorlikning eng muhim koʻrsatkichlariga (KPI) erishish yuzasidan axborot-tahliliy jihatdan koʻmaklashadi;

Qonunchilik palatasiga taqdim etilgan qonun loyihalarining Oʻzbekistonning xalqaro reytinglardagi oʻrnini yaxshilash boʻyicha tavsiyalarga mosligini oʻrganib chiqishda ishtirok etadi;

BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish boʻyicha tasdiqlangan indikatorlarga erishilishini monitoring qilish jarayonlarida ishtirok etadi, monitoring natijalari boʻyicha axborot-tahliliy materiallarni tayyorlaydi.

 

3-bob. Institutning huquq va majburiyatlari

 

7. Institut oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

davlat hokimiyati organlaridan, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlaridan, taʼlim va ilmiy muassasalardan, boshqa tashkilotlardan oʻz vakolatiga kiritilgan masalalarni tayyorlash uchun zarur boʻlgan hujjatlar, materiallar va maʼlumotlarni soʻrash hamda olish;

oʻz vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlar, shu jumladan, ilmiy tashkilotlar bilan hamkorlikni amalga oshirish;

taʼlim va ilmiy muassasalarning, markazlarning, huquqni qoʻllovchi organlarning elektron maʼlumotlar bazalaridan, axborot-kutubxona resurslaridan belgilangan tartibda foydalanish;

respublika ijro etuvchi hokimiyat organlaridagi huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish;

ilmiy, axborot-tahliliy materiallarni, qonunlar loyihalarini tayyorlash, tadbirlar oʻtkazish hamda Institutning vakolatiga kiruvchi boshqa vazifalarni amalga oshirish uchun olimlar, mutaxassislar orasidan ishchi guruhlar tashkil etish, shu jumladan, shartnoma asosida tashkil etish;

ilmiy tadqiqotlarga vazirlik va idoralarning mutaxassislarini, ilmiy-tadqiqot markazlarining xodimlarini, olimlarni va oliy taʼlim muassasalarining oʻqituvchilarini, shu jumladan, xorijlik mutaxassislarni jalb etish;

fuqarolarning qonun loyihalari va amaldagi qonun hujjatlari boʻyicha bildirilgan takliflari, fikr-mulohazalarini oʻrganish, yigʻish, muayyan sohadagi qonunchilikni oʻrganishda jamoatchilik orasida soʻrovlar oʻtkazish, qonunchilikni takomillashtirishda takliflar tayyorlashda ulardan foydalanish;

Qonunchilik palatasi, uning qoʻmitalari, komissiyalari va fraksiyalar majlislarida ishtirok etish;

qonun hujjatlari ijrosi va huquqni qoʻllash amaliyoti muammolarini oʻrganish masalalari boʻyicha boshqa tashkilotlar, shu jumladan, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan oʻzaro tajriba va axborot almashish;

tegishli xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan belgilangan tartibda oʻzaro tajriba va axborot almashishni amalga oshirish;

shartnoma asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish, daromad tarzida olingan mablagʻlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Institut xodimlarini moddiy ragʻbatlantirishga, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, ijtimoiy masalalarni hal etishga yoʻnaltirish;

Institut tomonidan grantlar sifatida olinadigan byudjetdan tashqari mablagʻlardan, shu jumladan, valyuta mablagʻlaridan va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan qonunda belgilangan tartibda foydalanish;

belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, davriy ilmiy-amaliy nashrlarni, shu jumladan, «Parlament tadqiqotlari axborotnomasi» davriy nashrini chiqarish.

Institut qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.

8. Institut:

oʻziga yuklangan vazifalar samarali bajarilishini taʼminlashi;

ish yuritishni tashkil etish, rasmiy hujjatlarni tuzish, ijro etish va saqlash boʻyicha belgilangan talablarga rioya qilishi;

oʻz faoliyati natijalari boʻyicha statistik hisobot va buxgalteriya hisobini yuritishi shart.

Qonun hujjatlariga muvofiq Institut zimmasida boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.

 

4-bob. Institut faoliyatini tashkil etish

 

9. Institutga Qonunchilik palatasining Kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadigan hamda lavozimidan ozod qilinadigan direktor boshchilik qiladi.

Direktor respublika ijro etuvchi hokimiyat va mahalliy davlat hokimiyati organlarida, xoʻjalik boshqaruvi organlarida, shuningdek boshqa milliy, xorijiy hamda xalqaro tashkilotlarda Institut nomidan ish koʻradi.

10. Institut direktori:

Institut xodimlari tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan buyruqlar va farmoyishlar qabul qiladi;

Institutning tarkibiy boʻlinmalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;

Institut xodimlari oʻrtasida mansab vazifalarini taqsimlaydi;

Institutning ish rejalarini, hisobotlarini va uslubiy ishlanmalarini tasdiqlaydi;

Institutning xodimlari bilan mehnat shartnomalarini tuzadi va bekor qiladi;

Institutning xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;

qonun hujjatlariga muvofiq xodimlarni ragʻbatlantirish va mukofotlash shakllarini belgilaydi, ularning lavozim maoshlariga ustamalar va qoʻshimchalar belgilaydi, xodimlarga moddiy yordam koʻrsatish boʻyicha qarorlar qabul qiladi;

Institutning aktivlarini tasarruf etadi, mol-mulkni boshqarish boʻyicha qarorlar qabul qiladi, moliyaviy, toʻlov-hisob-kitob hujjatlarini hamda boshqa hujjatlarni imzolaydi;

Institut nomidan shartnomalar va bitimlar tuzadi;

oʻz vakolatlari doirasida boshqa masalalarni hal etadi.

Institut direktori belgilangan mehnatga haq toʻlash fondidan tejab qolingan mablagʻlarni, shuningdek tasdiqlangan shtatlar jadvalida nazarda tutilgan birliklar toʻldirilmaganda boʻshab qolgan mablagʻlarni Institut xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish uchun ishlatishga haqli.

Institut direktori Institut tuzilmasiga budjetdan tashqari manbalar hisobidan qo‘shimcha shtat birliklarini kiritishi mumkin.

Institut direktori Institutning tasdiqlangan tuzilmasiga va shtatlar jadvaliga belgilangan xodimlarning cheklangan soni hamda mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirish kiritish huquqiga ega.

11. Institut direktorining oʻrinbosari Institut direktorining taqdimnomasiga binoan Qonunchilik palatasining Kengashi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Institut direktorining oʻrinbosari Institutning oʻziga topshirilgan boʻlinmalari ishini samarali tashkil etish uchun masʼul boʻladi, direktorning topshirigʻiga koʻra uning ayrim vazifalarini bajaradi hamda direktor yoʻqligida yoki u oʻz vazifalarini amalga oshirishi mumkin boʻlmagan taqdirda uning vazifasini bajarib turadi.

12. Institut direktori, Institut direktori oʻrinbosari bilan mehnat shartnomasi Qonunchilik palatasining Spikeri va tegishincha Institut direktori, Institut direktori oʻrinbosari oʻrtasida tuziladi.

13. Institut xodimlariga tegishincha Qonunchilik palatasi devonining xodimlari uchun belgilangan tibbiy taʼminot, moddiy ragʻbatlantirish va mehnatga haq toʻlash shartlari tatbiq etiladi.

Bunda Institut xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi mehnatga haq toʻlash fondining 25 foizi miqdorida belgilanadi.

Fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga (yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ega xodimlarga lavozim maoshining 30 foizigacha, fan doktori yoki fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasiga (yoxud xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga) ega xodimlarga lavozim maoshining 60 foizigacha miqdorida har oylik ustama toʻlanadi.

Institut xodimlariga mansab darajalari uchun qoʻshimcha ustamalar Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, uzoq yillik xizmati uchun qoʻshimcha haqlar Qonunchilik palatasining Kengashi tomonidan belgilangan tartibda toʻlanadi.

14. Institut xodimlariga ilgari ishlagan joyida berilgan, shu jumladan ko‘p yillik mehnati, harbiy va maxsus unvonlar (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar) uchun ustamalar va qo‘shimcha haqlar saqlanib qoladi.

Institut xodimlariga egallagan lavozimiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalari xodimlari uchun qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan maxsus unvonlar – martaba darajalari beriladi.

Bunda Institut xodimlariga martaba darajalari malaka va ish stajiga muvofiq, egallab turgan lavozimi, oldingi ish joyidagi berilgan harbiy va maxsus unvonlar (martaba va malaka darajalari, diplomatik darajalar va boshqalar), shuningdek Institutga yuklatilgan vazifalar, shu jumladan lavozim majburiyatlarini namunali va vijdonan bajarayotganligi hisobga olingan holda, maxsus malaka oshirish kurslarini o‘tamasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, Institut direktorining tavsiyanomasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan izchil tartibda beriladi.

Institut xodimlariga martaba darajalarini berish tartibi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri va Institut direktorining qo‘shma buyrug‘i bilan tasdiqlanadi.

15. Institutda mehnat faoliyati bilan bogʻliq, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarda ishlagan davr xodimlarning umumiy, mutaxassisligi boʻyicha, ilmiy-pedagogik stajiga qoʻshiladi.

Institut xodimi sifatidagi ish staji boshqa davlat organlariga, shu jumladan, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi tuzilmalarga ishga oʻtish chogʻida navbatdagi harbiy va maxsus unvonlar olish, shuningdek harbiy va maxsus unvonlar uchun ustamalar hamda uzoq muddatli xizmat uchun qoʻshimcha haqlar hisoblash uchun ish stajiga qoʻshib hisoblanadi.

16. Institutda ishlash vaqtida harbiy va maxsus unvonlar berish tegishli harbiy va maxsus unvonlar berish uchun zarur boʻlgan muddatlar oʻtgach, ilgarigi ish joyida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.

17. Institut xodimlarining huquq va majburiyatlari mehnat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga, mansab yoʻriqnomalariga, Institutda amal qiladigan nizomlarga, yoʻriqnomalarga, ichki mehnat tartibi qoidalariga, jamoa shartnomasi va mehnat shartnomalariga muvofiq belgilanadi.

 

5-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

18. Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʻlardan, davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalari doirasida ajratiladigan grantlardan, shartnoma asosida oʻtkazilgan tadqiqotlardan olinadigan tushumlardan, shuningdek xalqaro moliyaviy va boshqa tashkilotlarning, chet el hukumat tashkilotlarining grantlaridan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalardan iboratdir.

19. Institut huzurida Ilmiy-ekspert kengashi – maslahat organi tuziladi, uning tarkibiga yetuk olimlar, amaliyotchilar, tadbirkorlik subyektlarining, fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari kirishi mumkin.

Institut huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi toʻgʻrisidagi nizom Institut direktori tomonidan tasdiqlanadi.

20. Institut Qonunchilik palatasi Kengashining qarori bilan qayta tashkil etilishi va tugatilishi mumkin.

  

2-ilova Qonunchilik palatasi Kengashining 2026-yil 13-aprelda qabul qilingan 1941–V-sonli Qarori tahririda