“Deputatlar ish faoliyatini tashkil etish: O‘zbekiston va Germaniya tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi




Joriy yilning 21-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlar instituti va Konrad Adenauer nomidagi fondning mintaqaviy vakolatxonasi hamkorligida “Deputatlar ish faoliyatini tashkil etish: O‘zbekiston va Germaniya tajribasi” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Davra suhbatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Konrad Adenauer nomidagi fondining mintaqaviy vakolatxonasi vakillari va Parlament tadqiqotlari instituti, Qonunchilik palatasi devoni xodimlari, xodimlari ishtirok etdi.
Parlamentarizm eng dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etish, zamonaviy tahdid va xavf xatarlarning oldini olishda muhim davlat hokimiyati institutidir. Shu bois, taraqqiyot yo‘lini ko‘zlagan har bir mamlakat parlament faoliyatini rivojlantirishga katta e’tibor beradi. Bugun mamlakatimiz parlamentida qonun ijodkorligi, parlament nazorat faoliyati, xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarida prinsipial yangilanishlar yuz bermoqda. Shu bilan birgalikda, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish asosida parlament faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Parlament tadqiqotlari instituti va Konrad Adenauer nomidagi fondning mintaqaviy vakolatxonasi tomonidan tashkil qilingan davra suhbatida O‘zbekiston va Germaniya parlamentlarida deputatlar faoliyatini tashkil qilish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, fond rahbari Andre Algermissen Germaniya parlamenti, ya’ni Bundestag deputatlarining ish faoliyati, parlament qo‘mitalarida ishni tashkil qilish va qonun ijodkorligi jarayonlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi. Deputatlarning saylovchilar bilan muloqoti, qonun tashabbuskorligi va har kunlik ishi qay tartibda tashkil etilishi yuzasidan to‘xtalib o‘tdi.
Tadbirda shuningdek, O‘zbekistonda Davlat byudjetini qabul qilish va ijrosini nazorat qilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining o‘rni yuzasidan Davlat byudjeti boshqarmasi boshlig‘i ma’ruza qildi.
Tadbir davomida deputatlar Bundestag faoliyati yuzasidan o‘zini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Davra suhbatida ikkala mamlakatlar parlamentlari faoliyatida umumiy o‘xshashliklar mavjudligi va o‘zaro hamkorlik parlamentlar faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar bu kabi davra suhbatlarini doimiy tashkil etishga va hamkorlik aloqalarini kengaytirish haqida kelishib olishdi.





















