YOSHLAR PARLAMENTI A’ZOLARI UCHUN QONUN IJODKORLIGI BO‘YICHA MAXSUS O‘QUV-SEMINAR TASHKIL ETILDI

Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Yoshlar parlamenti a’zolari uchun «Parlamentning qonun ijodkorligi faoliyati» mavzusida ikki kunlik o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizda amalga oshirilayotgan qonunchilik islohotlari mazmun-mohiyatini yoshlarga batafsil yetkazish, ularning qonun ijodkorligi jarayonlaridagi ishtiroki uchun zarur nazariy bilim va amaliy kompetensiyalarini rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
O‘quv-seminarni Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpulatov va Yoshlar parlamenti raisi Otabekxo‘ja Sobitov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Ular o‘z chiqishlarida qonun ijodkorligi sifatini oshirish, parlament faoliyatining samaradorligini ta’minlash hamda yoshlarni davlat boshqaruvi jarayonlariga keng jalb etish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Ikki kunlik dastur davomida ishtirokchilar uchun qonun ijodkorligining barcha asosiy bosqichlarini qamrab olgan interfaol o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Qonun loyihalarini muhokama qilishning o‘ziga xos jihatlari real parlament amaliyotiga asoslangan keyslar tahlili va amaliy mashg‘ulotlar bilan ochib berildi.
Institutning yetakchi ilmiy xodimlari va soha mutaxassislari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi, qonun loyihalarini tayyorlash va ekspertizadan o‘tkazish talablari, parlament muhokamalarining uch o‘qishda ko‘rib chiqish tizimi hamda qonun ijodkorligi faoliyatining ilmiy-huquqiy axborot bilan ta’minlanishi yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berildi.
Amaliy mashg‘ulotlar doirasida ishtirokchilar parlament faoliyatida uchraydigan huquqiy vaziyatlar asosida keyslarni tahlil qildi, savol-javoblar va muhokamalarda ishtirok etdi. Bu esa nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, tahliliy va qonunchilik fikrlashini rivojlantirishga xizmat qildi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas demokratik islohotlar sharoitida qonun ijodkorligi jarayonining ochiqligi, ilmiy asoslanganligi va samaradorligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada Yoshlar parlamenti a’zolarining huquqiy savodxonligini yuksaltirish, ularni zamonaviy parlament amaliyoti bilan tanishtirish hamda qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish ko‘nikmalarini shakllantirish mazkur o‘quv-seminarning ustuvor vazifalaridan biri bo‘ldi.
O‘quv-seminar yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari parlament qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish va yoshlarning qonunchilik jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirishga qaratilgan qator taklif va tavsiyalarni bildirdilar.





















