Koreya Respublikasi Hankuk universitetining Yevroosiyo bo‘yicha tadqiqotlar markazi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi




Uchrashuvda Yevroosiyo bo‘yicha tadqiqotlar markazi rahbari va ilmiy tadqiqotchilari hamda Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari va Parlament tadqiqotlari instituti vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda avval, delegasiya a’zolariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi faoliyati va qonun qabul qilish jarayoni haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, joriy yilda mamlakatimizda parlament saylovlari bo‘lishi va yangi aralash saylov tizimiga o‘tilayotganligi haqida to‘xtalib o‘tildi. Delegatsiya vakillari Oliy Majlis Qonunchilik palatasida uchrashuv tashkil etilganligidan mamnunligini bildirib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va bu boradagi yangi istiqbolli rejalarni o‘rganish ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘lishini ta’kidlab o‘tishdi.
Uchrashuvda ilmiy tadqiqot muassasalarining parlament faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish, bu borada Koreya bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar bu kabi yuzma-yuz uchrashuvlarni doimiy tashkil etishga va hamkorlik aloqalarini kengaytirish istiqbollarini tizimli tadqiq etib borishga kelishib oldi.





















