Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish: ustuvor yo‘nalishlar belgilandi

Jahon iqtisodiyotida kechayotgan beqaror vaziyat, mamlakatlar o‘rtasida bir-biriga nisbatan qo‘llayotgan iqtisodiy sanksiyalar bilan bog‘liq xatarlar, har xil moliyaviy va boshqa cheklovlar nafaqat shu mamlakatlar, balki qo‘shni davlatlar iqtisodiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
Bunday o‘ta murakkab ayni vaziyatda, iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror o‘sish sur’atlarini ta’minlashda, avvalo, mamlakat ichki imkoniyatlaridan keng foydalanish, iqtisodiy rivojlanishga salmoqli salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan xufyona iqtisodiyotga qarshi murosasiz kurashish, ular faoliyatini qonuniylashtirish har qachongidan ham dolzarb bo‘lib qolmoqda.
Xufyona iqtisodiyot taraqqiyot yo‘limizdagi to‘siq ekanligi, tadbirkorlik va boshqa faoliyat bilan qonunlarga zid ravishda shug‘ullanish holatlari ko‘payishi ham taraqqiyot uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi, ayni haqiqat.
Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda xizmatlar, qurilish, sanoat sohalarida o‘nlab trillion so‘mlik mahsulot “soya”da qolayotganini ko‘rsatmoqda. Bu orqali yalpi ichki mahsulotga 135 trillion so‘m, budjetga 30 trillion so‘m tushum yo‘qotilmoqda. Jumladan, birgina qurilish korxonalarining 41 foizi hisobotida faqat 1 nafar ishchisini ko‘rsatgan. Vaholanki, bu korxonalar o‘tgan yilning o‘zida 4 trillion so‘mlik qurilish ishlarini bajargan. Yoki kamida 25 gektardan yeri bor 5 mingta meva-sabzavotchilik fermer xo‘jaligida 1 tadan rasmiy ishchi ro‘yxatdan o‘tgani ma’lumotlarda keltirilgan.
Prezidentimizning “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida aynan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish, xususan, davlat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilab berildi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan 14 ta organ tarqoq holda shug‘ullanib kelmoqda. Ularning faoliyatini muvofiqlashtiradigan yaxlit tizim yo‘qligi yashirin iqtisodiyot ulushini yuqoriligicha qolishiga olib kelayotir.
Mazkur hujjatda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish davlatning ustuvor vazifalaridan biri sifatida belgilanib, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyati kuchaytirilmoqda. Xususan, uning asosiy faoliyati sifatida yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda budjet mablag‘lari harakati zanjiri ustidan to‘liq nazoratni o‘rnatish belgilandi.
Shularni hisobga olib, Departament chuqur tahlil, tezkor-qidiruv, taftish va o‘zi tergov qiladigan idoraga aylanadi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi va uning vakolatlari esa to‘liq Departamentga o‘tkazilmoqda. Bu juda oqilona qaror bo‘lib, yashirin iqtisodiyotga barham berish va korrupsiyani bartaraf etishga xizmat qiladi.
Endilikda Departament va Hisob palatasi birgalikda ishlab, yashirin iqtisodiyotni jilovlash va budjet mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishi uchun javobgar bo‘ladi. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun Departament eng zamonaviy axborot tizimlari, maxsus vositalar bilan ta’minlanadi.
Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyotga sabab bo‘layotgan omillarni aniqlab, ilg‘or xorijiy tajriba asosida takliflar ishlab chiqadigan, tizim xodimlarini iqtisodiy jinoyatlarni aniqlash, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha o‘qitadigan Departament huzurida Ilmiy-tahliliy va o‘quv markazi tashkil etiladi.
Mazkur markaz muammoni ilmiy o‘rganib, unga sabab bo‘layotgan asoslarni tahlil qiladi. Tadbirkorlarga qiyinchilik tug‘dirayotgan qonunlarni o‘zgartirish takliflarini ishlab chiqishi, ya’ni tadbirkorni faqat aybdor qilib ko‘rsatmasdan, aksincha muammo ildizi qonunchilikdan yoki davlat tashkilotlarining ish uslubidan ekaniga aniqlik kiritadi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining Farmoni qonunga itoatkor, insofli tadbirkorni himoya qilish, ularga haqiqiy ko‘makchi bo‘lish hamda biznes rivojiga to‘siq bo‘luvchi korrupsion omillarga barham berishga xizmat qiladi. Zotan, asosiy maqsad ham yashirin iqtisodiyotni repressiv yo‘l bilan emas, balki ularni rag‘batlantirish mexanizmlari va amaliy ko‘mak berish orqali ko‘lamini keskin kamaytirishdir.
Abdug‘ani UMIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati





















