Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi





Toshkent shahrida yangi chaqiriq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi boʻlib oʻtdi. Majlisni qonunga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasining raisi Z. Nizamxodjayev ochib berdi.
Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq soʻzladi.
Yigʻilishda Hukumat aʼzolari, markaziy idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Qonunchilik palatasi birinchi majlisining Muvaqqat kotibiyati, Sanoq komissiyasi hamda Ovozlarni hisoblash elektron tizimidan foydalanishni nazorat qiluvchi muvaqqat guruh saylab olinganidan soʻng, deputatlar kun tartibini tasdiqladilar.
Markaziy saylov komissiyasi raisi Z. Nizamxodjayev Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtgan saylov yakunlari toʻgʻrisida axborot berdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda boʻlib oʻtgan parlament saylovi Oʻzbekiston tarixida ilk bor yangi tahrirdagi Konstitutsiya va milliy saylov qonunchiligiga binoan, aralash — majoritar va proporsional saylov tizimi asosida oʻtkazildi. Mazkur tizimning joriy etilishi siyosiy partiyalar oʻrtasidagi raqobatni kuchaytirib, jamiyatimizdagi demokratik muhitga yangi quvvat bagʻishladi. Saylov natijalariga koʻra, parlament quyi palatasiga bir mandatli saylov okruglaridan saylangan 75 nafar hamda yagona saylov okrugidan partiya roʻyxati asosida saylangan 75 nafar deputatlar roʻyxatga olindi.
Majlisda, shuningdek, saylov qonunchiligi ilgʻor demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirilgani qayd etildi. Xususan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi, siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlarni koʻrsatishda ayollarning ulushi kamida 40 foiz boʻlishi belgilandi. Bundan tashqari, deputatlikka nomzod saylanishi uchun saylovchilarning nisbiy koʻpchiligi ovozini olishi belgilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa, 14 tadan 18 taga koʻpaytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi.
Hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi.
Joriy yilning 27-oktabr kuni boʻlib oʻtgan saylovlar demokratik huquqiy davlat qurish va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, aholimizning hayot va turmush darajasini yanada yuksaltirish, oldimizga qoʻyilgan maqsadlarga erishish yoʻlida xalqimizning oʻzaro hamjihatlikda harakat qilayotganini yana bir bor namoyish etgani alohida taʼkidlandi.
“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, quyi palata aʼzolari Qonunchilik palatasi Spikeri lavozimiga nomzod koʻrsatish uchun Siyosiy partiyalar vakillari kengashini tuzdilar.
Qisqa tanaffusdan soʻng, Siyosiy partiyalar vakillari kengashining taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yoʻli bilan OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Nuriddin Ismoilovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri etib sayladilar.
Shundan soʻng, majlisga raislik qilish vakolati Reglamentga asosan Qonunchilik palatasining yangi saylangan Spikeriga oʻtdi.
Reglamentga muvofiq, Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari Siyosiy partiyalar vakillari kengashining tavsiyasiga asosan Qonunchilik palatasi tomonidan saylanadi. Yaʼni Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosarlari soni, qoida tariqasida, 2 nafardan oshmasligi kerakligi belgilangan.
Shundan kelib chiqib, deputatlar Mavluda Xoʻjayeva, Rahimjon Hakimov Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosarlari etib saylandi.
Majlisda beshta siyosiy partiyaning fraksiyalari roʻyxatga olindi, ularning kelishilgan takliflariga muvofiq Qonunchilik palatasi qoʻmitalari tuzildi.
Deputatlar parlament quyi palatasi qoʻmitalarining raislarini ham saylab oldilar. Unga koʻra:
Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi — Ravshan Maʼmutov;
Budjet va iqtisodiy masalalar qoʻmitasi — Sharofiddin Nazarov;
Demokratik institutlar va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi — Gulruh Agzamova;
Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi — Ilhom Abdullayev;
Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi — Jahongir Shirinov;
Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qoʻmitasi — Bobur Bekmurodov;
Fan, taʼlim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qoʻmitasi — Nodir Jumayev;
Xalqaro ishlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi — Ulugʻbek Shermatov;
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi — Xayrullo Gʻafforov qoʻmita raislari etib saylandilar.
Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi oʻz ishini yakunladi.





















