Aralash saylov tizimi – siyosiy partiyalar faolligining o‘ziga xos drayveri

Siyosiy partiyalar aholining eng faol, dunyoqarashi, maqsadi, fikrlari mushtarak bo‘lgan muayyan qismini o‘z safida birlashtirgan va umumxalq manfaatlari yo‘lida siyosiy hokimiyat uchun kurashadigan siyosiy tashkilot bo‘lgani bois fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan ajralib turadi.
Siyosiy partiyalar siyosiy jarayonlarning faol ishtirokchisi sifatida davlat organlarining shakllanishi va siyosiy qarorlarning qabul qilinishida tobora muhim omilga aylanib bormoqda. Davlat hokimiyatini erkin va oshkora, muqobillik asosida o‘tkaziladigan saylovlar orqali shakllantirish demokratiyaning oliy ko‘rinishi hisoblanadi. Saylovlar orqali inson va fuqaroning eng muhim konstitusiyaviy siyosiy huquqlaridan biri ro‘yobga chiqariladi.
Jamiyatimizda mafkuraviy xilma-xillik, ko‘pfikrlilik shakllanib borayotganligi sababli, siyosiy partiyalar o‘rtasida ham o‘ziga xos bahs-munozaralar ketmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 5 ta siyosiy partiya faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 22-avgust kuni mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvda “Har qanday siyosiy partiya zamon bilan hamnafas bo‘lib, uning o‘tkir talablariga javob bergan taqdirdagina siyosiy kuch sifatida yashay oladi”, deya ta’kidlagan edi.
Saylovlar siyosiy partiyalar uchun o‘ziga xos imtihon vazifasini o‘taydi.
Saylovlarning ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, dunyoda umume’tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o‘tishi ko‘p jihatdan siyosiy partiyalarning ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rishi hamda chuqur o‘ylangan yangi g‘oya va maqsadlar, dasturlar bilan ularda faol ishtirok etishiga bog‘liq.
Dunyoda saylovlarni o‘tkazishning bir qancha turlari mavjud. Ulardan keng tarqalganlari majoritar, proprosional va aralash saylov tizimlaridir. Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlariga saylov shu vaqtga qadar majoritar saylov tizimi asosida o‘tkazib kelingan bo‘lsa, saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgartirishlarga ko‘ra, parlamentimizning quyi palatasiga saylovlarda majoritar va proporsional saylov tizimlarni uyg‘unlashtirish asosida aralash saylov tizimidan foydalanilishi, shu bilan birgalikda mahalliy kengashlarga saylov majoritar tizimda o‘tkazilishi belgilandi.
O‘z navbatida aralash saylov tizimida siyosiy partiyalar faoliyatiga yangicha yondashuvlarni joriy qilishni taqozo etadi.
Aralash saylov tizimining huquqiy asoslari
Ma’lumki, 2023-yil 30-aprel bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Konstitusiyani qabul qildi.
Yangi tahrirdagi Konstitusiyamiz milliy davlatchilik taraqqiyotining hozirgi bosqichida jamiyat va davlatni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, Yangi O‘zbekistonning strategik maqsadlarini ro‘yobga chiqarishning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratib berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimini joriy etish belgilandi.
Ushbu farmon ijrosi yuzasidan 2023-yil 18-dekabrda O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun qabul qilindi. Ushbu qonun bilan mamlakatimizda parlament quyi palatasi saylovlari mutlaqo yangicha tizim – majoritar-praporsional saylov tamoyillarini o‘zida mujassamlashtirgan – aralash saylov tizimi asosida o‘tkazilishi belgilandi.
Ya’ni shu vaqtga qadar, saylov qonunchiligiga ko‘ra, Qonunchilik palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik nafar deputatlik korpusi saylovini o‘tkazish uchun xuddi shunday miqdorda saylov okrugi tuzilishi hamda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanishi belgilangan bo‘lsa, endilikda Qonunchilik palatasi deputatlarining 75 nafari (50 foizi) odatdagidek majoritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylanishi, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan partiya ro‘yxati bo‘yicha saylanishi belgilandi.
Ushbu o‘rinda yana bir masalaga e’tibor qaratishimiz lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 96-moddasiga ko‘ra endilikda majoritar saylov tizimi asosida saylanadigan deputatlikka nomzod bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning yarmidan ko‘pining (mutlaq ko‘pchilik) emas, balki boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq (nisbiy ko‘pchilik) ovozini olgan nomzod deputat etib saylangan deb hisoblanadi. Bu yangilik takroriy ovoz berishni o‘tkazish bilan bog‘liq ortiqcha vaqt va xarajat sarflashni oldini olishga xizmat qiladi.
Dunyo tajribasida qanday saylov tizimlari mavjud?
Dunyo tajribasida saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazishning keng tarqalgan “majoritar”, “proporsional” hamda yuqoridagi ikkita tizimning uyg‘unlashuvidan hosil bo‘lgan “aralash” saylov tizimlari mavjud.
2023-yil 19-dekabrga qadar amalda bo‘lgan saylov qonunchiligiga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga 150 nafar deputat saylov o‘tkazuvchi har bir saylov okrugidan ro‘yxatga olingan nomzodlarga ovoz berilishi orqali saylanishi belgilangan edi. Bu “majoritar” saylov tizimi asosida amalga oshiriladi. Ya’ni, ushbu tizim bo‘yicha saylovchi aniq bir nomzodga ovoz beradi. Hozirgi kunda BuyukBritaniya, AQSh, Fransiya, Kanada, Hindistonkabi 79 ta davlatlarningvakillik organlariga saylov ushbu tizim asosida o‘tkaziladi.
Mazkur saylov tizimining o‘ziga xos ustun va kamchilik jihatlari mavjud. Masalan, saylov jarayonining soddaligi va aholi uchun tushunarligi; to‘g‘ridan-to‘g‘ri vakillik, ya’ni saylovchi o‘zi munosib deb hisoblagan muayyan shaxs, nomzodga ovoz berishi; deputatlarning bevosita saylovchilar oldida hisobdor bo‘lishini ushbu tizimning ustun tomonlari sifatida ko‘rsatishimiz mumkin.
Kamchiliklari sifatida u odatda siyosiy kuch sifatida partiyalarning emas, balki muayyan hududdan ko‘rsatilgan nomzodlarning obro‘siga bog‘lanib qolishi, partiya dasturlaridan ko‘ra nomzodning o‘ziga bog‘liq xususiyatlariga e’tibor qaratilishi, nomzod olib boradigan saylovoldi tashviqoti uni ko‘rsatgan partiya dasturiga mos bo‘lmasligi, nomzodlarning umumdavlat miqyosidagi masalalar qolib, ko‘proq mahalliy masalalarga e’tibor qaratishini ko‘rsatish mumkin.
Yana bir saylov tizimi bu “proporsional” saylov tizimi bo‘lib, unda saylovchilar nomzodga emas, balki, ma’lum bir siyosiy partiya uchun ovoz berishadi.
Bu tizimda har bir partiya o‘z nomzodlari ro‘yxatini tuzadi va siyosiy partiya olgan ovozlariga mutanosib ravishda deputatlik o‘rniga ega bo‘ladi. Bu tizimni qo‘llash jamiyatda siyosiy partiyalarning rolini oshishiga, ularning saylovchilar oldida mas’uliyati yuqori bo‘lishiga, faqat saylov paytida emas, balki doimiy ravishda saylovchilar bilan faol muloqotda bo‘lishiga xizmat qiladi.
Ta’kidlash kerakki, proporsional saylov tizimi Avstriya, Italiya, Braziliya, Niderlandiya, Shvesiya, Finlyandiya, Turkiya, Isroil kabi 70 dan ortiq xorijiy davlatlarda qo‘llaniladi.
Ushbu saylov tizimining ustun tomonlari sifatida partiyalarning olgan ovozlari foizi parlamentdagi o‘rinlar soniga proporsional bo‘lishi; saylovchilar ko‘proq siyosiy platformalar orasidan tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishlari; saylov kampaniyasi xarajatlarining kamligi, ya’ni partiyalar har bir nomzod uchun emas, balki butun mamlakat miqyosida yagona kampaniya olib boradilar; siyosiy debatlarning sifati oshadi, unda muayyan nomzodlarning dasturlari emas, balki g‘oyalar va qarashlar muhokama qilinadi.
Kamchilik tomonlari sifatida saylov natijalarini aniqlashning murakkabligi; deputatlarning ma’lum bir hudud saylovchilari oldida bevosita mas’ulligini his qilmasligi; partiya rahbarlarining nomzodlar ro‘yxatini shakllantirishdagi rolini suiste’mol qilishi mumkinligi; saylovchilarda bevosita nomzodga ovoz berish imkoniyatining yo‘qligini ko‘rsatishimiz mumkin.
Yuqoridagi “majoritar” va “proporsional” saylov tizimlarining yutuqlarini uyg‘unlashtiruvchi va bir-birini to‘ldiruvchi saylov tizimi – bu “aralash” saylov tizimi hisoblanadi. Ushbu tizim Yaponiya, Germaniya, Vengriya, Yangi Zelandiya, Belgiya, Meksika, Ispaniya, Koreya Respublikasi, Ukraina, Qozog‘iston kabi 40 ga yaqin mamlakatlarda qo‘llaniladi. Aralash saylov tizimlari qo‘llanilayotgan Germaniya, Bolgariya, Gruziya, Litva, Italiya, Yangi Zellandiya kabi davlatlarda saylovchilarining 50 foizi partiyaviy ro‘yxatlarga, 50 foizi esa bir mandatli okruglarda siyosiy partiya ko‘rsatgan nomzodlarga ovoz beradilar.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksiga 2023-yilning 18-dekabrida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy Qonuni asosida kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlarida “aralash” saylov tizimi asosida o‘tkaziladi. Ya’ni, bunda parlament deputatlarning tegishli belgilangan bir qismi butun mamlakat hududini qamrab olgan bir mandatli saylov okruglarida ko‘pchilik ovozga asoslangan majoritar tizim bo‘yicha, tegishli ikkinchi qismi esa proporsional tizim bo‘yicha saylanadi.
Ya’ni, ushbu tizim bo‘yicha Qonunchilik palatasi deputatlarining yarmi hozirgi tartib bo‘yicha saylansa, qolgan yarmi siyosiy partiyalarning ro‘yxatlari asosida saylanadi. Soddaroq qilib aytganda, odamlar 75 ta o‘rin bo‘yicha aniq bir nomzodni saylasa, qolgan 75 tasi bo‘yicha siyosiy partiyaga ovoz beradi.
“Aralash” saylov tizimi ham hududiy, ham partiyaviy manfaatlarni ifodalashi bilan muvozanatlashgan vakillikni ta’minlashga xizmat qiladi; ham partiyalarga ham nomzodlarga ovoz berish imkoniyati tufayli, saylovchilar uchun kengroq tanlov imkoni bo‘ladi.
Aralash saylov tizimi siyosiy partiyalar faoliyatida yangicha yondashuvlarni taqozo etadi.
Aralash saylov tizimida muvaffaqiyatga erishish uchun partiyalar moslashuvchan, ko‘p qirrali va strategik yondashuvni qo‘llashlari kerak. Bu tizim partiyalarni ham mahalliy, ham milliy darajada faol bo‘lishga undaydi va ularning siyosiy mahoratini sinovdan o‘tkazadi.
Endilikda siyosiy partiyalar avvalgi saylovlardan farqli ravishda ikki yo‘nalishda, ya’ni alohida nomzodlar uchun ham, umumpariyaviy ro‘yxat uchun ham strategiyalarni shakllantirishlari lozim bo‘ladi. Siyosiy partiyalar saylov jarayonlarida shu vaqtga qadar muayyan nomzodlarning aholi orasida mashhurligi, ularning individual xususiyatlariga ko‘proq e’tibor qaratgan bo‘lsa, endilikda saylovoldi dasturi, siyosiy platformasini puxta va aholi uchun tushunarli qilib ishlab chiqishiga, yangi-yangi g‘oyalarni o‘rtaga tashlashiga, targ‘ibot va tashviqotning zamonaviy usullaridan foydalanishiga, jamiyat va davlat hayotidagi muhim masalalarni hal qilish bo‘yicha pozisiyasini aniq bayon etishiga to‘g‘ri keladi.
Aralash saylov tizimida siyosiy partiyalar o‘zlarining siyosiy maqsadlarini aniq belgilab olishlari kerak bo‘ladi. Bunda partiya mafkurasi va dasturlarini ishlab chiqishda aniq strategiyalarni belgilash, aholini o‘zining dasturiga ishontirish, jamiyatdagi muammolar yechimiga oid muqobil takliflarini ilgari surishga jiddiy e’tibor qaratishlari kerak.
Siyosiy partiyalar o‘zlari tayanadigan ijtimoiy guruhlar manfaatlarini saralash va ularning muhimligiga qarab dasturlarida ifoda etishlari kerak hamda aynan partiya ushbu masalalarni hal qilish davlat organlari qarorlariga ta’sir ko‘rsata olishlarini namoyon qilishlari muhim.
Siyosiy partiyalar fuqarolarni safarbar qilish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratishlari kerak bo‘ladi, ya’ni partiyalar o‘z faoliyatining uzoq muddatli ijtimoiy va g‘oyaviy-psixologik asosini yaratishlari, ommaviy axborot vositalaridan foydalangan holda tegishli ijtimoiy fikrni shakllantirishga urg‘u berishlari lozim bo‘ladi.
Siyosiy partiyalar jamiyat va davlat hayoti uchun muhim bo‘lgan muqobil siyosiy rivojlanish strategiyalarini ishlab chiqishlari va aholiga taqdim etishlari ularni muhim siyosiy kuch sifatida namoyon qiladi. Partiyalarning mafkuraviy faoliyati, konsepsiyalar ishlab chiqishdan tashqari, ana shu dasturiy hujjatlarni va ularning maqsadlariga mos keluvchi boshqa g‘oyalarni keng tarqatish va targ‘ib etishga qaratilishi kerak.
Saylov tizimidagi o‘zgarishlar partiyalarning tashkilotchilik funksiyasini muayyan kadrlar siyosatida, ya’ni partiyaning o‘zida, boshqa davlat va jamoat tashkilotlarida kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yishdan iborat faoliyatda ham jonlantirishni taqozo etadi. Bunda partiya a’zolarining birligi va hamjihatligini ta’minlash, partiya a’zolari va tarafdorlarini o‘zaro yaqinlashtiruvchi qadriyatlar va me’yorlarni ishlab chiqish, rahbarlikni amalga oshirish va partiya faoliyatini boshqarishga qaratilgan partiya ichki faoliyati juda muhimdir.
Umuman olganda, saylov tizimidagi yangi voqyelik siyosiy partiyalar faoliyatining muhim yo‘nalishlari sifatida quyidagilarga e’tibor qaratishni taqozo etadi:
partiya o‘z saylovchilari bo‘lgan tegishli ijtimoiy guruhlarning manfaatlarini aniqlash, bayon qilish va asoslash, ularni faollashtirish va integrasiyalash;
aholi uchun tushunarli va dolzarb bo‘lgan siyosiy doktrinalar va dasturlar yaratish;
jamiyatni yoxud uning bir qismini siyosiy jihatdan tarbiyalash, ijtimoiy fikrni shakllantirish;
partiya ichidagi tashkiliy faoliyatni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish.
Aralash saylov tizimi partiyalarning saylovoldi tashviqotini ham qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltiradi.
Partiyalar saylovoldi tashviqotida avvalo, qonuniylikka rioya etishlari, aniq va tushunarli, real amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan va’dalar berishlari, saylovchilarning ehtiyoj va manfatlarini hisobga olgan holda maqsadli auditoriyaga moslashtirilgan targ‘ibot materiallari tayyorlashlari, targ‘ibot olib borishda turli aloqa kanallaridan keng foydalanishlari, media hamjamiyat bilan ishlashga professional darajada yondashishlari, raqiblarni tanqid qilishga berilib ketishdan ko‘ra, o‘z saylovoldi dasturlarining afzalliklariga urg‘u berishlari (faqat raqibini tanqid qilishga qaratilgan kampaniyalar saylovchilarda saylovlarga nisbatan ishonchsizlik, befarqlikni shakllantirishga sabab bo‘ladi), faol tarafdorlar va ko‘ngillilarni safarbar etish, tashviqotda zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga e’tibor qaratishlari ularning saylovlarda ovoz olishlarining muhim kafolati hisoblanadi.
Shu bilan birgalikda, siyosiy partiyalar rahbarlarining xarizmasi, o‘z dasturlarini aniq bayon eta olishi, ularning aholi o‘rtasidagi obro‘si ham muhim bo‘lib, partiyalar ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratishlari, siyosiy texnologlar, imidjmeykerlar xizmatlaridan samarali foydalanishlari kerak.
Aralash saylov tizimida partiyalararo raqobatga ham e’tibor kuchayadi. Partiyaviy munosabatlariga ta’sir etuvchi tizimli shart-sharoitlar va ma’lum bir ijtimoiy makondagi barcha partiyalarga teng ta’sir ko‘rsatadigan partiyalararo raqobat siyosiy tizimining muhim elementidir. Partiyalararo raqobat siyosiy tizimning sog‘lom ishlashini ta’minlaydi va jamiyat rivojiga xizmat qiladi.
Dunyoda olib borilgan ko‘plab ilmiy tadqiqotlar natijalari ko‘ra partiyalararo raqobat jamiyatdagi partiyaviy tizimga bog‘liq. Bir partiyali tizimlarda o‘z-o‘zidan partiyaviy raqobat mavjud bo‘lmaydi. Ikki partiyali tizimlarda partiyalararo raqobatning afzalligi sifatida hukmron partiya paydo bo‘lishining oldini olishga, hokimiyat almashinuvidagi takroriylik sikliga, siyosiy tizim barqarorligiga sabab bo‘lishi ko‘rsatilgan. Salbiy tomoni ikki partiyali tizimda partiyalararo raqobat jamiyatning ma’lum bir g‘oya bo‘yicha o‘ta “qutblashishiga” olib kelishi, siyosiy dinamizm yo‘qolishiga, yangi g‘oyalarni olib chiqayotgan partiyalarning hokimiyatga kelishiga to‘sqinlik qilishiga olib kelishi mumkin.
Raqobat bir nechta ishtirokchilar o‘rtasida sodir bo‘ladigan ko‘p partiyaviy tizimlar, jumladan mamlakatimizda siyosiy partiyalarning turli manfaatlarni ochiqroq ifodalashiga imkoniyat yuqori bo‘ladi. Shu bilan birga, bunday tizimlarda, qoida tariqasida, partiyalarning hyech biri parlamentda mutlaq ko‘pchilikni qo‘lga kirita olmaydi, bu esa parlamentda jamiyatning turli qatlamlari manfaatlarini ifodalashda ijobiy ahamiyat kasb etadi.
Partiyalararo siyosiy raqobatning tabiati shuningdek, ma’lum bir jamiyatda qanday vakillik tizimi – majoritar yoki proporsional ravishda shakllanganligi bilan ham belgilanadi. Ushbu ikkala tizimning afzalliklarini o‘zida uyg‘unlashtirgan aralash saylov tizimi partiyalararo raqobatda ham eng yaxshi tomonlarni olish imkonini beradi.
O‘zbekistonda aralash saylov tizimini joriy qilish majoritar va proporsional saylov tizimlari yutuqlarini saqlab qolish hamda quyidagi ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi:
saylovchilarga saylovoldi platformasi va dasturi mos kelgan siyosiy partiyani yoqlab ovoz berish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu esa siyosiy partiyalarlarning saylovchilar bilan ishlashini samarali tashkil etishiga xizmat qiladi, ular oldidagi mas’uliyat va hisobdorlikni kuchaytiradi;
siyosiy partiyalarning Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘proq deputatlik o‘rnini egallash imkoniyatlari kengayadi. Bu, o‘z navbatida, jamiyatda tom ma’nodagi ko‘ppartiyaviylikning va plyuralizmning shakllanishiga asos sifatida xizmat qiladi;
saylovchi yoqlab ovoz bergan nomzod saylanmagan taqdirda, uning partiyani yoqlab bergan ovozi ma’lum bir partiyaning deputatlik o‘rniga ega bo‘lish uchun inobatga olinadi;
siyosiy partiyalar bir mandatli saylov okruglarida majoritar saylov tizimi bo‘yicha muvaffaqiyatga erisha olmay qolgan taqdirda, proporsional saylovlar bilan buning o‘rnini to‘ldirib olishlari mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, aralash saylov tizimi fuqarolarning siyosiy huquqlarini kafolatlaydi va demokratik islohotlarni ilgari surishda muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qiladi. Bu jarayonlar nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy barqarorlikni ham ta’minlashda katta ahamiyatga ega, balki O‘zbekiston saylov tizimini jahon standartlariga moslashishiga, ilg‘or xorijiy tajribani kirib kelishiga, fuqarolarning saylov huquqlari to‘liq ta’minlanishiga, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli yanada ortishiga, ular o‘rtasida saylovchilar uchun raqobat shakllanishiga xizmat qiladi.
Toshpulatov Akrom Ikromovich
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori





















