Parlament tadqiqotlari instituti vakili MDH Parlamentlararo Assambleyasi xalqaro davra suhbatida ishtirok etdi

2026-yil 26-iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi, yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori (PhD) Dmitriy Raxmanov XIV Sankt-Peterburg xalqaro yuridik forumi doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi tomonidan tashkil etilgan «Yuridik fan – parlamentlararo muloqot arxitekturasida: namunaviy hujjatlarni yaratishning yangi yondashuvlari» mavzusidagi xalqaro davra suhbatida onlayn formatda ishtirok etdi.
Tadbirda MDHga aʼzo davlatlar parlamentlari, davlat organlari, ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari hamda ekspertlar hamjamiyati vakillari qatnashdi. Muhokamalar davomida namunaviy qonun ijodkorligini ilmiy taʼminlash, qonun ijodkorligini raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini norma ijodkorligida qoʻllash, qonun loyihalarini ilmiy verifikatsiyadan oʻtkazish hamda parlamentlararo ilmiy hamkorlikni rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi.
D. Raxmanov «Namunaviy qonunchilikni ilmiy-ekspert jihatdan taʼminlash: zamonaviy yondashuvlar va parlamentlararo hamkorlik istiqbollari» mavzusidagi maʼruzasi bilan ishtirok etdi. Maʼruzada ilmiy-ekspert taʼminotini faqat tayyor qonun loyihasini ekspertizadan oʻtkazish bilan cheklab boʻlmasligi, balki u huquqiy muammoni aniqlash, qiyosiy-huquqiy tadqiqotlarni amalga oshirish, tartibga solish konsepsiyasini ishlab chiqish, model hujjat loyihasini tayyorlash va uning amaliy natijalarini monitoring qilishni qamrab oluvchi mustaqil ilmiy institut ekani asoslab berildi.
Shuningdek, parlament tadqiqot xizmatlari faoliyatining xorijiy tajribasi, qiyosiy-huquqiy tadqiqotlarning namunaviy qonun ijodkorligidagi oʻrni hamda MDH Parlamentlararo Assambleyasi doirasida model qonunchilikni ilmiy-ekspert jihatdan taʼminlash tizimini yanada takomillashtirish istiqbollari yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.























