Alifbo – millatning yozma xotirasi
![]()
Alifbo özgarişi – tafakkur, taraqqiyot va raqamli kelajak sari qadam
Til – millatning tarixiy xotirasi, ma’naviy birligi va intellektual salohiyatini özida mujassam etgan bebaho boylik. Biroq tilning nufuzi uning davlat tili sifatida e’tirof etilişi bilangina belgilanmaydi. U davlat hujjatlarida, ta’limda, ilm-fanda, kundalik muloqotda va raqamli texnologiyalarda qay darajada tölaqonli qöllanilayotgani bilan ham ölçanadi. Şu ma’noda özbek alifbosini takomillaştiriş şunçaki harflarni almaştiriş emas, balki davlat tilining zamonaviy hayotdagi imkoniyatlarini kengaytiriş, yozuv birligini ta’minlaş va uni milliy taraqqiyot ehtiyojlariga moslaştiriş masalasidir.
Til siyosatining izçil yöli
Özbek tilining davlat va jamiyat hayotidagi örnini mustahkamlaş davlat siyosatining izçil yönalişlaridan biridir. Bu borada Özbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktabrdagi “Özbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oşiriş çora-tadbirlari töğrisida”gi PF-5850-son Farmoni muhim huquqiy asos böldi. Mazkur Farmon davlat tilining nufuzini oşiriş, uning amalda töliq qöllanilişini ta’minlaş hamda tilga oid qonunçilik talablariga rioya etilişini kuçaytirişga qaratilgan edi. Aynan şu hujjat bilan 21-oktabrni “Özbek tili bayrami kuni” deb e’lon qiliş taklifi ma’qullangan.
Uşbu siyosat Prezidentining 2020-yil 20-oktabrdagi “Mamlakatimizda özbek tilini yanada rivojlantiriş va til siyosatini takomillaştiriş çora-tadbirlari töğrisida”gi PF-6084-son Farmoni bilan yangi bosqiçga kötarildi. Farmon bilan 2020–2030-yillarda özbek tilini rivojlantiriş va til siyosatini takomillaştiriş konsepsiyasi tasdiqlandi. Unda davlat tilining ijtimoiy-siyosiy hayotdagi imkoniyatlarini kengaytiriş, ta’lim tizimini takomillaştiriş va özbek tilining ilm-fan tili sifatidagi mavqeini oşiriş ustuvor vazifalar etib belgilandi. Şu tariqa til siyosati davlat tilining huquqiy maqomini mustahkamlaş bilan çeklanib qolmay, uning ijtimoiy munosabatlar, ilmiy faoliyat va davlat boşqaruvidagi amaliy imkoniyatlarini kengaytirişga yönaltirildi. Alifbo masalasi esa uşbu siyosatning yozuv me’yorlari, savodxonlik va texnologik moslaşuv bilan boğliq muhim tarkibiy qismidir.
Yangi qonun nimani özgartiradi?
Davlatimiz rahbari 2026-yil 21-oktabrda imzolagan “Lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosini joriy etiş töğrisida”gi Özbekiston Respublikasi Qonuniga özgartiriş kiritiş haqida”gi ÖRQ-1184-son Qonuni alifboni takomillaştiriş masalasini yangi huquqiy bosqiçga olib çiqdi. Ramziy jihati şundaki, hujjat aynan Özbek tili bayrami kuni imzolandi. Qonun bilan lotin yozuviga asoslangan özbek alifbosi 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat etib belgilandi. Xususan, “o‘”, “g‘”, “sh” va “ch” örniga tegişinça “ö”, “ğ”, “ş” va “ç” harflari joriy etilib, “ng” harf birikmasi alifbo tarkibidan çiqarildi. Bu har bir tovuşni imkon qadar bitta harf bilan ifodalaşga qaratilgan. Qonun rasmiy e’lon qilinganidan keyin olti oy ötib kuçga kiradi.
Biroq bu özgarişni faqat alifbodagi belgilar sonining özgarişi sifatida baholaş töğri emas. Uning haqiqiy ahamiyati yangi yozuv me’yorlarining ta’lim, hujjatçilik, naşriyot faoliyati va elektron axborot tizimlarida izçil qöllanilişi, fuqarolar uçun tuşunarli va qulay yozuv muhitining şakllanişi bilan belgilanadi.
Eski hujjatlar kuçini yöqotmaydi
Alifbo islohotidagi eng muhim masalalardan biri – yangi yozuv me’yorlarini joriy etiş bilan birga, avvalgi yozuv asosida şakllangan huquqiy munosabatlar barqarorligini saqlaş. Şu nuqtayi nazardan, qonun kuçga kirgunga qadar amaldagi alifboda rasmiylaştirilgan hujjatlar öz yuridik kuçini, milliy valyuta va qimmatli qoğozlar esa muomaladagi maqomini yöqotmasligi alohida ahamiyatga ega. Boşqaça aytganda, avval berilgan hujjatlarni faqat alifbo özgargani uçun almaştirişga hojat qolmaydi. Bunday yondaşuv fuqarolar va taşkilotlarning huquqiy manfaatlarini himoya qiliş, hujjatlarni ommaviy ravişda qayta rasmiylaştiriş bilan boğliq noaniqliklarning oldini oliş hamda islohotga nisbatan işonçni mustahkamlaşga xizmat qiladi.
Davlat organlari va taşkilotlari binolaridagi ramziy belgilar, davlat gerbining börtma tasvirlari, geografik obyektlar nomlari tuşirilgan peşlavha va körsatkiçlardan ular yaroqsiz holga kelguniga qadar yoki çora-tadbirlar dasturida belgilangan muddatgaça foydalanişni davom ettiriş imkoniyati islohotning taşkiliy-iqtisodiy jihatini ham körsatadi. Çunki yozuv me’yorlarining yangilanişi barça mavjud belgilarni bir vaqtning özida almaştiriş zaruratini keltirib çiqarmasligi kerak. Bosqiçma-bosqiç ötiş yondaşuvi davlat mablağlaridan oqilona foydalaniş, taşkilotlar faoliyatidagi uzluksizlikni saqlaş va yangi talablarni amaliyotga izçil tatbiq etiş imkonini beradi.
Raqamli kelajak uçun yagona yozuv
Bugungi raqamli davrda alifbo islohotining ahamiyati faqat yozuv me’yorlarini birxillaştiriş bilan çeklanmaydi. Özbek tilining raqamli makondagi imkoniyatlari ham bevosita yozuvning izçilligi va texnologik moslaşuviga boğliq. Hozir “o‘” va “g‘” harflaridagi belgining klaviaturada turliça terilişi tufayli bir söz bir neça xil körinişda yozilmoqda. Bir xil sözning turli şakllarda yozilişi esa elektron qidiruv natijalarining töliqligiga, ma’lumotlar bazalaridagi yozuvlarning özaro mosligiga, avtomatik tarjima va nutqni matnga aylantiriş tizimlarining işlaş sifatiga ta’sir körsatadi. Sun’iy intellekt texnologiyalari jadal rivojlanayotgan şaroitda özbek tilining bunday tizimlarda samarali qöllanilişi nafaqat texnik, balki milliy tilning raqamli kelajagi bilan boğliq strategik masaladir. Şu bois alifbo islohotining samaradorligi yangi yozuv me’yorlarini özlaştiriş bilan bir qatorda, ularni ta’lim, davlat boşqaruvi va elektron xizmatlarda izçil qöllaşga ham boğliq.
Islohot muvaffaqiyatining yana bir şarti – ötiş davrini puxta taşkil etiş. Buning uçun yangi yozuv me’yorlarini aholiga tuşunarli şaklda yetkaziş, ta’lim muassasalarini zarur öquv-uslubiy materiallar bilan ta’minlaş, davlat organlari hujjatlari va elektron axborot tizimlarining muvofiqligini ta’minlaş muhimdir. Şuningdek, ötiş davrida fuqarolar va taşkilotlar uçun tuşunarli tavsiyalar işlab çiqilişi, amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolar örganib borilişi lozim. Axir har qanday puxta huquqiy yeçimning qadri uning kundalik hayotda töğri va samarali qöllanilişi bilan belgilanadi.
Xulosa qilib aytganda, alifbo – millatning yozma xotirasi. Uni takomillaştirişning haqiqiy mezoni harflarning özgarişi emas, balki xalq savodxonligining yuksalişi va özbek tilining zamonaviy dunyodagi imkoniyatlari kengayişidir.
Salimboy ĞAYRATOV,
Oliy Majlis Qonunçilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti yetakçi ilmiy xodimi





















