Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutiga qabul uchun talabgorlar bilan suhbat boʻlib oʻtdi





Bugungi kunda milliy parlamentimiz faoliyatini har tomonlama rivojlantirishga katta ahamiyat qaratilmoqda. Ayniqsa ilmiy asoslarini takomillashtirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bois, joriy yildan boshlab Parlament tadqiqotlari instituti huzurida “12.00.11 – Parlament huquqi” ixtisosligi boʻyicha oliy taʼlimdan keyingi taʼlim instituti tashkil etildi. Qisqa fursat ichida, ushbu ixtisoslikda ilmiy ish qilish istagidagi koʻplab talabgorlarning arizalari kelib tushdi. Kelib tushgan hujjatlar saralandi va suhbatga taklif etildi.
Kuni kecha yana bir guruh talabgorlarning ilmiy faoliyat olib borishiga oid koʻnikmalari yuzasidan suhbat oʻtkazildi. Talabgorlar tomonidan parlament diplomatiyasining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, parlamentda muxolifat faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash, parlament qoʻmitalarining oʻzaro hamkorligini kuchaytirishning huquqiy asoslarini takomillashtirish kabi dolzarb mavzularda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish gʻoyalari ilgari surildi.
Suhbat yakunlariga koʻra, muvaffaqiyatli oʻtgan tadqiqotchilar aniqlandi. Yurtimizning koʻzga koʻringan huquqshunos olimlari tomonidan ularga ilmiy tadqiqotni samarali, puxta amalga oshirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.





















