Respublika doirasida yashil bog‘lar barpo etiladi
Ma’lumki, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Unda beshta yo‘nalish bo‘yicha joriy yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatlari nazarda tutilmoqda.
Xususan, loyihada atrof-muhit muhofazasi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurash tadbirlariga alohida e’tibor qaratilgani diqqatga sazovor.
Nufuzli xalqaro brendlar bilan ishlab chiqarishni boshlayotgan korxonalarga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash xarajatlari Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan qoplab berish tartibining joriy qilinishi investitsion loyihalarning jozibadorligini oshirish barobarida ushbu korxonalarning atrof-muhitga ta’sirini mo‘tadillashtirishga xizmat qiladi.
Dastur loyihasida joriy yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatlarini, qalamchalarini ekish, respublika doirasida yashil bog‘lar barpo etish belgilangani ham e’tiborga molik. Chunki bugun ekilayotgan har bir nihol, ertaga katta daraxtga aylanadi. O‘nlab, yuzlab, minglab daraxtlar bir bo‘lib, biz nafas olayotgan havoni tozalaydi, oziq-ovqat manbai bo‘lgan tuproqlarni mustahkamlaydi.
Sirasini aytganda, bu yilgi Davlat dasturi loyihasi bugungi global rivojlanish va iqlim o‘zgarishlaridan kelib chiqqan holda xalqimiz va davlatimiz rahbarining takliflari asosida ishlab chiqilgan. Ayni paytda yurtdoshlarimiz Dastur loyihasi muhokamasida faol qatnashib, o‘z takliflarini bildirmoqda. Xalqimiz takliflari asosida qabul qilingan Davlat dasturi fuqarolarni uzoq yillardan beri qiynab kelayotgan masalalar, ayniqsa, ekologik muammolarni so‘zsiz ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu nuqtayi nazardan, Ekologik partiyasi fraksiyasi a’zolari Dastur loyihasini atroflicha muhokama qilish bilan birga, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bermoqda. Fraksiyamiz yig‘ilishlarida ham ushbu masala keng muhokama qilindi va loyihada qamrab olingan barcha yo‘nalishlar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Turg‘unbay XO‘JANAZAROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati





















