Parlament tadqiqotlari institutida oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutiga kirish uchun talabgorlar bilan suhbat bo‘lib o‘tdi.





So‘nggi yillarda milliy parlamentimiz faoliyatini har tomonlama rivojlantirishga katta ahamiyat berilmoqda. Uning qonunchilik bazasi mustahkamlanmoqda. Qonun ijodkorligi samaradorligi oshmoqda, ta’sirchan parlament nazorati mexanizmlari joriy etilmoqda.
Eng muhimi, parlament faoliyatidagi o‘zgarishlarda ilmiy va axborot-tahliliy faoliyatga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Zero, buyuk bobomiz imom Buxoriy ta’kidlaganlaridek, “Ilmdan o‘zga najot yo‘q va bo‘lmagay!”.
Shu bois, joriy yildan boshlab Parlament tadqiqotlari institutida 12.00.11 – Parlament huquqi ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim instituti tashkil etildi. Qisqa fursat ichida, ko‘plab talabgorlar tomonidan parlamentning ilmiy asoslarini tadqiq qilishni niyat qilgan talabgorlardan hujjatlar kelib tushdi.
Kuni kecha 26-fevral kuni talabgorlarning ilmiy faoliyat olib borishiga oid ko‘nikmalari yuzasidan suhbat o‘tkazildi. Talabgorlar parlament huquqiga doir so‘nggi konstitutsiyaviy yangilanishlar asosida kirib kelgan yangi institut qonunchilikka taklif institutining tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, qonun ijodkorligi faoliyatida prokuratura organlari ishtirokining tashkiliy-huquqiy asoslarini mustahkamlash kabi dolzarb mavzularda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish g‘oyalari ilgari surildi.
Suhbat yakunida Komissiya tomonidan ilk bor mustaqil izlanuvchilikka suhbatdan o‘tib, saralangan tadqiqotchilar aniqlandi. Ularga ilmiy tadqiqotni samarali, puxta, pishiq amalga oshirish yuzasidan tegishli taklif-tavsiyalar berildi.





















