Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti huzurida Ilmiy-ekspert kengashi tuzildi
Sir emaski, har qanday sohaning taraqqiyoti, rivojlanishi eng avvalo, uning ilmiy asoslariga bevosita bog‘liqdir. Shu bois, so‘nggi yillarda mamlakatimizda olimlarning tadqiqotlaridan unumli foydalanishga bo‘lgan e’tibor tobora oshib bormoqda.
Ana shu maqsadda, joriy yilning 26-yanvar kuni Parlament tadqiqotlari institut huzurida tashkil etilgan Ilmiy-ekspert kengashining birinchi yig‘ilishi tashkil qilindi.
Yig‘ilishda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Sharqshunoslik universiteti, Jamoat xavfsizligi universitetining professor-o‘qituvchilari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman) va Institut xodimlari ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, yangi tahrirdagi Konstitusiya mamlakatimiz hayotiga huquqiy, siyosiy, iqtisodiy ahamiyatga ega yangi institutlarni olib kirdi. Ularni hayotga samarali tatbiq etish, pishiq va puxta o‘ylangan qonun loyihalarini tayyorlash muhim ahamiyatga ega.
Ayni paytda, Institut tomonidan tayyorlangan axborot-tahliliy materiallarda olimlarning yondashuvlarini aks ettirish dolzarb vazifadir.
Dastavval Kengash a’zolariga Institutning 2023-yilda amalga oshirilgan ishlari xususida axborot berildi. Xususan, o‘tgan qisqa fursatda Institut tomonidan 87 ta axborot-tahliliy material tayyorlandi.
E’tiborlisi, Institutga OAK tomonidan tadqiqot natijalarining amaliyotga joriy etishga oid ma’lumot taqdim etish, yetakchi tashkilot sifatida dissertasiyalar muhokamasini o‘tkazish kabi vakolatlar berilganligi alohida e’tirof etildi. Qolaversa, Institutda “Parlament huquqi” ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakli tashkil etilayotganligi to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.
Yig‘ilishda Institutning 2024-yil birinchi yarim yilligi uchun Ish rejasi loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi. Aholini o‘ylantirayotgan masalalarning oqilona yechimi bo‘yicha ko‘plab takliflar ilgari surildi.
Tadbirda Ilmiy-ekspertlik kengashi a’zolari tomonidan parlament faoliyatini takomillashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan masalalar yuzasidan ilmiy yechimni ko‘rsatish zarurligi qayd etildi. Bunda xorijiy mamlakatlar tajribasini chuqur tahlil qilish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.
Qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘lgan tadbirda ilmiy xodimlar va ekspertlar tomonidan ilmiy asoslantirilgan aniq taklif va tavsiyalar bildirildi.




















