Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi: yangi bosqich, yangi mas’uliyat

Prezident Murojaatnomasida belgilangan oltinchi ustuvor yo‘nalish – zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimini shakllantirish – mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, ularni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Avvalo, 2026-yildan Elektron hukumat platformasining tubdan yangilanishi davlat boshqaruvida chuqur raqamli islohotlar davrini boshlab beradi. Mingdan ortiq davlat xizmatlari, minglab funksiya va vakolatlar, yuz minglab davlat xizmatchilari faoliyatini yagona raqamli muhitga jamlash – boshqaruv shaffofligini ta’minlash, inson omilini qisqartirish va korrupsiya xavfini bartaraf etishga qaratilgan aniq va tizimli qadamdir. Ayniqsa, murojaatlarni qabul qilish, taqsimlash va ijrosini nazorat qilishda sun’iy intellekt joriy etilishi davlat bilan fuqaro o‘rtasidagi munosabatlarda mutlaqo yangi sifatni shakllantiradi.
Murojaatnomada parlament nazoratini kuchaytirishga qaratilgan takliflar ham davlat hokimiyati tarmoqlari o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlash nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega. Davlat kafolati ostida tashqi qarz olishni parlament vakolatiga o‘tkazish tashabbusi moliyaviy intizomni kuchaytiradi, jamoatchilik nazoratini yanada kengaytiradi.
Shuningdek, 2026-yildan davlat xaridlarida ochiq va adolatli tizim joriy etilishi tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar yaratib, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xaridlarning faqat qonun bilan cheklanishi esa korrupsiyaviy omillarni keskin kamaytirishga qaratilgan qat’iy siyosiy irodani anglatadi.
Sud-huquq sohasida esa “raqamli sud” va “raqamli tergov” konsepsiyalarining joriy etilishi inson huquqlarini himoya qilishda mutlaqo yangi mexanizmlarni shakllantiradi. Tergov sudyalari vakolatlarining kengaytirilishi, “habeas korpus” institutining chuqurlashtirilishi odil sudlov kafolatlarini mustahkamlaydi. Shu bilan birga, xalq vakillari hay’ati institutining bosqichma-bosqich joriy etilishi sud qarorlarining jamoatchilik ishonchiga sazovor bo‘lishiga xizmat qiladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish masalasining alohida va qat’iy ruhda qo‘yilishi Murojaatnomaning eng muhim jihatlaridan biri bo‘ldi. 2026-yilda ushbu sohada “favqulodda holat” e’lon qilinishi, barcha idoralarda komplayens tizimining joriy etilishi – davlat boshqaruvida shaxsiy javobgarlik tamoyili ustuvor bo‘lishini anglatadi. “Qonun oldida hamma teng” degan prinsip amalda ta’minlanishi islohotlar taqdirini belgilaydi.
Xulosa qilib aytganda, Murojaatnomada belgilangan mazkur yo‘nalishdagi vazifalar davlatni xalqqa yaqinlashtirish, adolatli sud va samarali boshqaruv tizimini barpo etishga qaratilgan kompleks dastur sifatida namoyon bo‘ldi. Islohotlar samarasi esa barcha belgilangan vazifalarning hayotga tatbiq etilishi va jamiyatning barcha qatlamlari bu jarayonda faol qatnashishiga bog‘liq. Faqat shundagina ular o‘zining haqiqiy samarasini beradi.
Laziza NIYOZOVA,
Sud-huquq sohasida tadqiqotlar bo‘limi bosh ilmiy xodimi






















