Davlat boshqaruvida yangi sifat, jamiyat hayotida yangi mazmun

So‘nggi yillarda mamlakatimizdagi islohotlar jarayonini tahlil qilar ekanmiz, bitta muhim xulosa o‘z-o‘zidan namoyon bo‘ladi: taraqqiyot endi alohida sohaviy qarorlar yoki qisman o‘zgarishlar emas, balki yaxlit, o‘zaro bog‘liq va natijaga yo‘naltirilgan davlat siyosati mantig‘i asosida shakllanmoqda.
Shu ma’noda, Prezidentimizning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni mazkur jarayonning navbatdagi, sifat jihatdan yangi bosqichini ifodalaydi.
Hujjat mazmunini chuqur tahlil qilar ekanmiz, uni oddiy reja yoki chora-tadbirlar majmuasi sifatida qabul qilish mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lar edi. Gap, avvalo, davlat boshqaruvi falsafasidagi o‘zgarish — “hujjat ishlab chiqish”dan “real natijaga erishish” tamoyiliga tizimli o‘tish haqida bormoqda. Bunday yondashuv esa davlatning jamiyat oldidagi mas’uliyati, ijro intizomi va hisobdorlik madaniyatini mutlaqo yangi pog‘onaga olib chiqadi.
2026 yilga mo‘ljallangan islohotlar dasturlari Prezidentimizning xalqimiz va parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan g‘oyalar bilan chambarchas bog‘liq. Bu yerda muhim jihat shundaki, Murojaatnoma siyosiy irodaning ifodasi sifatida qolib ketmayapti, balki aniq mexanizmlar, mas’ul ijrochilar, moliyaviy manbalar va o‘lchanadigan natijalar bilan mustahkamlanmoqda. Davlat siyosatidagi bunday uzluksizlik parlament nazorati va huquqiy tahlil nuqtayi nazaridan ham alohida ahamiyatga ega. Bu yerda strategik maqsadlar bilan kundalik davlat boshqaruvi o‘rtasida uzilish yo‘q, aksincha, ular o‘zaro bir-birini to‘ldirib, yagona mantiqiy zanjirni tashkil etmoqda.
2026 yildagi islohotlarda iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish masalasi markaziy o‘rin egallaydi. Bu yerda asosiy e’tibor faqat ishlab chiqarish hajmini oshirish emas, balki qo‘shilgan qiymat, mehnat unumdorligi va raqobatbardoshlikka qaratilayotgani alohida qayd etilishi lozim. Bugungi global raqobat sharoitida arzon ishchi kuchi yoki xomashyo resurslariga tayanish modeli o‘z imkoniyatlarini deyarli tugatdi.
Texnologik o‘sish deganda faqat zamonaviy uskunalar yoki raqamlashtirish emas, balki butun ishlab chiqarish zanjirini qayta ko‘rib chiqish, qo‘shilgan qiymatni oshirish, ilmiy ishlanmalarni iqtisodiyotga joriy etish nazarda tutiladi. Bu jarayonda biznes-inkubatorlar, innovatsion klasterlar va startap ekotizimini rivojlantirish alohida ahamiyat kasb etadi.
Ichki bozorda talabni rag‘batlantirishga qaratilgan choralar esa iqtisodiy o‘sishni aholi daromadi bilan bog‘lash imkonini beradi. Ipoteka, elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish nafaqat iqtisodiy faollikni oshirish, balki ekologik va ijtimoiy maqsadlarga ham xizmat qiladi.
Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish kabi tashabbuslar iqtisodiy o‘sishning oddiy raqamlardan odamlar hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan omilga aylanishini ta’minlaydi. Bunday yondashuv ijtimoiy adolat va iqtisodiy samaradorlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlashda g‘oyat muhim.
2026-yil islohotlarida mehnat bozoriga yondashuv sifat jihatidan o‘zgarmoqda. Endi gap faqat ish o‘rinlari ochish haqida emas, balki ularning mehnat bozoridagi real talabga mosligi, barqarorligi va inson salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi haqida ketmoqda.
Kasblarni rivojlantirish, sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlarini tashkil etish, yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish — bularning barchasi inson kapitaliga qaratilgan islohotlardir. Davlat siyosatida mehnat bozorini faqat ish o‘rinlari soni bilan emas, balki ularning sifati, barqarorligi va kelajakka yo‘naltirilgani bilan baholash tamoyili mustahkamlanmoqda.
Bu jarayonda ta’lim, ishlab chiqarish va davlat institutlari o‘rtasidagi hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Aynan shu bog‘liqlik iqtisodiy o‘sishni uzoq muddatli va barqaror qiladi.
Sanoat zonalari huzurida kasbiy qayta tayyorlash markazlarini tashkil etish bu borada muhim institutsional yechimdir. Bu orqali ta’lim tizimi bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzilish qisqaradi, kasb-hunar ta’limi bozor ehtiyojlariga moslashadi.
Bunday yondashuv mehnat migratsiyasi, yoshlar bandligi va kambag‘allikni qisqartirish masalalarida ham ijobiy natija berishi kutilmoqda. Chunki inson kapitaliga kiritilgan sarmoya — eng barqaror investitsiya.
Ekologiya sohasida belgilangan maqsadlar qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish, energiya samaradorligi bo‘yicha KPI joriy etish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini shakllantirish davlat siyosatida ekologik mas’uliyatning institutsionallashuvidan dalolat beradi.
Ekologik muvozanatni ta’minlash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 30 foizga yetkazish kabi maqsadlar bugunning talabidan kelib chiqqan holda belgilanmoqda. Bu yo‘nalishdagi KPI ko‘rsatkichlarining joriy etilishi ekologik siyosatni deklaratsiyadan amaliy natija darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Bu yerda muhim jihat shundaki, ekologik siyosat faqat cheklov va taqiqlar emas, balki iqtisodiy rag‘bat va samaradorlik ko‘rsatkichlari orqali amalga oshirilmoqda. Energiya tejaydigan texnologiyalar, “yashil iqtisodiyot” elementlarini joriy etish biznes uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.
Daraxt kesish uchun javobgarlikni qat’iylashtirish, utilizatsiya va qayta ishlash zanjirini yo‘lga qo‘yish kabi tashabbuslar esa ekologik madaniyatni shakllantirish bilan bir qatorda huquqiy mexanizmlarni ham mustahkamlaydi.
Islohotlar dasturlarida har bir tashabbus uchun aniq KPI belgilanishi, shaxsan javobgar rahbarlar va muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgani davlat boshqaruvida mutlaqo yangi standartlar joriy etilishini ko‘rsatmoqda. Ushbu yondashuv ijro intizomini kuchaytiradi, byurokratik sustkashlikka barham beradi va parlament hamda jamoatchilik nazorati samaradorligini oshiradi.
Dasturlarning to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilish mexanizmiga ega ekani, ayrim tashabbuslar uchun qo‘shimcha hujjat talab etilmasligi davlat apparatida qaror qabul qilish sur’atini oshirishga xizmat qiladi.
2026-yilga mo‘ljallangan islohotlar dasturlarining eng muhim xususiyati shundaki, ular alohida sohalarni bo‘lingan holda emas, balki davlat, iqtisodiyot va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liq tizim sifatida ko‘radi. Islohotlarning samaradorligini ta’minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chunki bugungi murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitda bir sohadagi o‘zgarish ikkinchisisiz barqaror natija bermaydi.
Shu ma’noda, islohotlar dasturlari sohaviy qamrovi, institutsional teranligi va ijro mexanizmlari bilan avvalgi amaliyotdan tubdan farq qiladi.
Hujjatda mahallaga alohida e’tibor qaratilayotgani tasodifiy holat emas. Mahalla bugun nafaqat ijtimoiy institut, balki davlat va jamiyat o‘rtasidagi eng muhim muloqot maydoniga aylanmoqda. Infratuzilmani takomillashtirish, ichki yo‘llar, piyodalar va velosiped yo‘laklari, jamoat maskanlari, xizmatlar sifati — bularning barchasi yangi O‘zbekiston qiyofasini, eng avvalo, mahallada shakllantiradi. Ularning sifatli va barqaror bunyod etilishi mahalladagi turmush madaniyatini o‘zgartiradi, aholi faolligini oshiradi, jamoaviy mas’uliyatni kuchaytiradi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mahallalar mablag‘ining ochiq va shaffof sarflanishi, hisobdorlik mexanizmlarining kuchaytirilishi davlat moliyasi ustidan parlament nazoratini o‘rnatishda ham muhim instrumentdir. Shuningdek, fuqarolarning bevosita ishtiroki ta’minlanishi esa ijtimoiy ishonchni mustahkamlaydi.
Mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish masalasi islohotlar dasturlarida faqat qurilish yoki obodonlashtirish vazifasi sifatida qo‘yilmagan. Gap, avvalo, mahallaning ijtimoiy va boshqaruv instituti sifatidagi rolini kuchaytirish haqida bormoqda.
Shu bilan birga, mahalla mablag‘i sarfida ochiq hisobdorlikni joriy etish institusional jihatdan juda muhim qadam. Natijada fuqarolar davlat qarorlarining passiv iste’molchisi emas, balki faol ishtirokchisiga aylanadi. Parlament nazorati nuqtayi nazaridan esa yangi mexanizmlar mahalliy darajada moliyaviy intizomni ta’minlashga xizmat qiladi.
Islohotlar dasturlarida davlat boshqaruvi va sud-huquq tizimini takomillashtirish masalasiga alohida blok sifatida qaralgan. Asosiy e’tibor institutsional samaradorlik, hisobdorlik va ochiqlikka qaratilmoqda.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokini joriy etish tashabbusi sud hokimiyatiga ishonchni oshiradi va sud qarorlarining jamoatchilikka yaqinlashuvini ta’minlaydi, adolat hissini kuchaytiradi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga olib chiqishda faqat jinoiy javobgarlikni kuchaytirish bilan cheklanib qolinmaydi. Profilaktika, institutsional shaffoflik va raqamlashtirish alohida o‘rin tutadi.
Islohotlar dasturlarida har bir tashabbus uchun KPI belgilanishi va shaxsan javobgar rahbarlarning aniq ko‘rsatilishi davlat boshqaruvida juda muhim o‘zgarish. Bu orqali ijro natijasi shaxsiy mas’uliyat bilan bog‘lanadi, kollektiv javobgarlik ortida yashirinish imkoniyati kamayadi.
Umuman olganda, islohotlar dasturlari sohalar bo‘yicha emas, balki institutsional mantiq asosida qurilgan. Mahalladan boshlab markaziy davlat organlarigacha bo‘lgan butun boshqaruv tizimida natija, hisobdorlik va ochiqlik tamoyillari ustuvorlik kasb etmoqda. Bu esa davlat siyosatini qog‘ozda qoladigan rejalardan odamlar hayotida seziladigan o‘zgarishlar darajasiga olib chiqish imkonini beradi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2026-yilda amalga oshirishga qaratilgan davlat dasturi mazmunan ham, shaklan ham mamlakatda davlat rejalashtirish madaniyatining yangi bosqichini anglatadi. Agar strategiya uzoq muddatli maqsad va yo‘nalishlarni belgilab bersa, davlat dasturi aynan shu maqsadlarni hayotga tatbiq etishning aniq, o‘lchanadigan va hisobdor mexanizmlarini qamrab oladi. Shu nuqtayi nazardan, davlat dasturini davlat siyosatining “amaliy konstitutsiyasi” sifatida baholash mumkin.
Davlat dasturida 337 ta aniq chora-tadbir belgilab berilgani birinchi qarashda hajm jihatidan katta ko‘rinishi mumkin. Ammo mazmunga teranroq nazar tashlasak, bu raqam ortida islohotlarni sohalar bo‘yicha bo‘lish emas, balki ularni aniq vazifalar, muddatlar va ijrochilarga bog‘lash mantig‘i turibdi.
Shu bilan birga, 2026-yilda 59 ta sohaviy va 12 ta eng muhim strategik islohotlarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgani qonunchilik jarayonining ham rejali va tizimli tus olayotganidan dalolat beradi. Bu yerda qonun ijodkorligiga islohotlarni ortidan “yetib olish” vositasi emas, balki ularni oldindan ta’minlovchi institutsional asos sifatida qaralmoqda.
Davlat dasturi loyihasining keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi islohotlarning eng muhim institutsional jihatlaridan. Internet va ommaviy axborot vositalari orqali 5 milliondan ziyod foydalanuvchi loyiha bilan tanishgani, 22 mingdan ortiq taklif va fikr bildirilgani bu raqamlar faqat statistika emas, balki jamiyatning davlat qarorlariga befarq emasligi, aksincha, faol ishtirok etishga tayyor ekanini ko‘rsatadi.
Bu jarayonda muhokama formal “izoh qoldirish” bosqichidan chiqib, haqiqiy siyosiy muloqot shakliga aylandi. Oliy ta’lim tashkilotlari va davlat idoralarida o‘tkazilgan
50 dan ortiq muhokamada 10 mingga yaqin talaba, professor-o‘qituvchilar va davlat xizmatchilari ishtirok etgani esa ilmiy-ekspert salohiyatining qaror qabul qilish jarayoniga jalb etilganini anglatadi.
Muhokamalar natijasida 1000 ga yaqin taklifning davlat dasturi loyihasiga kiritilgani jamoatchilik ishtiroki deklaratsiya darajasida qolmaganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazoni kuchaytirish, pedofiliya uchun umrbod ozodlikdan mahrum etish kabi tashabbuslar jamiyatda adolat va xavfsizlikka talabning yuksakligini aks ettiradi.
Ipoteka va elektromobil xaridi uchun kredit mexanizmlarini takomillashtirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashni yangi bosqichga olib chiqish kabi takliflar esa iqtisodiy va institutsional islohotlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni kuchaytiradi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda xalq vakillari hay’ati ishtirokini joriy etish tashabbusi sud hokimiyatini jamoatchilikka yaqinlashtirish, adolatni faqat huquqiy emas, balki ijtimoiy qadriyat sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhokamalarda mahalla mablag‘i sarfi bo‘yicha ochiq hisobdorlikni yo‘lga qo‘yish, ichki yo‘llar, piyodalar va velosiped yo‘laklari yotqizish, biznes-inkubatorlar barpo etish kabi takliflarning qiziqarli deb topilgani jamiyatda quyi darajadagi islohotlarga ehtiyoj katta ekanini ko‘rsatadi.
Bu takliflar mamlakat taraqqiyoti faqat markaziy qarorlar bilan emas, balki mahalliy tashabbuslar orqali ham ta’minlanishi mumkinligini anglatadi. Mahalla aynan shu ma’noda davlat siyosati uchun “lakmus qog‘ozi” vazifasini bajaradi.
Davlat dasturini ishlab chiqish jarayonida xorijdagi vatandoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotlar alohida ahamiyatga ega. AQSH, Germaniya, Turkiya, Fransiya, Kanada, Janubiy Koreya, Yaponiya, Shvetsiya, Portugaliya va Qozog‘istonda tashkil etilgan muhokamalarda 60 ga yaqin qo‘shimcha taklif olingani O‘zbekistondagi islohotlarning global tajriba bilan uyg‘unlashayotganini ko‘rsatadi.
Bu takliflar orasida nodavlat maktablar faoliyati uchun shaffof litsenziyalash mexanizmlarini joriy etish, ta’lim amaliyotida korxona mutaxassislarini rag‘batlantirish tizimini ishlab chiqish, sog‘liqni saqlashda yagona raqamli skrining tizimini joriy etish kabi tashabbuslar alohida e’tiborga loyiq.
Xorijdagi vatandoshlar ilgari surgan “natijaga bog‘langan imtiyoz” (performance-based subsidy) modeli va “Export-as-a-service” konsepsiyasi iqtisodiy siyosatda sifat o‘zgarishini anglatadi. Bu yerda davlat qo‘llab-quvvatlovi formal imtiyoz emas, balki aniq iqtisodiy natijalar bilan bog‘lanadi.
Eksport qiluvchi korxonalar uchun logistika, bojxona, sertifikatlash, marketing va to‘lov masalalarini yagona operator orqali kompleks xizmat sifatida taqdim etish tashqi bozorlarga chiqishdagi institutsional to‘siqlarni kamaytiradi. Bunday yondashuv kichik va o‘rta biznes uchun ham yangi imkoniyatlar ochadi.
Umuman olganda, davlat dasturi va uni ishlab chiqish jarayoni davlat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Davlat qaror qabul qiluvchi yagona subyekt emas, balki jamoatchilik, ekspertlar va xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlikda harakat qiluvchi institutga aylanmoqda.
Bu esa islohotlarning legitimligi, ijtimoiy qabul qilinishi va barqarorligini ta’minlaydi. Davlat dasturi aynan shu jihati bilan 2026-yilgi islohotlarning eng muhim institutsional ustuni sifatida namoyon bo‘ladi.
2026-yilga mo‘ljallangan islohotlar dasturlari va davlat dasturi mazmunini chuqur tahlil qilar ekanmiz, ular markazida umumiy g‘oya turganini ko‘ramiz — bu inson qadri. Ushbu tushuncha so‘nggi yillarda davlat siyosatining bosh mezoniga aylangani tasodifiy emas. Chunki barqaror taraqqiyot, kuchli iqtisodiyot yoki samarali davlat boshqaruvi, eng avvalo, insonning farovon hayoti, ijtimoiy himoyasi va adolatga ishonchi bilan chambarchas bog‘liq.
Bosh qonunimizda mamlakatimiz “ijtimoiy davlat” sifatida belgilab qo‘yilgani bejiz emas. Ijtimoiy davlat faqat nafaqa yoki moddiy yordam berish tizimi emas, balki davlatning fuqaro oldidagi ma’naviy va huquqiy mas’uliyatini anglatadi. 2026-yildagi islohotlar aynan shu mas’uliyatni aniq mexanizmlar orqali ta’minlashga qaratilgan.
2026-yilga mo‘ljallangan islohotlar dasturlari va davlat dasturi umumiy mantig‘ini tahlil qilar ekanmiz, davlat, jamiyat va shaxs o‘rtasida yangi muvozanat shakllanayotganini ko‘ramiz. Davlat o‘zini faqat nazorat qiluvchi yoki tartib o‘rnatuvchi institut sifatida emas, balki sherik, himoyachi va imkoniyat yaratuvchi subyekt sifatida namoyon etmoqda.
Bu muvozanatda mahalla, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va xorijdagi vatandoshlar ham faol ishtirok etmoqda. Natijada islohotlar “yuqoridan quyiga” tushiriladigan qarorlar emas, balki jamiyat bilan hamkorlikda shakllanadigan jarayonga aylanmoqda.
Dasturlar ijrosini moliyalashtirish uchun ajratilayotgan 250,5 trillion so‘m va jalb qilinayotgan 50,4 milliard dollarning samarali sarflanishi davlat siyosatiga ishonchni belgilaydigan muhim omil. Shu bois, Adliya vazirligi va Hisob palatasi tomonidan doimiy monitoring yuritilishi, Vazirlar Mahkamasida har chorakda ijroni muhokama qilish, parlamentga hisobot taqdim etish mexanizmlari qo‘llanmoqda. Bu tizim ijro jarayonida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlab, islohotlarning qog‘ozda qolib ketish xavfini kamaytiradi.
Ushbu hujjatlar yurtimizda davlat siyosati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi. Bu bosqichda asosiy mezon inson hayotida seziladigan aniq natijalardir.
Yangi ish o‘rinlari, aholi daromadining o‘sishi, ijtimoiy himoyaning kuchayishi, adolat va ishonch muhitining mustahkamlanishi, islohotlarning haqiqiy samarasi aynan shu yerda namoyon bo‘ladi. Davlatimiz rahbari belgilab bergan har bir qaror, har bir dastur, avvalo, odamlar roziligida o‘z aksini topishi shart. Ana shu tamoyil 2026-yilgi islohotlarning ham, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ham bosh mezoni bo‘lib qoladi.
Akrom TOSHPO‘LATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti direktori,
yuridik fanlar doktori





















