Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar








2024-yil 30-aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Senat va Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi: amalga oshirilgan ishlar va ustuvor vazifalar” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri, siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlari, deputatlar, Konstitutsiyaviy sud sudyalari, Parlament tadqiqotlari instituti, ilmiy-tadqiqot muassasalar xodimlari, olimlar, professor-o‘qituvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiyada ta’kidlanganidek, bundan roppa-rosa bir yil oldin, ya’ni 2023-yil 30-aprel kuni mamlakatimizda o‘tkazilgan referendumda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingandi. Mazkur muhim siyosiy jarayonda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Bosh qomusimizni yoqlab ovoz bergani unda xalqimizning Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha orzu-umidlari va intilishlari o‘z aksini topganini ifoda etadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bevosita xalq tomonidan qabul qilinib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga kiritilgan birinchi hujjat bo‘ldi. Buning eng ahamiyatli tomoni, barchaning ovozi bir xil maqomga va kuchga ega ekanligidadir.
Bosh qomusimiz qabul qilingan ilk kunlardanoq, uni hayotga izchil tatbiq etishga jiddiy kirishildi. Dastlab, Prezidentimiz Farmoni asosida Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha Davlat komissiyasi tashkil etildi. 5 ta ekspertlik kengashlari tuzildi.
Oliy Majlis palatalari tomonidan 38 ta banddan iborat Konstitutsiya mohiyatini tushuntirish bo‘yicha kompleks dastur qabul qilindi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 2 500 dan ortiq xodimlari yangilangan Konstitutsiya talablari asosida o‘qitildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya 377 ming nusxada (o‘zbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida) chop etilib, 99 ta vazirlik va idoralar, ularning tizim va hududiy tashkilotlariga bepul tarqatildi. “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi” yagona milliy portali “konstitutsiya.gov.uz” va uning mobil ilovasi ishga tushirildi.
Parlament, sud va ijro hokimiyati, joylarda hokimlar va xalq deputatlari Kengashlari yangicha konstitutsiyaviy sharoitda ish boshladi. Umuman, barcha davlat organlari Bosh qomusimizning har bir qoidasini to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishiga mas’ulligi, natijadorlik esa – bosh mezon etib belgilandi.
Oliy Majlis tomonidan 100 ga yaqin qonunlarni Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish bo‘yicha dastur tasdiqlandi. Sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bir xilda qo‘llash bo‘yicha Oliy sud Plenumi qarori qabul qilindi. Birgina, o‘tgan bir yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan Konstitutsiyani to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab, chiqarilgan sud qarorlari 749 tani tashkil etgan.
Konferensiyada qayd etilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlat, deb e’lon qilindi. Ijtimoiy davlat, deganda, avvalo, o‘z fuqarolariga muayyan minimal farovonlikni kafolatlaydigan davlat tushuniladi. Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi – har bir fuqaroga g‘amxo‘rlik qilish, inklyuziv rivojlanish, aholining barcha qatlami uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashdan iborat.
Shulardan kelib chiqib, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalari qariyb uch baravarga ortdi. Jumladan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonga munosib yashashini ta’minlashni hisobga olgan holda belgilanishi, fuqarolarning tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan olishga haqliligi va boshqalar belgilandi. Ijtimoiy davlatga xos bo‘lgan barcha elementlar Konstitutsiyamizda aks ettirildi.
Tadbirda qayd etilganidek, o‘tgan davrda milliy qonunchilik bazasini tashkil etuvchi 30 mingdan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazildi. Huquqiy ta’sir choralarini mutanosiblik prinsipiga moslashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi ko‘zda tutildi.
O‘zbekistonning demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlatni rivojlantirish konsepsiyalari loyihalari tayyorlandi. Prinsipial ahamiyatga ega 50 ga yaqin muhim normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Parlamentning demokratik qiyofasi tubdan o‘zgardi. Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari kengaydi. Parlament nazoratini amalga oshirishning huquqiy asoslari, qonunchilik takliflarini ilgari surish tartibi, qonunlarni qabul qilish jarayoni takomillashdi. Siyosiy partiya fraksiyalari rahbarlarining maqomi oshdi. Oliy Majlis palatalari va mahalliy Kengashlar deputatlari korpusini shakllantirishning yangi tartibi ishlab chiqildi.
Tadbirda Konstitutsiyani izchil amalga oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Uning mazmuni har davlat xizmatchisining kundalik faoliyatida, insonlar hayotida aniq aks etishi zarurligi qayd etildi. Mazkur jarayonda fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini kengaytirishga kelishib olindi.
Qizg‘in bahs-munozaralar maydoniga aylangan muhokamalarda ishtirokchilar tomonidan aniq taklif hamda tavsiyalar bildirildi.





















