Amir Temur – milliy davlatchilik va yuksak tamaddun timsoli
Buyuk davlat arbobi va sarkarda, Temuriylar Renessansi asoschisi, jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690-yilligi yurtimizda keng nishonlanmoqda.
Amir Temur shaxsi va faoliyati milliy davlatchilik tarixida beqiyos ahamiyatga ega. U barpo etgan qudratli davlat, mustahkam boshqaruv tizimi va adolat tamoyillariga asoslangan siyosat nafaqat o‘z davri, balki keyingi asrlar taraqqiyotiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Uning “Kuch adolatdadir” degan hayotiy tamoyili bugungi kunda ham davlat boshqaruvi va jamiyat taraqqiyotining muhim mezonlaridan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mustaqillik yillarida Amir Temurning muqaddas nomi va boy merosi tiklanib, uni chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Yurtimizda uning nomiga bag‘ishlangan haykallar, muzeylar va ilmiy markazlar faoliyat yuritmoqda, ilmiy tadqiqotlar va madaniy-ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga muvofiq, Amir Temur tavalludining 690-yilligini munosib nishonlash, uning boy ilmiy-ma’naviy merosini yanada chuqur o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etish bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan:
— aprel oyining “Amir Temur oyligi” sifatida keng nishonlanishi;
— xalqaro ilmiy konferensiyalar, forum va anjumanlar tashkil etilishi;
— “Temur tuzuklari” asarining jahon tillarida nashr qilinishi;
— temuriylar davriga oid noyob qo‘lyozmalar va manbalarni o‘rganish va raqamlashtirish;
— tarixiy merosni zamonaviy formatlarda keng targ‘ib etish kabi tashabbuslar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Bu sa’y-harakatlar, avvalo, yosh avlodni milliy g‘urur, vatanparvarlik va yuksak ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Amir Temur va temuriylar merosini chuqur ilmiy asosda o‘rganish, uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish orqali mamlakatimizning intellektual va madaniy salohiyatini yanada mustahkamlashga zamin yaratadi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti, Uchinchi Renessans g‘oyasi va milliy tiklanish jarayonlarida Amir Temur merosi muhim ilhom manbai sifatida namoyon bo‘lmoqda. Uning davlatchilik, strategik tafakkur va kuchli boshqaruvga oid g‘oyalari zamonaviy islohotlar mazmuni bilan uyg‘unlashib, yurtimizning barqaror va izchil rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Amir Temur tavalludining 690-yilligi nafaqat tarixiy sana, balki milliy o‘zlikni anglash, buyuk ajdodlar merosiga munosib bo‘lish va kelajak taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratishga qaratilgan muhim ma’naviy-siyosiy voqelikdir.






















