Markaziy Osiyo integratsiyasi, o‘zaro ishonch va taraqqiyotga asoslangan yangi format

Bugungi kunda Markaziy Osiyo o‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi, mas’uliyatli va tarixiy bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo yangi davr ostonasida” nomli maqolasi aynan mana shu jarayonning mohiyatini, uning siyosiy, iqtisodiy va gumanitar poydevorini chuqur ifodalaydi. Maqolani o‘rganish jarayonida bir haqiqat yanada ravshan namoyon bo‘ladi: mintaqa mamlakatlari endi bir-birini raqib sifatida emas, balki yagona kelajakni barpo etayotgan hamfikr sheriklar sifatida qabul qilmoqda.
So‘nggi yetti-sakkiz yil ichida shakllangan ochiq muloqot va yaxshi qo‘shnichilik muhiti Markaziy Osiyoda misli ko‘rilmagan yaqinlashuvni ta’minladi. 2017-yilda yo‘lga qo‘yilgan Maslahat uchrashuvlari formati mintaqada ishonchning institutsionallashgan modelini shakllantirdi. Aynan shu format orqali:
o‘n yillab hal etilmagan chegara masalalari yuridik jihatdan o‘z yechimini topdi;
milliy koordinatorlar kengashi, parlamentlararo muloqot maydonlari faol ishlay boshladi;
bir paytlar ziddiyat manbai bo‘lib kelgan hududlar bugun do‘stlik va hamkorlik ko‘prigiga aylandi.
Bu, shunchaki siyosiy deklaratsiya emas – balki xalqlar qalbidagi ishonchning tiklanishi, o‘zaro hurmatning yangicha bosqichda mustahkamlanishidir.
Prezident nutqida keltirilgan raqamlar bu jarayonlarning real natijalarini yaqqol aks ettiradi:
mintaqa YAIM oxirgi sakkiz yilda 2,5 barobarga oshib, 520 milliard dollarga yetdi;
tashqi savdo hajmi 253 milliard dollarga chiqib, 2 barobar ko‘paydi;
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo 11 milliard dollarga yetdi;
o‘zaro investitsiyalar 5,6 barobarga oshdi;
O‘zbekistonning qo‘shnilar bilan savdo aylanmasi 2016-yildagi 2,4 mlrd dollardan 2024-yilda 7,2 mlrd dollarga yetdi.
Bu raqamlar o‘z-o‘zidan yuzaga kelgan emas – ular sanoat kooperatsiyasi, chegaralarda yaratilgan qulay shart-sharoitlar, transport-logistika zanjirlarining integratsiyalashuvi, infratuzilma yechimlarining mustahkamlanishi samarasidir.
Iqtisodiy barqarorlikni ta’minlovchi muhim omil sifatida inflyatsiya darajasi 10,2%dan 7,8%ga tushirildi, kelgusi yillarda uni 7%, 2027-yilda esa 5% atrofida ushlash rejasi ham ochiq iqtisodiy siyosatning samaradorligini ko‘rsatadi.
Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligini mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha muhim mintaqaviy tashabbus sifatida bugungi kunda “Qambarota GES-1”, Zarafshon daryosidagi Yovon va Fondaryo GESlari, Amudaryodan oqilona foydalanishga oid kelishuvlar amalga kirgan.
Bu loyihalar nafaqat energetik xavfsizlikni ta’minlaydi, balki suv taqchilligi xatarlarini kamaytirib, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalariga barqaror rivojlanish beradi.
Bugun kunda Markaziy Osiyoda 80 milliondan ortiq aholiga ega, BMT prognozlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2050-yilga borib 100 milliondan oshishi kutilmoqda,mintaqa aholisining o‘rtacha yoshi 29 yoshni tashkil etmoqda.
Bu – ulkan imkoniyat. Shu bois Prezident ta’kidlagan ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar platformalari, madaniy almashinuvlar Markaziy Osiyoni nafaqat iqtisodiy, balki sivilizatsion birlashuv sari yetaklamoqda. Shuningdek ID-kartalar asosida chegaradan o‘tish tizimi odamlar hayotida sezilarli yengillik yaratdi – bu diplomatiya emas, har kunlik hayotda his etiladigan yangilikdir.
Maqolada Prezidentimiz Afg‘onistonning mintaqaning tabiiy qismi ekanini ta’kidlar ekan, bu masalaga birgalikda, strategik yondashuvni ilgari surdi. Transafg‘on temir yo‘li – nafaqat savdo-tranzit loyihasi, balki butun mintaqada tinchlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan geostrategik tashabbusdir.
Bugungi dunyoda Markaziy Osiyo tobora xalqaro maydonda o‘z ovoziga ega bo‘layotgan hudud sifatida tanilmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatlari – AQSH, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan olib borilayotgan muloqotlar – mintaqaning yangi diplomatik markazga aylanib borayotganidan dalolatdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning mazkur maqolasi – Markaziy Osiyoning kelajagi bo‘yicha aniq mo‘ljal, strategik yo‘l xaritasidir. Unda siyosiy ishonch, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, ekologik mas’uliyat, inson kapitali va tashqi siyosatda kelishilgan pozitsiya mintaqaning kelgusi 10-20-yillik taraqqiyot modeli sifatida belgilab berilgan.
Shunday deyish mumkinki: Markaziy Osiyo bugun nafaqat yangi davr ostonasida, balki o‘zaro hurmat, ishonch va mas’uliyat asosida barpo etilayotgan umumiy kelajakka qadam qo‘yishga tayyor turibdi.
Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda tadqiqotlar bo‘limi
yetakchi ilmiy xodimi
Toshpulatov Baxtiyor Baxodirovich





















