Parlament quyi palatasi qo‘mitalari faoliyatini takomillashtirishga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi






Joriy yilning 3-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutida “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalari tomonidan qonun loyihalarini ko‘rib chiqishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” mavzusida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Amaliy seminarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Qonunchilik palatasi devoni xodimlari, Parlament tadqiqotlari instituti xodimlari, Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti olimlari ishtirok etdilar.
Bugun yurtimizda yangi tahrirdagi Konstitusiya asosida yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllanmoqda, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo o‘ziga xos mexanizmlari hayotga tatbiq qilinmoqda. Bu, o‘z navbatida, Konstitusiyadagi har bir yangi normani amaldagi qonunchilikda aks ettirishni, jamiyatimiz va davlatimiz taraqqiyotining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsadlarni Bosh qomusimizdan kelib chiqib belgilashni hamda amalga oshirishni taqozo etadi.
Shundan kelib chiqib, ayni paytda parlament quyi palatasi qo‘mitalari tomonidan qonun loyihalarini ko‘rib chiqish faoliyatini tahlil qilish, uning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalasi ham diqqat markazda bo‘lib turibdi.
Seminarda qonun loyihalarini Qonunchilik palatasining qo‘mitalari tomonidan ko‘rib chiqishda taklif etilayotgan normalarning ilmiy asoslaganligiga, tegishli ekspertizalardan, shu jumladan huquqiy ekspertizadan o‘tkazilganligiga alohida e’tibor qaratildi.
Bu borada sohadagi mavjud amaliyot hamda xalqaro tajribani o‘rganishning ahamiyati va dolzarbliligiga to‘xtalib o‘tildi.
Ishtirokchilar tomonidan “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mitalarining qonun loyihalari bo‘yicha vakolatlari: nazariy va huquqiy asoslar”, “Qonun loyihalarining ilmiy ekspertizasi: milliy va xorijiy tajriba”, “Qonun loyihalarini ko‘rib chiqishda qonunchilik tashabbusi subyektlari faoliyatining huquqiy asoslari”, “Parlament quyi palatasi qo‘mitasida qonun loyihalarini ko‘rib chiqishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari” muhokama qilindi.
Amaliy seminar yakunida deputatlar, ekspertlar va olimlar ishtirokida turkum amaliy seminarlar o‘tkazishga kelishib olindi.





















