Parlament tadqiqotlari instituti xodimi Qozog‘iston Parlamentarizm institutida tashkil etilgan xalqaro davra suhbatida ishtirok etdi

2026-yil 2-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Dmitriy Raxmanov Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Ishlar boshqarmasi huzuridagi Parlamentarizm instituti tomonidan tashkil etilgan «Qozog‘istonning yangi Konstitutsiyasi: jamoat muloqoti va rivojlanishning huquqiy yo‘nalishlari» mavzusidagi xalqaro davra suhbatida onlayn formatda ishtirok etdi.
Xalqaro tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, davlat organlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek Rossiya va O‘zbekistondan yetakchi olimlar va ekspertlar ishtirok etdilar. Muhokamalar davomida konstitutsiyaviy islohotlarning huquqiy asoslari, parlament institutlarini rivojlantirish, inson huquqlarini ta’minlash, jamoat muloqoti hamda zamonaviy konstitutsionalizmning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
D.Rahmanov «O‘zbekiston Respublikasida parlamentarizm sohasidagi konstitutsiyaviy islohotlar» mavzusida ma’ruza qildi. Unda 2023-yilda qabul qilingan Konstitutsiyaning yangi tahriri mamlakat parlamentarizmini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘lgani, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar parlament palatalari vakolatlarini aniqroq taqsimlash, parlament nazoratini takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonini rivojlantirish hamda vakillik funksiyasini kuchaytirish uchun huquqiy asos yaratgani ta’kidlandi.
Ma’ruzada, shuningdek, Konstitutsiya qabul qilinganidan keyin amalga oshirilgan aralash saylov tizimiga o‘tish, siyosiy partiyalar fraksiyalarining roli va mustaqilligini mustahkamlash, parlament muxolifati institutini shakllantirish, deputatlarning hududlardagi faoliyatini yanada kuchaytirish hamda Qonunchilik palatasi faoliyatini tashkil etishning yangi yondashuvlari haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston tajribasi konstitutsiyaviy islohotlarning samaradorligi nafaqat Konstitutsiya normalarini qabul qilish, balki ularning qonunchilik, parlament amaliyoti va davlat boshqaruvi tizimida izchil amalga oshirilishi bilan belgilanishini ko‘rsatadi. Shu nuqtayi nazardan, konstitutsiyaviy o‘zgarishlar parlamentarizmni yanada takomillashtirish, parlament nazorati va qonun ijodkorligi sifatini oshirish, shuningdek davlat organlari faoliyatida «inson – jamiyat – davlat» tamoyilini qaror toptirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Xalqaro davra suhbati konstitutsiyaviy rivojlanish, parlamentarizm va huquqiy davlat qurilishi sohasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ilmiy-ekspert hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.























