Mustaqil O‘zbekiston — 35-yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar





Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligi munosabati bilan “Mustaqil O‘zbekiston – 35-yillik taraqqiyot yo‘li: islohotlar, natijalar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Anjuman Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining tashabbusi bilan Adliya vazirligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyada Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari, vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek Belarus, Gruziya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Qirg‘iziston parlamentlari a’zolari, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, ekspertlar hamjamiyati hamda ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya mustaqillik yillarida O‘zbekistonning davlatchilik va taraqqiyot tajribasini, barcha sohalarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijalarini muhokama etish hamda mamlakat taraqqiyotining keyingi bosqichi yuzasidan xalqaro va parlamentlararo muloqotni rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Konferensiyani Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov kirish so‘zi bilan ochib, yangi O‘zbekiston so‘nggi 10-yilda demokratik o‘zgarishlar, jadal iqtisodiy rivojlanish va keng ko‘lamli islohotlar mamlakatiga aylanganini, davlat rahbarining bevosita tashabbusi va g‘oyalari asosida qabul qilingan va mamlakatimizni rivojlantirishning yangicha modeli hisoblangan Harakatlar strategiyasi, Taraqqiyot strategiyasi va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi doirasida barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganligini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan parlament diplomatiyasi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Keyingi o‘n yilda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari, Ozarbayjon, Belarus, Gruziya, Rossiya, Turkiya parlamentlari bilan aloqalari dinamikasi muntazam o‘sib bordi. Qonunchilik palatasining qardosh davlatlar parlamentlari bilan “do‘stlik guruh”larining maqomi oshirildi. O‘zaro samarali tashriflar soni yildan yilga ko‘paymoqda. Xalqaro maydonlarda hamfikrlilik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash ruhi, umummintaqaviy o‘ziga xoslik shakllanmoqda.
O‘zbekiston vakillari dunyodagi eng nufuzli xalqaro parlament tashkilotlari bo‘lgan Parlamentlararo Ittifoq, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Parlamentlararo Assambleyasi, Osiyo Parlamentlari Assambleyasi, Markaziy Osiyo parlamentlari forumi va boshqa platformalarda faol ishtirok etmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida Parlamentlararo Ittifoqning 150-Assambleyasi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Bu O‘zbekistonning global parlamentlar muloqoti markazlaridan biri sifatida jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari chet mamlakatlarga tashriflari davomida xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Bu parlament diplomatiyasiga Prezident darajasida berilayotgan siyosiy e’tiborning yaqqol namunasi bo‘lib, u davlatlararo munosabatlarning muhim diplomatik mexanizmiga aylanmoqda.
Konferensiya ishida nutq so‘zlagan Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva so‘nggi o‘n yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonni barpo etishga qaratilgan tub islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida yangi yondashuvlarni shakllantirganini ta’kidladi.
Konferensiyaning markaziy muhokamalarida konstitutsiyaviy modernizatsiya, parlamentarizmni rivojlantirish, milliy qonunchilikni takomillashtirish, davlat boshqaruvini inson manfaatlariga xizmat qilish tamoyili asosida yanada takomillashtirish, tarixiy-madaniy merosni asrash, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish hamda xalqaro va parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘zaro uyg‘un holda ko‘rib chiqildi.
Muhokamalarda aytilganidek, mamlakatimizning 35-yillik taraqqiyot yo‘li o‘zaro bog‘liq institutsional modernizatsiya jarayoni sifatida davlat, huquq va jamiyat hayotining barcha sohalarini qamrab oldi. Ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda Prezident Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahbarligida Yangi O‘zbekiston g‘oyasi asosida inson huquq va erkinliklari, qadr-qimmati, farovonligi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini ta’minlashga yo‘naltirilgan yangi taraqqiyot strategiyasi shakllandi va izchil amalga oshirilmoqda.
2023-yildagi konstitutsiyaviy islohotlar “inson – jamiyat – davlat” tamoyili asosida davlat va jamiyat taraqqiyotining yangilangan asoslarini mustahkamladi. Konstitutsiyaviy modernizatsiyaning keyingi muhim vazifasi yangilangan qoidalarni qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotida izchil hamda sifatli ro‘yobga chiqarishdan iborat.
Parlamentarizmni rivojlantirish masalalari muhokamasida parlament roli faqat qonun qabul qilish bilan cheklanmasligi, balki qonun ijodkorligi sifati, parlament nazorati, fuqarolar manfaatlarini ifoda etish, ochiqlik va jamiyat bilan doimiy muloqot samaradorligini oshirish bilan uzviy bog‘liq ekani ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan, islohotlarni amalga oshirishda ikki palatali parlament instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanish, hududlar, mahalliy vakillik organlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va fuqarolik jamiyati bilan muloqotni kengaytirish muhim vazifalar sifatida aytildi.
Milliy qonunchilikni takomillashtirish barqaror islohotlarning muhim sharti sifatida baholandi. Qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi, jamiyatdagi real munosabatlarga mosligi va amaliyotda samarali ishlashi qonun ijodkorligining asosiy mezonlari bo‘lishi lozimligi urg‘ulandi.
Iqtisodiy yo‘nalishdagi muhokamalarda tarkibiy islohotlar natijasida iqtisodiy o‘sish, investitsiya faolligi, xususiy sektor va tashqi savdo imkoniyatlarining kengayib borayotgani qayd etildi. Xususan, 2025-yil yakuniga ko‘ra yalpi ichki mahsulot hajmi ilk bor 147 milliard AQSH dollaridan oshgani, keyingi yillarda iqtisodiyotga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb etilgani, tashqi savdo aylanmasi 81,17 milliard dollarga yetgani samarali iqtisodiy siyosat natijasi o‘laroq konferensiya ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Ijtimoiy sohada inson qadri va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar ham alohida e’tirof etildi. O‘tgan davrda 8,5 million nafar ehtiyojmand aholining daromadlari oshirilgani, mamlakatda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 5,8 foizga tushirilgani, 2025-yilda qurilgan uy-joylar soni 238 mingta xonadonga yetgani qayd etildi. Ta’lim sohasida maktabgacha ta’lim qamrovi 78 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi esa 44 foizga yetgani mamlakat inson kapitaliga investitsiyalarning kengayib borayotganini ko‘rsatishi alohida ta’kidlandi.
Ekologik barqarorlik va “yashil” iqtisodiyot masalalari ham konferensiya kun tartibining muhim qismi bo‘ldi. “Yashil makon” loyihasi doirasida qariyb 1 milliard tup daraxt va buta ekilgani, Orol dengizining qurigan tubida
2 million gektardan ortiq maydonda o‘rmonzorlar barpo etilayotgani hamda qayta tiklanuvchi energiyaning ishlab chiqarishdagi ulushi qariyb 45 foizga yetgani qayd etildi.
Konferensiyaning xalqaro parlamentlararo muloqot qismida parlament diplomatiyasining o‘zaro ishonchni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashinuvini rivojlantirish va umumiy mintaqaviy hamda global chaqiriqlarga birgalikda javob izlashdagi amaliy ahamiyati ta’kidlandi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlik muhitini shakllantirishdagi roli alohida e’tirof etildi.
Muhokamalarda madaniy-gumanitar, savdo-iqtisodiy aloqalar, transport-kommunikatsiya va ekologiya sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish, xalqaro savdodagi tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona jarayonlarini soddalashtirish, texnik standart va tartib-taomillarni uyg‘unlashtirish, transport-logistika hamda raqamli bog‘liqlikni rivojlantirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.
Shuningdek, investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasi, “yashil” texnologiyalar, innovatsiyalar, ta’lim va inson kapitali sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlashga xizmat qilishi urg‘ulandi. Bu jarayonlarda parlamentlarning qonunchilik va parlamentlararo hamkorlik mexanizmlaridan faol foydalanishi muhim ekani qayd etildi.
Konferensiya yakunida yalpi muhokamalar va tematik sho‘balarda bayon etilgan yondashuvlar asosida bir qator xulosalar shakllantirildi. Xususan, islohotlar samaradorligini nafaqat qabul qilingan qarorlar, balki ularning inson hayoti, biznes muhiti, ta’lim, davlat xizmatlari sifati hamda hududlar rivojiga bevosita ta’siri orqali baholash muhimligi ta’kidlandi.
Ishtirokchilar davlat boshqaruvi, qonunchilik, iqtisodiyot, inson kapitali va ijtimoiy siyosat, ekologik barqarorlik va xalqaro hamkorlikni yagona va o‘zaro bog‘liq taraqqiyotning uzviy qismlari sifatida ko‘rish zarurligini qayd etdilar. Bunday kompleks yondashuv islohotlarni barqaror va uzoq muddatli natijalarga aylantirish imkonini berishi ta’kidlab o‘tildi.
Konferensiyada bildirilgan fikrlar, taklif va tavsiyalar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlariga erishishga qaratilgani bilan ahamiyatli ekanligi qayd etildi. Shu bilan birga, xorijiy parlamentlar va xalqaro tashkilotlar bilan ekspertlik aloqalarini, qonunchilik tajribasi almashinuvini va qo‘shma tashabbuslarni kengaytirish hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi.
Anjuman O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot tajribasini xalqaro va ekspertlik nuqtayi nazaridan muhokama qilish bilan birga, islohotlarni amalga oshirishda parlament oldida turgan dolzarb vazifalar hamda xalqaro hamkorlikning yangi bosqichlarini belgilashda muhim muloqot maydoni bo‘ldi.
Ishtirokchilar Yangi O‘zbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlarini izchil davom ettirish, ilg‘or xalqaro tajribani keng qo‘llash, parlamentlararo va ekspertlik muloqotini yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.
Konferensiya yakunida mamlakatlar taraqqiyoti yo‘lida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan muloqotni mustahkamlash, qonunchilik tajribasi almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.
So‘z — konferensiya ishtirokchilariga
Sabine MAXL, BMTning O‘zbekiston Respublikasidagi Doimiy koordinatori:
—So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda inson qadri va manfaatlarini islohotlarning markaziga qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni alohida e’tirof etish lozim. Mamlakatda iqtisodiy yangilanishlarni ijtimoiy taraqqiyot, samarali davlat institutlari va inson huquqlarini ta’minlash bilan uyg‘un olib borishga intilish yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Aslida Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy mantig‘i ham shundan iborat. Ular iqtisodiy transformatsiya, ijtimoiy taraqqiyot va ekologik barqarorlikni, shuningdek, samarali institutlar hamda inson huquqlarini o‘zaro bog‘liq holda ta’minlashni nazarda tutadi.
O‘zbekiston bu yo‘nalishlarning barchasida salmoqli natijalarga erishdi. O‘tgan yilgi Barqaror rivojlanish hisobotida O‘zbekiston 167 ta mamlakat orasida 62-o‘rinni egallab, ushbu reytingda 19 pog‘ona yuqoriladi.
Mamlakatda olib borilayotgan inson qadri va aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan islohotlar natijasida kambag‘allik darajasi 5,8 foizgacha qisqardi.
Azer AMIRASLANOV, Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi Iqtisodiy siyosat, sanoat va tadbirkorlik qo‘mitasi raisi:
—Ozarbayjon uchun O‘zbekiston nafaqat do‘st davlat va strategik hamkor, balki umumiy tarix, madaniy yaqinlik, mushtarak meros va qadriyatlar, o‘zaro hurmat rishtalari bilan bog‘langan qardosh mamlakatdir. Qisqa davr mobaynida mamlakatlarimiz an’anaviy do‘stlikdan strategik sheriklikka, undan esa ittifoqchilik munosabatlarigacha bo‘lgan muhim yo‘lni bosib o‘tdi.
Ushbu jarayonda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlar alohida o‘rin tutadi. Davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli ikki tomonlama hamkorlik sifat jihatidan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Yuksak saviyada tashkil etilgan mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya munosabatlarimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi o‘ziga xos muloqot maydoni bo‘ldi.
Lyudmila SAPEGO, Belarus Respublikasi Milliy Majlisi Respublika Kengashi a’zosi:
—O‘zbekiston zamonaviy taraqqiyotning tamomila yangi davrida yashamoqda. Mamlakatingizda modernizatsiya jarayonlari juda samarali kechmoqda va u inson manfaatlariga yo‘naltirilgani uchun xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.
Biz o‘zbek do‘stlarimizning muvaffaqiyatlaridan chin dildan xursandmiz. O‘zbekiston Belarus uchun do‘st va ruhan yaqin mamlakatdir. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonchli muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlik, eng avvalo, davlatlarimiz rahbarlarining oqilona siyosati tufayli mustahkamlanib bormoqda.
2026-yil iyul oyida O‘zbekiston Prezidentining Belarusga tashrifi chog‘ida ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolangani tarixiy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi.
Bugun parlamentlararo hamkorlik ham yangi bosqichga ko‘tarilgan. Do‘stlik guruhlari bilan bir qatorda, ikki mamlakat parlamentlarining yuqori palatalari o‘rtasida parlamentlararo komissiya tashkil etilgan. U oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan parlament monitoringini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Levan Machavariani, Gruziya Parlamenti deputati, “Gruziya–O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari:
—So‘nggi yillarda O‘zbekiston Respublikasi bilan munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani biz uchun alohida ahamiyatga ega. Bu Gruziya va O‘zbekiston o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, do‘stlik va manfaatli hamkorlikning mustahkam poydevori mavjudligini ko‘rsatadi. Mamlakatlarimizni umumiy manfaatlarga xizmat qiluvchi muhim tashabbuslar ham birlashtirib turadi. Jumladan, O‘rta koridorni rivojlantirish qit’alararo bog‘liqlikni kengaytirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash va mamlakatlarimiz uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratishda katta salohiyatga ega.
Bu jarayonlarda parlamentlarning o‘rni beqiyos. Parlament diplomatiyasi siyosiy kelishuvlarni amaliy va uzoq muddatli hamkorlikka aylantirishga xizmat qiladi. Ishonamanki, Gruziya va O‘zbekiston parlamentlari o‘rtasidagi faol muloqot ham mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Xalqaro konferensiyadan juda katta va muhim taassurotlar oldik. Ushbu nufuzli tadbir o‘ylaymanki, o‘z vaqtida tashkil etildi. Zotan, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichda rivojlantirishda albatta, parlamentlararo global muloqotlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Saltanat AMANOVA, Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi Ilm-fan, ta’lim, innovatsion rivojlantirish va axborot texnologiyalari, madaniyat, sport hamda yoshlar ishlari bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari:
—Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yuksak mamnuniyat bilan qayd etamiz. Ayniqsa, so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakat taraqqiyotida mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu yangilanishlar ochiqlik, samarali davlat boshqaruvi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholini ijtimoiy himoya qilish kabi muhim tamoyillarga asoslanmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi iqtisodiy o‘sishning muhim markazlaridan biriga aylandi. Sanoat, transport infratuzilmasi, raqamli iqtisodiyot va inson kapitalini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Uzoq muddatli “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi esa mamlakatning kelgusi taraqqiyoti uchun aniq va ustuvor yo‘nalishlarni belgilab bermoqda.
Alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonning bugungi yutuqlari nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun mintaqa uchun ulkan ahamiyat kasb etadi. Kuchli, barqaror va farovon O‘zbekiston — Markaziy Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning muhim omilidir.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston shunchaki qo‘shni davlatlar emas, balki tarixi, taqdiri va ma’naviy qadriyatlari mushtarak bo‘lgan qardosh mamlakatlardir. Bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar mamlakatlarimiz rahbarlarining qat’iy siyosiy irodasi, o‘zaro ishonchi va yaqin do‘stona muloqoti tufayli o‘z taraqqiyotining eng yuksak bosqichiga ko‘tarildi.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 30-iyul kuni Qirg‘iz Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yana bir muhim va tom ma’noda tarixiy voqea bo‘lib, qirg‘iz-o‘zbek aloqalarini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Aynan ikki davlat Prezidentlarining siyosiy irodasi tufayli o‘zaro hamkorligimiz sifat jihatidan yangi darajaga — ittifoqchilik munosabatlari bosqichiga ko‘tarildi.
Gulzoda Mahmadshoh QURBONALI Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi namoyandagon, Xalqaro ishlar, jamoat birlashmalari va axborot qo‘mitasi raisi:
—O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakat davlat taraqqiyoti tarixida yangi sahifa ochgan keng ko‘lamli islohotlar dasturlarini izchil va ishonchli amalga oshirmoqda. Modernizatsiya, ochiqlik va konstruktiv xalqaro hamkorlikka qaratilgan siyosat nafaqat mamlakat ichki taraqqiyotiga kuchli sur’at bag‘ishladi, balki O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini ham sezilarli darajada mustahkamladi.
Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli sheriklik tamoyillariga asoslangan ochiq, pragmatik va konstruktiv tashqi siyosat olib borayotgan davlat sifatida o‘z o‘rnini tobora mustahkamlab bormoqda.
Mazkur konferensiya doirasida Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilgan, Yangi O‘zbekistonning shonli taraqqiyot yo‘li, ulkan islohotlari va salmoqli yutuqlarini o‘zida mujassam etgan fotoekspozitsiya bilan ham tanishish bizda katta taassurot qoldirdi. Ushbu ko‘rgazma orqali Yangi O‘zbekistonning bugungi qiyofasi va yorug‘ istiqboliga nazar tashlash imkoniga ega bo‘ldik.
Davlatingiz rahbarining islom sivilizatsiyasi merosini chuqur o‘rganish va uni jahon miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan oqilona siyosati yuksak e’tirof etamiz. Ayniqsa, majmuadagi nodir qo‘lyozmalar, tarixiy manbalar, noyob eksponatlar hamda zamonaviy multimedia vositalari orqali boy tarixingizning turli davrlari bir butun ma’rifiy manzara sifatida namoyon etilgani bizda katta qiziqish uyg‘otdi.
Merdan TUVAKOV, Turkmaniston Mejlisi Xalqaro va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi a’zosi:
—O‘zbekiston va Turkmanistonni nafaqat umumiy tarix, madaniyat va an’analar, balki bugungi kunda tobora mustahkamlanib borayotgan do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari ham birlashtirib turadi. Men, ayniqsa, bu munosabatlarning bugungi yuksak darajaga ko‘tarilishida ikki davlat yetakchilarining mustahkam siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti hal qiluvchi ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidlamoqchiman.
Davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yangi mazmun bilan boyib, parlamentlararo aloqalar uchun ham keng imkoniyatlar ochilmoqda. Bizning, deputatlarning vazifamiz esa ana shu siyosiy irodani amaliy ishlar bilan qo‘llab-quvvatlash, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashdan iborat.
Konferensiya davomida menga ayniqsa, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarning inson manfaatlariga yo‘naltirilgani muhim jihat sifatida taassurot qoldirdi. Mazkur tadbirni parlamentlar o‘rtasida tajriba almashish, qonun ijodkorligi sohasida fikr yuritish va ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilash uchun samarali maydon sifatida baholayman.
Anjuman doirasidagi fikr almashinuvlar, bildirilgan takliflar va tashabbuslar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga katta hissa qo‘shadi.
Osman MESTEN, Turkiya Buyuk Millat Majlisi deputati, Turkiya-O‘zbekiston do‘stlik guruhi hamraisi:
—Bugun Turkiya va O‘zbekiston munosabatlari ikki mamlakat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va samimiy do‘stlik tufayli yuksak bosqichga ko‘tarildi. Davlat rahbarlari yaratgan ana shu mustahkam siyosiy asos parlamentlararo aloqalarda ham o‘z ifodasini topmoqda.
Parlament diplomatiyasi, do‘stlik guruhlari orqali o‘zaro ishonch va hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda. Bu hamkorlik parlament diplomatiyasining mavqeini yuksaltirishga zamin yaratadi. Ayni paytda Oliy Majlisning Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo do‘stlik guruhi faoliyat olib borayotir.
Qonun chiqaruvchi organlar va parlament a’zolari sifatida jamiyatlarimiz va davlat institutlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasida zimmamizda katta mas’uliyat bor.
Mintaqamizda va butun dunyoda kechayotgan jarayonlar bizdan — Turkiy davlatlar parlamentlari a’zolaridan — samarali va maqsadga yo‘naltirilgan parlament diplomatiyasini amalga oshirish, yangi yondashuvlarni ishlab chiqish va aniq natijalarga erishishni talab etmoqda.
Mazkur xalqaro konferensiya esa parlament diplomatiyasidan yanada samarali foydalanish va parlamentlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish borasidagi qat’iy intilishlarimizni ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.






















