Mahalliy kengashlar faoliyatida tub burilish


Shu yil 27-oktabr kuni “Mening tanlovim–obod Vatanim!” shiori ostida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga saylovlar yuqori darajadagi uyushqoqlik va saylovchilarning faolligi muhitida o‘tdi. Ayni jarayonda 15 million nafardan ziyod fuqarolarimiz saylov uchastkalariga kelib, o‘zlari munosib deb topgan siyosiy partiya hamda ular tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar uchun ovoz berdi. Saylov kampaniyasida jamiyatimizda katta ijobiy siljishlar bo‘lgani, aholimizning siyosiy karashlari rivojlangani, saylovchilarning partiya va ular ko‘rsatgan nomzodlarga nisbatan talabchanligi kuchaygani yaqqol ko‘rindi.
Mushohada
Ta’kidlash lozimki, oldingi saylovlardan farqli ravishda mahalliy Kengash deputatligiga saylov ham yangi konstitutsiyaviy-huquqiy muhitda mahalliy vakillik organlari vakolatlari kengaytirilgan sharoitda bo‘lib o‘tdi. Xalqimiz mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa ko‘shish uchun fidoyilik bilan ishlashga bel bog‘lagan mahalliy Kengash deputatlarini saylashdi. Mahalliy Kengashlar saylovi natijalariga ko‘ra ularning tarkibi 59,2 foizga yangilandi. Quvonarlisi, yangi saylangan deputatlarning 32,6 foizi xotin-qizlardan iborat.
Yangi talablar asosida ishlash – davr talabi
So‘nggi yillarda xalq hokimiyatchaligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Mahalliy Kengashlarning nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan xususiy asoslar yaratildi. Xususan, prokuratura, adliya, ichki ishlar, moliya, soliq, ekologiya va sog‘liqni saqlash organlari rahbarlarining hisobdorligi belgilab qo‘yildi. Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlari, mahalliy Kengash raisi va hokimlavozimlari bir-biridan ajratilganligi hokimiyatlar bo‘linishiga oid konstitutsiyaviy tamoyilning mahalliy darajada ijrosini ta’minlashda muhim qadam bo‘ldi.
Shuningdek, davlatimiz rahbarining 2024-yil 2-fevralda “Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Bu mahalliy hokimiyat organlarida ish natijadorligini sezilarli darajada ko‘taradigan tarixiy hujjat bo‘ldi.
Mazkur Farmonda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining aholi muammolarini hal etishdagi roli va mas’uliyatini kuchaytirish, saylovchilar bilan doimiy aloqada ishlashini ta’minlashga qaratilgan bir qator yangiliklar alohida ko‘rsatib o‘tilgan. Mahalliy vakillik organlariga qo‘shimcha ravishda 33 ta vakolat berildi.
“Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunga joriy yil 17-oktabrda kiritilgan o‘zgartirishlar bilan O‘zbekistondagi mahalliy boshqaruv tizimi faoliyatini tamomila yangicha asoslarda amalga oshirishning zarur tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.
O‘zaro bir-birini tiyib turish va manfaatlar muvozanati
Bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamliislohotlar jarayonida mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini takomillashtirish, ijroiya organlarining mahalliy Kengashlar oldidagi hisobdorligi, mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada hokimning bir vaqtning o‘zida mahalliy Kengashga rais bo‘lishiga doir normaning bekor qilinishi – joylarda hokimiyatlar bo‘linishi prinsipini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishga huquqiy zamin yaratdi.
Ta’kidlash lozimki, mahalliy Kengash raisi lavozimining joriy etilishi muhim institutsional o‘zgarish hisoblanadi. Bu yangilik, avvalo, mahalliy Kengashlarning mustaqilligini hamda Kengashlar faoliyatining uzluksizligini ta’minlaydi.
Shuni alohida aytish kerakki, Kengash raisi deputatlar orasidan saylanadi. Bu yangilik joylarda vakillik hokimiyatini sezilarli darajada kuchaytiradi va aholi manfaatlarini yanada samarali himoya qilish imkonini beradi. Rais jamoatchilik asosida ishlasa-da, bu uning qaror qabul qilishdagi mustaqilligini oshiradi.
Yangi tartib hokimlarning mas’uliyatini ham kuchaytirdi. Endi ular Kengash sessiyasi ko‘rib chiqishi uchun masalalar kiritishi, zarurat bo‘lganda navbatdan tashqari sessiya chaqirish tashabbusi bilan chiqishi mumkin. Ayni chog‘da Kengashning qonunchilikka zid bo‘lgan qarorlarini bekor qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yoki sudga murojaat etish kabi qator yangi vakolatlar berilmoqda.
Shu bilan birga, yangi qonunchilik talablariga ko‘ra viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari lavozimlariga nomzodlar xalq deputatlari Kengashlarida o‘z nomzodi ko‘rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturini taqdim etishi hokimlarningsaylovchilar va deputatlar oldidagi mas’uliyatini oshiradi.
O‘z navbatida, hududni rivojlantirish dasturining xalq vakillari tomonidan muhokama qilinishi aholi ehtiyojlarining to‘liq inobatga olinishiga hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarning hal etilishida fuqarolar ishtirokining kengayishiga xizmat qiladi.
Umuman, shu islohotlar natijasida mahalliy Kengashlar chinakam xalq manfaatlarini ifoda etuvchi vakillik organlariga aylanib bormoqda. Bu esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning uzviy davomi va mantiqiy natijasidir.
Nazorat va hisobdorlik
Mahalliy Kengashlarning nazorat funksiyalari sezilarli darajada kengaytirildi. 10 ta asosiy yo‘nalishga birlashtirilgan davlat organlari hisobotlari (axborotlari)ni eshitish bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining alohida vakolatlari va funksiyalari tizimlashtirildi.
Xususan, hokimlar va ular o‘rinbosarlarining dasturlari ijrosi, kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligi masalalari, kreditlar ajratish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning boshqa muhim jihatlari bo‘yicha hisobotlarini eshitish nazarda tutilgan.
Kengashlarga deputatlar orasidan maxsus komissiyalar tuzish orqali tekshiruvlarni o‘tkazish vakolati berilgan. Ushbu komissiyalar davlat organlari va tashkilotlardan zarur hujjatlar va materiallarni so‘rab olish, tushuntirishlar berish uchun mansabdor shaxslarni chaqirish huquqiga ega bo‘lib, tekshirish natijalari esa Kengash sessiyasida ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Bunday nazorat vositalari Kengashlarning mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining shaffofligi va samaradorligini ta’minlash imkoniyatlarini sezilarli darajada kuchaytiradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro‘yxatga olishning yagona elektron tizimini joriy etish davlat boshqaruvini raqamlashtirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir. E’tiborlisi, ushbu tizimda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi. Bu esa mahalliy davlat hokimiyati organlari ishida qo‘shimcha shaffoflikni ta’minlaydi.
Xalqqa xizmat qilish – ustuvor yo‘nalish
Bu o‘zgarishlarning barchasi asosiy tamoyil – aholi manfaatlariga xizmat qilishga qaratilgan. Mahalliy Kengashlarning rolini kuchaytirish joylarda muammolarni tezroq hal etish, muhim qarorlarni qabul qilishda aholi fikrini inobatga olish imkonini beradi.
Ishonch bilan aytish mumkinki, boshlangan islohotlar O‘zbekistonda mahalliy boshqaruv tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqadi. Joylardagi vakillik va ijro hokimiyati o‘rtasidagi vakolatlar bo‘linishi, zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etish – bularning barchasi hududlarni yanada rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Bu o‘zgarishlar inson, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari bosh qadriyat bo‘lgan yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘liga to‘liq mos keladi.
Mahalliy Kengashlar faoliyatiga oid yangi yondashuvlar joriy etilishi O‘zbekistonda mahalliy boshqaruv tizimi tubdan o‘zgarayotganidan dalolat berib, uning sifat jihatdan yangi bosqichga chiqishini kafolatlaydi.
Akrom TOSHPO‘LATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti direktori, yuridik fanlar doktori.
Xalq so'zi gazetasi.pdf 1.15 MbYuklab olingan: 21 marta Yuklab olish Onlayn koʻrish





















