Parlament tadqiqotlari institutida Toshkent davlat yuridik universitetining sho‘basi ochildi

Joriy yilning 6 iyul kuni Parlament tadqiqotlari institutida Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq sho‘basining ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Parlament tadqiqotlari instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti rahbariyati va xodimlari, professor-o‘qituvchilar, tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Mazkur sho‘bani tashkil etish Davlat rahbarining 2025-yil 11-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–232-son Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.
Mazkur Farmon bilan yuridik ta’lim jarayonlarining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash, “ta’lim – tadqiqot – amaliyot”integratsiyasini yo‘lga qo‘yish asosiy vazifalardan biri etib belgilangan.
Ta’kidlanganidek, yangi sho‘ba yuridik ta’limga amaliyot integratsiyasini ta’minlash, parlament huquqi, qonun ijodkorligi, parlament nazorati kabi yo‘nalishlarda ilmiy-amaliy yondashuvni ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuningdek, tadbir doirasida Parlament tadqiqotlari instituti va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasida yangilangan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Tomonlar o‘zaro hamkorlik bo‘yicha vakolatlari doirasida asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha kelishib oldilar.
Memorandumga muvofiq, tomonlar qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ta’lim dasturlarini qonun ijodkorligi amaliyoti bilan bog‘lash, tajriba va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, yosh tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash borasida yaqindan hamkorlik qiladi.
Tadbir yakunida tomonlar kelgusida o‘zaro qo‘shma tadqiqot loyihalarni amalga oshirish, dual ta’lim tizimi – “ta’lim – tadqiqot – amaliyot”integratsiyasida hamkorlik qilish, shuningdek, bugungi kundagi parlamentarizmning dolzarb masalalarini tadqiq etish maqsadida nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlashda davomiy uchrashuvlarni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.





















