Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshida oxirgi ikki yilda amalga oshirilgan institutsional islohotlar

Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan so‘nggi ikki yilda Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshida amalga oshirilgan institutsional islohotlar o‘rganib chiqildi.
Jogorku Kenesh – Qirg‘iz Respublikasining bir palatali parlamenti bo‘lib, besh yil muddatga saylanadigan 90 nafar deputatdan iborat.
I. Parlament faoliyatiga oid asosiy islohotlar
1. 2025-yil 30-aprelda qabul qilingan Konstitutsiyaviy qonun bilan parlament saylovlari aralash saylov tizimidan majoritar tizimga o‘tkazildi. Deputatlarni saylash uchun 30 ta ko‘p mandatli hududiy saylov okrugi tuzilib, ularning har birida 3 nafardan deputat saylanishi belgilandi.
2. 2025-yil 25-sentyabrda Jogorku Kenesh tarixida birinchi marta o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘zini o‘zi tarqatib yuborishdan maqsad ikkita muhim siyosiy voqea: 2026-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan parlament saylovlari va 2027-yil yanvar oyida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan prezidentlik saylovlari o‘rtasidagi vaqt oralig‘ini uzaytirish bilan izohlangan.
2025-yil 30-noyabr kuni yangi saylov tizimi (majoritar tizim) bo‘yicha parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi.
3. Jogorku Kenesh “raqamli parlament” tizimiga o‘tishni amalga oshirmoqda. Jumladan, tegishli qo‘mitalar majlislarida onlayn ishtirok etish imkoniyati ta’minlandi. Qonun ijodkorligi va hujjat aylanishi jarayonlari to‘liq raqamlashtirildi. Maxsus “e-kenesh” mobil ilovasi ishlab chiqildi. Sun’iy intellekt elementlari faol joriy etilmoqda. Jamoatchilik qabulxonasi raqamli platformaga o‘tkazildi.
II. Parlament tomonidan amalga oshirilgan asosiy islohotlar
1. Tadbirkorlik va investitsiyalarni jalb qilish yo‘nalishida:
2025-yil 26-iyunda “Qirg‘iz Respublikasida investitsiyalar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unda mahalliy va xorijiy investorlar tomonidan respublika hududida to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarni amalga oshirishda yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solindi.
2025-yil 19-iyunda aholi va tadbirkorlik subyektlarining soliq yukini kamaytirishni nazarda tutuvchi Qonun qabul qilindi. Qonun bilan transport vositalariga mol-mulk solig‘i bekor qilindi. Qishloq xo‘jaligi yerlariga soliqning nol stavkasi 2030-yil oxirigacha uzaytirildi. 2022-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davr uchun soliq tekshiruvlari taqiqlandi.
2026-yil 25-iyunda qabul qilingan Qonunda kreativ industriya, IT-sektor, umumiy ovqatlanish va chorvachilik subyektlari uchun soliq imtiyozlarini taqdim etish hamda ko‘mir qazib olish sanoati korxonalari uchun asosiy qarzdorlik summasini to‘lashda penya va soliq sanksiyalarini hisobdan chiqarish nazarda tutilgan.
2. Notijorat tashkilotlari yunalishida:
2024-yil 2-aprelda qabul qilingan Qonun bilan qonunchilikka chet el vakili vazifasini bajaruvchi notijorat tashkilot tushunchasi kiritildi.
Chet el vakili vazifasini bajaruvchi notijorat tashkilot – Qirg‘iz Respublikasida tashkil etilgan, chet davlatlardan, ularning davlat organlaridan, xalqaro va chet el tashkilotlaridan, chet el fuqarolaridan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan yoki ular tomonidan vakolat berilgan shaxslardan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulkni oladigan (davlat ishtirokidagi ochiq aksiyadorlik jamiyatlari va ularning shu’ba jamiyatlari bundan mustasno) hamda Qirg‘iz Respublikasi hududida amalga oshiriladigan siyosiy faoliyatda, shu jumladan chet el manbalari manfaatlarini ko‘zlab ishtirok etadigan notijorat tashkilot.
Ushbu tashkilotlarga ommaviy reestrda majburiy ro‘yxatdan o‘tish, materiallarni markirovkalash va har yili mustaqil audit o‘tkazish vazifalari yuklatildi. Bundan tashqari, Adliya vazirligiga mazkur tashkilotlarni tekshirish bo‘yicha kengaytirilgan vakolatlar, hamda tashkilot faoliyatini olti oygacha bo‘lgan muddatga sudsiz to‘xtatib turish va keyinchalik sud tartibida tugatish imkoniyati berildi.
2024-yil 26-dekabrda “Diniy e’tiqod erkinligi va diniy birlashmalar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Qonun diniy tashkilotlarni har 10-yilda qayta ro‘yxatdan o‘tkazish tartibini joriy etdi. Diniy faoliyatni amalga oshirish joylarini chekladi. Ro‘yxatdan o‘tgan diniy ta’lim muassasalaridan tashqarida diniy fanlarni o‘qitishni va jamoat joylarida diniy adabiyotlarni tarqatishni taqiqladi. Bundan tashqari, jamoat joylarida fuqaroning shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan kiyimlarni kiyganlik uchun ma’muriy javobgarlik joriy etildi.
2025-yil 25-iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonun barcha ommaviy axborot vositalarini, shu jumladan onlayn nashrlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazishni belgiladi. Xorijiy ta’sischining ishtiroki uchun ustav kapitalining 35 foizi miqdorida cheklov o‘rnatildi. Shu bilan birga, Qonunda senzurani taqiqlash, axborot manbalarini himoya qilish kafolatlari hamda davlat organlarining jurnalistlar so‘rovlariga javob berishi uchun uch kunlik muddat belgilandi.
2025-yil 21-oktyabrda qabul qilingan Qonunga ko‘ra, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, diniy tashkilotlar va kooperativlarga daromadlari, xarajatlari va mol-mulki to‘g‘risida soliq xizmatiga har yili hisobot berish majburiyati yuklatildi.
3. Raqamlashtirish yo‘nalishida:
2025-yil 18-iyunda shaxsiy ma’lumotlar, telekommunikatsiya xizmatlari, raqamli platformalar va sun’iy intellekt bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi hujjat – Qirg‘iz Respublikasining Raqamli kodeksi qabul qilindi.
2025-yil 20-martda milliy raqamli valyutaning huquqiy maqomiga oid Qonun qabul qilindi. Bu esa Milliy bankka “raqamli som”ni sinov rejimida ishga tushirish imkonini berdi.
Bugungi kunda parlamentda raqamli dalillar tushunchasini joriy etish va kiberjinoyatlarga oid ishlar doirasida virtual aktivlarni musodara qilish imkoniyatini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ko‘rib chiqilmoqda.





















