Hujjatlardan — aniq natijalarga O‘zbekiston raisligi Hamdo‘stlikka qanday yangi mazmun olib kiradi
Bugungi murakkab xalqaro sharoitda davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning mustahkamligi umumiy manfaatlarni anglash, o‘zaro ishonchni saqlash va kelishilgan maqsadlarni amaliy natijalarga aylantirish qobiliyati bilan belgilanadi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 35 yillik tajribasi ham bu borada muhim xulosalar chiqarish, shakllangan aloqalarni yangi iqtisodiy imkoniyatlar va zamonaviy taraqqiyot talablari asosida rivojlantirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik hududida bo‘lib o‘tgan MDH davlat rahbarlari kengashining kengaytirilgan majlisida Prezidentimiz O‘zbekistonning 2027-yil 1-yanvardan boshlanadigan ikkinchi raisligiga doir ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi. “MDH — ishonch va umumiy taraqqiyot makoni” shiori ostida ilgari surilgan konsepsiya iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirishni qamrab oladi.
Ushbu yondashuvning muhim jihati shundaki, raislik samarasi tashabbuslar ko‘lami bilan bir qatorda, ularning savdo, investitsiya, yangi ish o‘rinlari va aholi farovonligida aks etadigan amaliy natijalari orqali baholanishi ko‘zda tutilgan. Demak, mamlakatimiz raisligi Hamdo‘stlik doirasidagi hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish va uning amaliy samaradorligini oshirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.
Ishonch krediti va mas’uliyat yuki
MDHga ikkinchi bor raislik qilish mamlakatimizning so‘nggi yillarda Hamdo‘stlik doirasida tobora faol ishtirok etib, amaliy tashabbuslar bilan chiqib kelayotganining natijasidir. 2017-yildan boshlab bu borada yangi bosqich boshlandi.
Prezidentimiz shu yil oktyabr oyida Sochida o‘tkazilgan Davlat rahbarlari kengashi majlisida ilk bor ishtirok etganidan buyon har bir sammitda hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan aniq takliflarni ilgari surib kelmoqda. E’tiborli jihati, bu tashabbuslarni amalga oshirish uchun maxsus “yo‘l xaritalari” ham ishlab chiqildi. Shu tariqa hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarni aniq vazifalar va amaliy ishlar bilan bog‘lashga e’tibor kuchaydi.
Bugun O‘zbekiston Hamdo‘stlikning 86 ta organidan 66 tasi faoliyatida ishtirok etmoqda. Mamlakatimiz 24 ta tarmoq hamkorligi organiga ham qo‘shilgan. Bu raqamlar ortida iqtisodiyot, transport, xavfsizlik va boshqa sohalardagi hamkorlikda bevosita qatnashish, o‘z takliflarini ilgari surish va milliy manfaatlarni himoya qilish imkoniyatlari turibdi. Demak, ikkinchi raislikka tayyorgarlik mamlakatimizning yillar davomida to‘plagan tajribasi va shakllangan hamkorlik aloqalariga tayanadi.
Bu faollikni raqamlar ham tasdiqlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2017-yildan buyon O‘zbekiston MDH doirasida siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va xavfsizlik sohalari bo‘yicha 90 ta amaliy tashabbusni ilgari surgan. Ularning 80 tasi — qariyb 89 foizi — amalga oshirilgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatimiz takliflarining amaliy ahamiyatini, shuningdek, ularni hayotga tatbiq etish borasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik samarasini ko‘rsatadi.
Birinchi raislik tajribasi ham buning amaliy isbotidir. 2020-yilda pandemiya sharoitiga qaramay, 50 dan ortiq tadbir o‘tkazildi. MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi hamda 2030-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan Iqtisodiy rivojlanish strategiyasi qabul qilindi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi 2020-yil 23-noyabrda “BMT va MDH o‘rtasidagi hamkorlik” rezolyutsiyasini bir ovozdan qabul qildi. Davlatimiz rahbarining ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi 2023-yilda MDH Faxriy nishoni bilan e’tirof etilgani ham bejiz emas.
Bugungi sharoit 2020-yildagidan ancha farq qiladi. Hamdo‘stlik 35 yilligini a’zo davlatlarning tashkilotga munosabati va undagi ishtiroki turlicha bo‘lgan bir davrda nishonlamoqda. Xususan, Moldova parlamenti MDHni tuzish to‘g‘risidagi bitim va Hamdo‘stlik Nizomini denonsatsiya qilishga doir qarorlar qabul qildi. Bunday vaziyatda muloqotni davom ettirish va umumiy manfaatlar asosida hamkorlik imkoniyatlarini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu bilan birga, Hamdo‘stlik doirasidagi muloqot boshqa sheriklar bilan ham aloqalarni qamrab olmoqda. “Avaza”dagi kengaytirilgan majlisda Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkianning faxriy mehmon sifatida ishtirok etishi bunga misol bo‘la oladi. Kelgusidagi hamkorlik samarasi, avvalo, a’zo davlatlarning kelishuvlarga erishish va ularni amalga oshirish qobiliyatiga bog‘liq. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy tashabbuslarni ilgari surish tajribasi ham qo‘l kelishi mumkin.
2027-yilda O‘zbekiston raisligida Turkmaniston va Ozarbayjonning hamrais sifatida ishtirok etishi, navbatdagi sammitning esa Buxoroda o‘tkazilishi rejalashtirilgani mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Shu bois raislik davridagi asosiy vazifalardan biri — konstruktiv muloqotni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va kelishilgan chora-tadbirlarni aniq natijalarga aylantirishdir.
Umumiy taraqqiyot yo‘lida hamjihatlik
Prezidentimiz raislikning mazmun-mohiyatini umumiy ishga hissa qo‘shish, yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish, dolzarb yo‘nalishlarda hamkorlikni birgalikda rivojlantirish bilan bog‘ladi. “MDH — ishonch va umumiy taraqqiyot makoni” shiori ham shu yondashuvni ifodalaydi. Uning zamirida davlatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, umumiy manfaatlarni uyg‘unlashtirish va birgalikdagi sa’y-harakatlarni aniq natijalarga yo‘naltirish g‘oyasi mujassam.
Shiordagi ikki tushuncha bir-birini taqozo etadi. Ishonch bo‘lmagan joyda uzoq muddatli iqtisodiy loyihalar, qo‘shma investitsiyalar va tranzit yo‘laklari barpo etib bo‘lmaydi. Umumiy taraqqiyotga xizmat qilmaydigan ishonch esa deklarativ bo‘lib qolaveradi. Shu bois nutqda siyosiy muloqotga alohida urg‘u berildi: “Hamdo‘stlik doirasidagi siyosiy muloqotga alohida e’tibor qaratishimiz zarur”. Jahondagi vaziyat murakkablashib borayotgan bir paytda har qanday masalani xotirjam muhokama qilish, bir-birini tinglash va barchaga ma’qul yechim izlash imkoniyatini saqlab qolish Hamdo‘stlikning eng qimmatli siyosiy kapitalidir.
Mamlakatimiz bu tamoyilni avvalo o‘z tashqi siyosatida amalda isbotlab kelmoqda. So‘nggi yillarda qo‘shni va sherik davlatlar bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Qozog‘iston (2022-yil 22-dekabr), Tojikiston (2024-yil 18-aprel) va Ozarbayjon (2024-yil 23-avgust) bilan Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi.
“Avaza”dagi sammit arafasida, ya’ni 8-oktabr kuni Turkmaniston bilan Strategik sheriklik oliy kengashini tuzish to‘g‘risidagi hujjat imzolandi. Demak, nutqda ta’kidlangan “Yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va anglashuv mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning asosi bo‘lib qoladi” degan fikr ortida aniq shartnomaviy-huquqiy asos va sinovdan o‘tgan amaliyot turibdi.
Natijaga yo‘naltirilgan raislik
Nutqning eng muhim konseptual jihati tashabbuslarning soniga emas, ularning ijrosiga urg‘u berilganidir. Davlatimiz rahbari ma’lum qilganidek, “Bugungi kunda Raislik konsepsiyasi va Tadbirlar rejasi ustidagi ishlarni yakunlamoqdamiz”. Ularda hozirning o‘zida yuzdan ortiq aniq chora-tadbir ko‘zda tutilgan. Ammo asosiy talab boshqa: “Mazkur dastur oddiy tashabbuslar ro‘yxati bo‘lib qolmasligi biz uchun muhimdir”. Har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq qadamlar, muddatlar va kutilayotgan natija belgilanishi lozim.
Bu yondashuvning ahamiyatini anglash uchun Hamdo‘stlikdagi hamkorlik amaliyotiga xolis nazar tashlash kifoya. Tahlillar muayyan qonuniyatni ko‘rsatmoqda. Tashkiliy, madaniy-gumanitar va diplomatik tashabbuslar, xalqaro forumlar, madaniy va yoshlar poytaxtlari, BMT rezolyutsiyasi yuqori darajada va nisbatan qisqa muddatda amalga oshirilmoqda. Aksincha, ko‘p tomonlama kelishuv va ratifikatsiyani talab etuvchi iqtisodiy-huquqiy hujjatlar yillar davomida kelishuv bosqichida qolib ketmoqda. Masalan, xizmatlar erkin savdosi to‘g‘risidagi bitim 2023-yil iyunda imzolangan bo‘lsa-da, ishtirokchi davlatlarda turli muddatlarda kuchga kirmoqda. O‘zbekiston-2023-yilda Bishkekda ilgari surgan oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi hamkorlik dasturi hali tasdiqlanmagan. Maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” esa kelishuv bosqichida turibdi.
Boshqacha aytganda, Hamdo‘stlikda o‘ziga xos “ijro tafovuti” siyosiy kelishuvlar bilan ularning iqtisodiy samarasi o‘rtasidagi masofa mavjud. Prezidentimizning raislik yakunida “faqat qabul qilingan hujjatlar va kelishuvlar emas, balki kelgusida ham naf keltiradigan” aniq natijalar qolishi kerakligi haqidagi talabi aynan shu tafovutni qisqartirishga qaratilgan. Bu mamlakatimizda davlat boshqaruvida izchil qo‘llanilayotgan, har bir qarorni aniq muddat, mas’ul ijrochi va o‘lchanadigan natija bilan bog‘lash yondashuvining xalqaro hamkorlikka tatbiq etilishidir.
Tovar ayirboshlashdan qo‘shilgan qiymat zanjiriga
Iqtisodiy yo‘nalishda Prezidentimiz aniq ustuvorlikni belgiladi: “Iqtisodiyotda asosiy e’tiborni sanoat kooperatsiyasiga qaratishni taklif etamiz”. Bu qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, barqaror yetkazib berish zanjirlarini yo‘lga qo‘yish, o‘zaro investitsiyalar uchun sharoitlarni yaxshilash va savdodagi to‘siqlarni bartaraf etishni anglatadi. Biznesda raqamli texnologiyalar qo‘llanilishini kengaytirish va elektron tijoratni rivojlantirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi.
Nega aynan kooperatsiya? Raqamlar bu savolga aniq javob beradi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonning MDHdagi olti asosiy sherigi — Rossiya, Qozog‘iston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi, Belarus va Tojikiston bilan tovar aylanmasi 22,2 mlrd dollarni tashkil etib, 2023-yilga nisbatan 22,7 foizga oshdi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi davlatlari bilan savdo esa 2017–2025-yillarda 7,2 mlrd dollardan 20,2 mlrd dollargacha, ya’ni 2,8 barobar ko‘paydi. Biroq miqdoriy o‘sish ortida tarkibiy muammo ham bor. Ushbu olti davlat bilan savdoda jami manfiy saldo 6,9 mlrd dollarga yetdi, jumladan Rossiya bilan 4,3 mlrd, Qozog‘iston bilan 1,9 mlrd dollar.
Bunday nomutanosiblikni faqat an’anaviy eksportni ko‘paytirish bilan bartaraf etib bo‘lmaydi. Yechim sherik davlatlar bilan birgalikda ishlab chiqarish, qo‘shma investitsiya kiritish va tayyor mahsulot bilan uchinchi bozorlarga chiqishdir. Davlatimiz rahbari shu kuni bo‘lib o‘tgan Kengash majlisidagi nutqida ham tovar savdosidan qo‘shilgan qiymat zanjirlarini birgalikda yaratishga o‘tish zarurligini ta’kidlab, erkin savdo zonasining istisnolar va cheklovlarsiz to‘laqonli ishlashini ta’minlash, texnik to‘siqlarni bartaraf etish, muvofiqlik sertifikatlarini o‘zaro tan olish, davlat xaridlariga kirish imkoniyatini kengaytirish hamda MDH davlatlarining maxsus iqtisodiy zonalari va industrial parklarini yagona tarmoqqa birlashtirish takliflarini ilgari surdi.
Nutqda “kelajak tarmoqlari” — muhim minerallar, sun’iy intellekt, robotlashtirish, yangi materiallar va zamonaviy energetika texnologiyalari bo‘yicha birgalikda ishlash taklif etilgani alohida e’tiborga molik. Bugun global raqobat aynan shu sohalarda kechmoqda, ularda o‘z kompetensiyalariga ega bo‘lmagan mintaqalar esa texnologik qaramlikka tushib qolish xavfiga duch keladi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda ham amaliy qadamlar qo‘ymoqda. 2025-yil avgustda Samarqandda “MDHda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish” xalqaro forumi o‘tkazildi. Mamlakatimiz tomonidan MDH energetika sohasini innovatsion rivojlantirish dasturi va uni amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi ishlab chiqildi.
Geografiyani iqtisodiy ustunlikka aylantirish
“Markaziy Osiyo bugungi kunda Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi muhim transport tuguniga aylanib bormoqda”, — dedi Prezidentimiz. Bu fikr ortida chuqur strategik mazmun bor. Dengizga bevosita chiqish yo‘li bo‘lmagan, buning ustiga, jahon okeaniga chiqish uchun kamida ikki davlat hududini kesib o‘tishi lozim bo‘lgan O‘zbekiston uchun tranzit xarajatlari raqobatbardoshlikning hal qiluvchi omilidir. Shu bois nutqda tranzit tartib-taomillarini soddalashtirish, qulay, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan manfaatli yo‘nalishlarni yaratish, mintaqa transport tarmog‘ini Hamdo‘stlik ichidagi va undan tashqaridagi umumiy aloqalar tizimiga integratsiya qilish vazifalari qo‘yildi.
Kengash majlisida bu g‘oya aniq takliflar bilan to‘ldirildi. Bunda integratsiyalashgan logistika markazlarini yaratish, tranzit xarajatlarini sezilarli qisqartirish, yuk tashish qoidalarini unifikatsiya qilish va MDHning yagona transport axborot tizimini shakllantirish alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston Turkmanistonning 2029-yilni Hamdo‘stlikda “Transport bog‘liqligi yili” deb e’lon qilish tashabbusini ham qo‘llab-quvvatladi. MDH hududidan o‘tuvchi xalqaro transport yo‘laklari infratuzilmasini optimallashtirish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan harakatlar rejasi qabul qilinganini hisobga olsak, raislik yili ushbu rejani aniq loyihalar bilan boyitish uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Zero, transport yo‘laklari energetika, raqamli aloqa va turizmni o‘ziga tortadigan rivojlanish koridorlari bo‘lib, tranzitdagi har bir ortiqcha kun va ortiqcha hujjatning qisqarishi eksportchilarimiz uchun bevosita iqtisodiy foydaga aylanadi.
Inson — hamkorlikning bosh mezoni
Nutqning yakuniy qismida hamkorlikning insoniy o‘lchovi alohida o‘rin egalladi. Prezidentimiz talabalar, yosh mutaxassislar, olimlar, tadqiqotchilar va ijodkorlar o‘rtasida muloqot, tajriba almashish va birgalikda ishlash uchun ko‘proq imkoniyat yaratish zarurligini ta’kidladi: “Zero, Hamdo‘stlik kelgusida qanday bo‘lishini aynan yosh avlod belgilaydi”.
Bu g‘oya ham amaliy tajribaga tayanadi. 2024-yilda Samarqand MDHning madaniy poytaxti, Toshkent esa Hamdo‘stlikning ilk yoshlar poytaxti deb e’lon qilindi. O‘zbekiston tashabbusi bilan Xivada MDH Yoshlar forumi va uning doirasida Yoshlar laboratoriyasi tashkil etilmoqda. Mamlakatimiz diplomlar, malakalar va akademik dasturlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida yangi davlatlararo bitim tayyorlash, kasb standartlarini uyg‘unlashtirish hamda MDH Venchur platformasini yaratishni ham taklif etgan. Kengash majlisida esa Davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg‘armasi formatini kengaytirish va “Madaniy siyosat va kreativ industriyalar” forumini tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.
“Mamlakatlarimiz ulkan insoniy va intellektual salohiyatga ega”, — deya ta’kidladi davlatimiz rahbari. Vazifa ushbu salohiyatni zamonaviy ishlab chiqarish, innovatsiyalar va yangi ish o‘rinlariga yo‘naltirish uchun sharoit yaratish. Bu masala mamlakatimiz uchun ijtimoiy jihatdan ham g‘oyat muhim. Rossiyada 1,3 mln ga yaqin yurtdoshimiz vaqtincha mehnat faoliyatini yuritmoqda, pul o‘tkazmalari esa yalpi ichki mahsulotning 12,8 foizidan ortig‘iga teng. Shu ma’noda, O‘zbekistonning 2020-yildayoq ilgari surgan mehnat migrantlari hujjatlarini o‘zaro tan olishning yagona mexanizmini yaratish taklifi, migrantlarning huquqiy va ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalari raislik kun tartibida munosib o‘rin egallashi maqsadga muvofiq.
Nutqda ilgari surilgan asosiy tamoyil ham shunda. “Butun faoliyatimiz markazida inson, uning qadr-qimmati, manfaat va imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish turishi kerak”. Yangi O‘zbekiston ichki siyosatining negizini tashkil etayotgan inson qadrini ulug‘lash g‘oyasi shu tariqa Hamdo‘stlik miqyosidagi hamkorlikning ham bosh mezoniga aylanmoqda.
Tashabbuslarni qonun tiliga o‘girish
Raislik dasturining muvaffaqiyati ko‘p jihatdan parlamentning undagi ishtiroki va qo‘llab-quvvatlashiga ham bog‘liq. O‘zbekiston 2018-yil 29-noyabrda MDHga a’zo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi to‘g‘risidagi Konvensiyani imzolab, Assambleyaning o‘ninchi a’zosiga aylangan. O‘sha paytgacha Assambleya tomonidan 546 ta model qonun qabul qilingan edi. Bugun ushbu instrument raqamli savdo, mehnat migratsiyasi, kiberxavfsizlik va oziq-ovqat xavfsizligi kabi Prezidentimiz nutqida ustuvor deb belgilangan sohalarda milliy qonunchilikni sherik davlatlar qonunchiligi bilan uyg‘unlashtirishning amaliy vositasi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Fikrimizcha, raislik yilida Oliy Majlis palatalari oldida uchta muhim vazifa turibdi. Birinchidan, ratifikatsiya talab etuvchi xalqaro shartnomalarni ustuvor tartibda ko‘rib chiqish, bu “ijro tafovuti”ni qisqartirishning eng to‘g‘ri yo‘lidir.
Ikkinchidan, MDH doirasida ilgari surilgan tashabbuslar ijrosini muntazam parlament nazoratiga olish bo‘lib, har bir tashabbus bo‘yicha mas’ul idora, muddat va iqtisodiy ta’sir ko‘rsatkichlarini belgilagan holda tegishli vazirlik va idoralarning axborotini palatalar qo‘mitalarida eshitish amaliyotini joriy etish maqsadga muvofiq.
Uchinchidan, 2027-yilda Parlamentlararo Assambleya doimiy komissiyalarining sayyor majlisi yoki parlamentlararo forumni yurtimizda o‘tkazish orqali raislikning parlament kun tartibini shakllantirish lozim.
Umumiy taraqqiyot yo‘lida
Davlatimiz rahbarining “Avaza”dagi nutqi O‘zbekiston raisligining mazmun-mohiyati va amaliy yondashuvini aniq belgilab berdi. Unda iqtisodiyot, yangi texnologiyalar, transport, xavfsizlik, ta’lim, ilm-fan va inson salohiyatini rivojlantirishga oid yetti ustuvor yo‘nalish qamrab olindi.
Raislikning asosiy uslubiy tamoyili ham ravshan, ya’ni deklarativ bayonotlar o‘rnini o‘lchanadigan natijalar, tashabbuslar sanog‘i o‘rnini esa aniq muddatlar, mas’uliyat va amaliy ijro mexanizmlariga tayangan dastur egallashi kerak.
Ilgari surilgan tashabbuslarning ahamiyati bir necha jihatda namoyon bo‘ladi. Birinchidan, ular Hamdo‘stlikning uzoq yillik muammosi siyosiy kelishuvlar bilan iqtisodiy samara o‘rtasidagi tafovutni ochiq e’tirof etib, uni bartaraf etishning aniq mexanizmini taklif qiladi.
Ikkinchidan, sanoat kooperatsiyasi, tranzit va kelajak tarmoqlariga urg‘u berish MDHni xomashyo va tovar ayirboshlash makonidan texnologik va ishlab chiqarish sherikligi makoniga aylantirishga qaratilgan.
Uchinchidan, xavfsizlik va kibermakonni himoya qilish masalalarining iqtisodiy hamkorlik bilan uzviy bog‘lanishi zamonaviy tahdidlarning tabiatiga mos keladi.
To‘rtinchidan, inson, uning qadr-qimmati va imkoniyatlarini hamkorlik markaziga qo‘yish integratsiya jarayonlariga insoniy mazmun bag‘ishlaydi va uni oddiy fuqaro hayotida seziladigan hodisaga aylantiradi.
Global vaziyat tobora keskinlashib, ko‘plab xalqaro institutlarning samaradorligi va nufuzi sinovdan o‘tayotgan sharoitda O‘zbekiston Hamdo‘stlik doirasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash va umumiy taraqqiyotni ta’minlashga qaratilgan yondashuvni ilgari surmoqda. Bu mamlakatimizning ochiqlik, pragmatizm va konstruktiv muloqotga tayangan tashqi siyosatining mantiqiy davomidir.
Raislik yakunlari 2027-yil oktabr oyida Buxoroda bo‘lib o‘tadigan sammitda sarhisob qilinadi. Unda tashabbuslar samaradorligi qabul qilingan hujjatlar soni bilan cheklanmay, savdo aylanmasining o‘sishi, investitsiyalar hajmining ko‘payishi va yangi ish o‘rinlarining yaratilishi kabi aniq natijalar orqali baholanishi lozim. Ana shu mezon O‘zbekiston raisligining asosiy talabini ham, Hamdo‘stlik oldidagi mas’uliyatimizni ham belgilaydi.
Akrom TOSHPO‘LATOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti direktori





















