EKOLOGIK DIPLOMATIYA Samarqand yana global muammoga xalqaro yechim topish markaziga aylandi

Bugungi global rivojlanish va iqlim o‘zgarishlari davrida dunyo miqyosida biologik xilma-xillik, ya’ni o‘simlik va hayvonot dunyosi, tabiiy landshaftlar jadal sur’atlarda qisqaryapti. Boz ustiga, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi hayvon turlari nobud bo‘lib, genofondi yo‘qolib bormoqda.
Bu – nafaqat bugunimiz, balki insoniyat kelajagi uchun ham juda yomon holat. Boisi, o‘simlik va hayvonot dunyosi boyliklari inson hayotining asosidir. Shuning uchun ham genetik resurslar, turlar va ekotizimlarni muhofaza qilish va saqlash biologik resurslardan barqaror foydalanishni ta’minlash uchun shoshilinch va hal qiluvchi harakatlarni talab qiladi.
Shu bois, mamlakatimizda sohaning tashkiliy-huquqiy asoslari, moliyaviy manbalari yaratildi. Sohaga oid ko‘plab qonun va qonunosti hujjatlar qabul qilinib, o‘simlik, hayvonot dunyosi, o‘rmon va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar sohalaridagi munosabatlarni huquqiy tartibga soluvchi amaldagi qonunlar yangi tahrirda qabul qilindi.
Mamlakatda 2030-yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish hamda 10 yilga mo‘ljallangan biologik xilma-xillikni saqlash strategiyalari samarali amalga oshirilmoqda. Biologik xilma-xillikni saqlab qolish aynan muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda to‘laqonli amalga oshirilishini hisobga olgan holda, bugun ular maydoni mamlakat umumiy maydonining 14 foiziga yetkazildi. Vaholanki, ushbu ko‘rsatkich 5 yil oldin 5,2 foizni tashkil etardi.
Hozirgi kunda O‘zbekiston xalqaro huquqning teng ishtirokchisi sifatida biologik xilma-xillikni asrash yo‘nalishida bir qator xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilgan. “Biologik xilma-xillik to‘g‘risida”gi, “Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlari bilan xalqaro savdo qilish to‘g‘risida”gi, “Suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoq yerlar to‘g‘risida”gi konvensiyalar shular jumlasidan.
Ko‘hna va navqiron Samarqand shahrida shu yil 12-17-fevral kunlari bo‘lib o‘tgan BMTning Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasi Tomonlar konferensiyasining 14-yig‘ilishi ko‘chib yuradigan yovvoyi hayvonlarni saqlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Yovvoyi hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiya BMTning Atrof muhit bo‘yicha dasturi doirasida tuzilgan xalqaro hujjat bo‘lib, yovvoyi tabiat va hayvonlarning yashash joylarini global miqyosda muhofaza qilishga qaratilgan. Konvensiya ko‘chib yuruvchi hayvonlar o‘tadigan oraliq davlatlarni birlashtiradi va migratsiya oralig‘ida xalqaro miqyosda kelishilgan tabiatni muhofaza qilish choralari uchun huquqiy asos yaratadi.
1979-yilda Bonnda (Germaniya) imzolangan va 1983-yilda kuchga kirgan mazkur konvensiyaga bugungi kunda 133 mamlakat a’zo. O‘zbekiston 1998-yildan ushbu xalqaro hujjatning teng huquqli a’zosi hisoblanadi.
COP14 — bu Konvensiyaning yuqori darajadagi xalqaro konferensiyasi bo‘lib, unda turli mamlakatlar hukumatlari, olimlar va manfaatdor tomonlar ko‘chib yuruvchi turlar va ularning yashash joylarini saqlash strategiyasini kelishib olish uchun birlashadi.
BMTning ushbu nufuzli tadbiri MDH davlatlarida o‘tkazilmagan va uning Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda o‘tkazilishi tarixiy ahamiyatga ega.
COP14 logotipida Markaziy Osiyo yodgorliklarining mashhur zangori plitalarini eslatuvchi naqsh bilan bezatilgan qanotli qor qoploni tasvirlangani barchamizga faxr va g‘urur baxsh etadi. Tadbir logotipi ko‘chib yuruvchi turlar siyosiy chegaralarga bo‘ysunmasligini va ularning omon qolishi xalqaro hamkorlik va transchegaraviy harakatlarga bog‘liqligini eslatadi.
Ushbu nufuzli tadbirning aynan Samarqand shahrida o‘tkazilishida ham ramziy ma’no bor. Chunki Samarqand – yer yuzining sayqali, Sharq gavhari, allomalarga beshik bo‘lgan zamin. Bu azim shahar ming yillar davomida Sharq va G‘arbni tutashtirib, jahon sivilizatsiyalarini bir-biriga yaqinlashtirib, dunyo madaniyatlarini boyitib kelgan.
Shuningdek, jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri, bebaho me’morchilik durdonasi hisoblangan ko‘hna ushbu qadimiy va betakror shahar qator dolzarb muammolar bo‘yicha muloqotlarning global markaziga aylanib bormoqda.
Samarqand xalqaro uchrashuvida migratsion hayvon turlarining yashash joylarini saqlash va tiklash masalalari, shuningdek, haddan tashqari ekspluatatsiya, yashash joylarining yo‘qolishi, ifloslanishi va iqlim o‘zgarishlarining turlarga tahdidlari muhokama qilindi.
Hayvonlarning ko‘chib yuruvchi turlari sayyoramiz ekotizimlarining ajralmas qismi hisoblanadi. Afsuski, hozirgi kunda ular iqlim o‘zgarishi, yashash joylarining yaroqsiz holga kelishi, noqonuniy ov va savdo kabi jiddiy tahdidlar bilan to‘qnash kelmoqda. Natijada hayvonlarning genetik resurslari qisqarmoqda, ularning nodir va noyob turlari, tabiiy uyg‘unlik va ekotizimlar yo‘qolib boryapti.
Tadqiqotlarga ko‘ra, Yer yuzidan so‘nggi 50 yilda ularning 100 dan ortiq turlari, Markaziy Osiyoda esa 26 turdagi qushlar, 12 turdagi sut emizuvchilar, jumladan, Turon yo‘lbarsi, Osiyo qoploni va boshqa endemik turlar butunlay yo‘q bo‘lib ketdi.
Bunga esa jimgina qarab turib bo‘lmaydi. Xo‘sh, bu borada nima qilmoq kerak? Buning uchun, eng avvalo, bioxilma-xillikni kelajak avlodlar va barqaror rivojlanish uchun saqlash, inson hayotining tabiat bilan uyg‘unligini ta’minlash lozim bo‘ladi. Buni yolg‘iz bir mamlakatning o‘zi hal qilishi qiyin, albatta. Shunday ekan, ushbu masalaga butun xalqaro hamjamiyat sa’y-harakatlarini birlashtirish ayni muddaodir.
Shu jihatdan, yurtimizda ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlarini saqlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Eng avvalo, sohaning huquqiy bazasi takomillashtirilib, yangi qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. Davlat boshqaruv organlari, biznes va fuqarolik jamiyatlarining ijtimoiy mas’uliyatini oshirishni qamrab olgan institutsional tizim mustahkamlanmoqda.
Bu jarayonda yovvoyi hayvonlarni parvarish qilish uchun yangi pitomniklar tashkil etilgani ham o‘z samarasini berayotir. Shuningdek, noyob qush turlari va sut emizuvchilarni o‘z yashash makonlarida ko‘payishini qayta tiklash bo‘yicha dasturlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, Orol dengizining qurigan tubida 2 million gektar maydonda o‘rmonlar yaratilayotgani o‘simliklar xilma-xilligini va hayvonot dunyosini qayta tiklash imkonini beryapti.
Tabiat chegara bilmaydi. Ayniqsa, ko‘chib yuruvchi yovvoyi hayvonlar turlari uchun siyosiy chegaralar begona. Demak, ularni asrab-avaylash, bu turdagi hayvonlarning omon qolishi, biologik xilma-xillikni saqlashda xalqaro hamkorlik va transchegaraviy sa’y-harakatlar muhim ahamiyatga ega.
Ishonchim komilki, mamlakatimizda biologik xilma-xillikni asrashga qaratilgan ezgu amallar, xususan bunday nufuzli anjumanlar atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini chuqur qaror toptirish, eng muhimi, Samarqandning ekologik diplomatiyaning ta’sirli markazlaridan biri sifatida maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Islom XUSHVAQTOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati






















