BILIM VA MALAKA – MILLIY YUKSALISHNING ASOSIY KAPITALI
Uchinchi Renessansning eng katta tayanchi
Yangi Oʻzbekiston falsafasi zamirida inson qadrini ulugʻlash, xalq bilan muloqotni davlat boshqaruvining muhim mezoniga aylantirish va islohotlar samarasini har bir mahalla, har bir xonadon va har bir fuqaroning kundalik hayotida aks ettirishdek teran gʻoya mujassam. Bugun minglab mahallalarimizga yangi Oʻzbekistonning yangi qiyofasi va yangicha tafakkuri kirib bormoqda. Ilgari mamlakatimiz iqtisodiyotiga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilingan boʻlsa, bugun ushbu koʻrsatkich 40-50 milliard dollarga yetmoqda. Shu maʼnoda, soʻnggi oʻn yillikda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlarning mohiyati va strategik ahamiyatini chuqur anglash uchun ilm-fan va taʼlim tizimida yuz bergan oʻzgarishlarga nazar tashlashning oʻzi kifoya. Zero, mazkur yangilanishlar tasodifiy emas. Ular yangi Oʻzbekistonni barpo etishning uzoq muddatli maqsad va vazifalariga uygʻun strategik qarorlar, izchil islohotlar hamda davlatimiz rahbarining taʼlim-tarbiya va ilmfan sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratayotgan doimiy eʼtibori va alohida mehrining mantiqiy natijasidir. Dunyo hamjamiyatida munosib oʻrin egallash, global raqobat muhitida taraqqiyot yoʻlimizni ishonch bilan davom ettirish uchun bizga, eng avvalo, bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, kreativ fikrlaydigan yangi avlod mutaxassislari kerak. Zero, zamon oʻzgargani sari mehnat bozori ham, taʼlimning vazifasi ham transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Shu bois, mamlakatimiz taʼlim tizimidagi islohotlar jamiyatning ustozga va maʼrifatga munosabatini ham tubdan oʻzgartirdi. Muallimning jamiyatdagi obroʻ-eʼtiborini tiklash, mehnatini munosib qadrlash va daromadini izchil oshirib borish bu jarayonning muhim tarkibiy qismiga aylanmoqda. Eʼtiborlisi, oʻtgan oʻn yilda aholi soni 8 millionga koʻpaygani holda bogʻcha qamrovi 78 foizga yetkazildi. Maktablarda 1,5 million qoʻshimcha oʻquvchi oʻrni ochildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablarning tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy taʼlim maskanlaridagidan kam boʻlmagan darajada chuqur bilim olish uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Mustaqillik arafasida Yangi Oʻzbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi Oʻzbekiston Milliy pedagogika universiteti, Oʻzbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolari ochildi. Bundan tashqari, yoshlarning xorijiy tillar va kasb-hunarlarni egallashi uchun ham munosib sharoit yaratilmoqda. Bu, aslida, yoshlarga dunyo bilan muloqot qilish, bilim va tajriba almashish, oʻz salohiyatini xalqaro miqyosda namoyon etish imkoniyatini berish demakdir. Oliy taʼlim uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hisobiga hozir talabalar soni 1 million 600 mingga yetdi. Yoshlarning bilim olishga ishtiyoqi kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy maʼlumotli qilish erishish mumkin boʻlgan aniq maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan koʻpini xotin-qizlar tashkil etayotgani oʻziga xos voqeadir. Zero, ayolning taʼlim olishi — bir insonning emas, butun bir avlodning intellektual kelajagiga qoʻyilgan sarmoya. Maʼrifatli qiz — bilimli oila, bu esa, oʻz navbatida, bilimli avlod, pirovardida maʼrifatli jamiyat demakdir. Shuningdek, 2025-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning 7 ta oliy taʼlim muassasasi QS World University Rankings, 4 tasi Times Higher Education World University Rankings, 59 tasi esa THE Impact Rankings xalqaro reytinglariga kiritildi. Bu koʻrsatkichlar mamlakatimizni Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasida mazkur reytinglar boʻyicha yetakchi davlatlardan biriga aylantirdi. Ushbu natijalar yangi Oʻzbekistonda inson kapitaliga sarmoya kiritish, ilm-fan va taʼlimni davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida rivojlantirish oʻzining amaliy samarasini berayotganini yaqqol namoyon etmoqda. Bu esa yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilgʻor texnologiyalar, zamonaviy bilim va boshqaruv tajribasi, yangi ishlab chiqarish madaniyati hamda iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelyapti degani. Natijada islohotlar insonning bilimi va malakasi, mehnat salohiyati va hayot sifatida namoyon boʻlayotganini koʻrsatadi. Shu maʼnoda, Prezidentimizning taʼlim va ilmga mehri hamda eʼtiborini millatning intellektual kelajagiga qoʻyilayotgan poydevor sifatida anglash lozim. Chunki yangi Oʻzbekistonning ilmli avlodi ulkan qiymatga ega inson kapitalidir.
Umummilliy harakat
Bilim olish faqat maktab yoki universitetning vazifasi emasligini tushunib turibmiz. U inson hayotining muayyan davrida emas, balki butun umr davom etadigan jarayon. Bugun tez oʻzgarayotgan dunyoda bir marta egallangan bilimning oʻzi kifoya qilmaydi. Yangi kasblar, yangi texnologiyalar, yangi ijtimoiy munosabatlar insondan muntazam oʻrganish, oʻz ustida ishlash va koʻnikmalarini yangilab borishni talab etmoqda. Aslida, bilimga ehtiyojning inson umri davomida saqlanishi taraqqiy etgan jamiyatning muhim belgilaridan. Shu maʼnoda, taʼlimning haqiqiy maqsadi insonni faqat bir kasbga tayyorlash emas, balki uni butun umr davomida oʻrganish va oʻzgarishga qodir shaxs sifatida shakllantirishdir. Bugun bogʻcha va maktab yoshidagi bolalardan tortib, katta yoshdagilarga qadar turli avlod vakillarining ilm oʻrganish, yangi kasb va zamonaviy koʻnikmalarni egallashga intilayotgani bejiz emas. Bu intilishni mamlakatimizning eng chekka hududlarida ham koʻrish mumkin. Taʼtil kunlarida Baxmal tumanidagi chekka qishloqlardan birida boʻlganimda, yozning issiq kunlariga qaramay, yoshlarning xorijiy tillar, matematika kabi fanlar boʻyicha tashkil etilgan toʻgaraklarda kun davomida mashgʻul boʻlib, oʻz bilimi va koʻnikmalarini oshirishga intilayotganiga guvoh boʻldim. Bu oddiy manzara emas, menimcha. Chunki bir vaqtlar qoʻshimcha taʼlim, xorijiy til yoki zamonaviy kasb oʻrganishga asosan yirik shaharlarga xos imkoniyat sifatida qaralgan boʻlsa, bugun bunday ehtiyoj chekka qishloqlarda ham tobora kuchayib bormoqda.
Mazkur tendensiyani raqamlar aniq koʻrsatib turibdi. Xususan, 2025/2026-oʻquv yili boshida mamlakatda 551 ta nodavlat umumiy oʻrta taʼlim muassasasi faoliyat yuritgan. Nodavlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan oʻquvchilar soni 2016/2017-oʻquv yilidagi 5309 dan 2025/2026-oʻquv yilida 157 ming 471 nafarga yetdi. Bu qariyb 30 barobar oʻsish demakdir. Shu maʼnoda, yoshlarning shaxsiy rivojlanishga intilishini bugun bemalol umummilliy harakat deb atash mumkin. Zamonaviy til bilan aytganda, oʻz ustida ishlash, yangi til va kasb oʻrganish, zamonaviy koʻnikmalarni egallash oddiy trenddan koʻra kengroq mazmun kasb etmoqda. Bu — yangi hayot tarzi, yangi tafakkur madaniyati, eng muhimi, inson oʻz kelajagini oʻzi yaratishi mumkinligiga ishonchning kuchayishi.
Mustahkam poydevor
Insonning bilim olishga munosabati, fikrlash qobiliyati va yangi koʻnikmalarni oʻzlashtirish salohiyati poydevori aynan maktabgacha taʼlim davrida shakllana boshlaydi. Binobarin, 6 yoshli tayyorlov guruhlariga bolalar qamrovini qisqa muddatda 100 foizga yetkazish vazifasining belgilanishi strategik ahamiyatga ega. Bunda xususiy bogʻchalar tashkil etish boʻyicha imtiyozlarni saqlab qolish orqali taʼlim xizmatlarini kengaytirish va otaonalar uchun tanlov imkoniyatini taʼminlash ham nazarda tutilmoqda. Bugun bolaning tayyorlov guruhida olgan koʻnikmasi ertaga maktabdagi oʻzlashtirishiga, keyinchalik kasbiy tanlovi va uzoq istiqbolda mehnat bozoridagi raqobatbardoshligiga taʼsir qiladi. Asosiy mezon baribir olingan bilim sifati va uni hayotda qoʻllay olish qobiliyatidir. 2026-yil 8-sentabrda PISA — 2025 xalqaro baholash dasturi natijalari rasman eʼlon qilindi. Unda 91 mamlakat va taʼlim tizimidan 760 mingdan ortiq 15 yoshli oʻquvchi ishtirok etdi. Oʻzbekistondan xalqaro tanlov asosida 233 ta maktabda tahsil olayotgan 8652 nafar 15 yoshli oʻquvchi qamrab olindi. Oʻzbekistonlik oʻquvchilar tabiiy fanlar boʻyicha 438 ball toʻpladi. Bu 2022-yildagi 355 ballga nisbatan 83 balli oʻsish demakdir. 2025-yilda Oʻzbekiston 91 mamlakat va taʼlim tizimi orasida 48-oʻrinni qayd etdi. IHTT ham 2022–2025-yillar oraligʻidagi 83 balli oʻsishni ishtirokchilar orasidagi eng katta oʻsishlardan biri sifatida qayd etgan. Biroq PISA natijalari bizga oldimizda turgan vazifalarni ham koʻrsatadi. Eng muhimi, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xalqaro baholash dasturlarida ishtirok etish endi ayrim maktablar yoki alohida tadqiqotlar doirasidagi jarayon boʻlib qolmaydi. Barcha maktablarni xalqaro baholash dasturlari bilan toʻliq qamrab olish vazifasi taʼlim sifatini baholashda yagona va xolis mezonlarni shakllantiradi.
Tarixiy burilish ostonasida
Bugun insoniyat bir vaqtning oʻzida bir nechta ulkan xavf bilan yuzma-yuz turibdi. Iqlim oʻzgarishi, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, energetika, kiberxavfsizlik, demografik jarayonlar, yangi texnologiyalar va sunʼiy intellekt — bularning har biri nafaqat yangi yechimlarni, balki yangi bilim, yangi tafakkur va yangicha kasbiy koʻnikmalarni talab etmoqda. Ilgarigi bir avlod egallagan bilim keyingi avlod uchun yetarli tayanch boʻlib xizmat qilgan boʻlsa, bugun bilimning yaroqlilik muddati qisqarib bormoqda. Shu bois, zamonaviy inson uchun muntazam oʻrganish qobiliyati eng muhim koʻnikmalardan biriga aylanmoqda. Bugun insoniyat yana bir tarixiy burilish ostonasida turibdi. Sunʼiy intellekt inson tafakkurining imkoniyatlarini raqamli muhitda kengaytirishga xizmat qilayotgan yangi vosita sifatida namoyon boʻlmoqda. U axborotni izlash, tahlil qilish, tarjima, modellashtirish, dasturlash, ilmiy izlanish va ijodiy jarayonlarning koʻplab bosqichlariga kirib kelmoqda. Shu maʼnoda, biz shartli ravishda sunʼiy intellektgacha boʻlgan va sunʼiy intellekt keng qoʻllanayotgan davr oʻrtasidagi ulkan sivilizatsion oʻzgarish jarayonini boshdan kechirmoqdamiz. Ammo tarix bizga bir haqiqatni oʻrgatgan: texnologik inqilobning haqiqiy qiymati insonning undan qanday maqsadda foydalanishi bilan belgilanadi. Prezidentimiz nutqida AT, sunʼiy intellekt va kreativ iqtisodiyot kabi yoʻnalishlarni rivojlantirishga yangicha surʼat boshlangani taʼkidlandi. Ayni jarayon doirasida 10 million yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kirish maqsadi ham ilgari surilmoqda. Bu oʻzgarib borayotgan mehnat bozori va kelajak kasblariga tayyorlash orqali yoshlarimizni global raqobat muhitidan munosib oʻrin egallashga tayyorlash demakdir. Zero, global raqobat tobora bilim, malaka, texnologiya va kreativlik salohiyati atrofida kechmoqda. Bu jarayonda yoshlarning salohiyatini yangi gʻoyalarni yaratish va iqtisodiy qiymatga aylantirish ham muhim. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Yoshlarimizning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishda startap, venchur va sunʼiy intellektni rivojlantirish ustuvor yoʻnalishga aylanadi”. Bu yondashuv yoshlarni kreativ iqtisodiyotning faol subyekti sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. Bunday maqsadlar, oʻz navbatida, kelajak avlod taʼlimi qanday boʻlishi kerak degan muhim savolni kun tartibiga qoʻyadi. Menimcha, kelajak taʼlimi, avvalo, moslashuvchan koʻnikmalarni rivojlantirish, sunʼiy intellektni taʼlim jarayoniga oqilona integratsiya qilish va insonning butun umr uzluksiz taʼlim olishini taʼminlash tamoyillariga tayanishi lozim. Chunki kelajak kasblarini bugungi taʼlim mezonlari bilan toʻliq belgilab boʻlmaydi. Biz yoshlarga muayyan kasbdan koʻra, oʻzgarib borayotgan dunyoda yangi bilim va koʻnikmalarni mustaqil egallash qobiliyatini berishimiz kerak. Sunʼiy intellekt taʼlim sohasiga jadal kirib kelayotgan bir paytda uning imkoniyatlaridan oqilona foydalanish bilan birga ehtimoliy xavflarni ham anglash muhim. PISA asoschilaridan biri Andreas Shleyxerning mulohazalariga koʻra, sunʼiy intellektni taʼlim tizimiga masʼuliyatsiz joriy etish mustaqil tafakkur qilishga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun u taʼlimda inson tafakkurining oʻrnini egallashi mumkin emas. Aksincha, odamning bilish, tahlil qilish va yaratish imkoniyatlarini kengaytiruvchi vosita sifatida qaralishi lozim. Demak, sunʼiy intellekt davrida tanqidiy fikrlash intellektual xavfsizlikning muhim shartiga aylanishini aslo yoddan chiqarmasligimiz shart.
Nazariya va amaliyotni bogʻlovchi koʻprik
Shu yil 28-sentabr kuni Prezidentimiz huzurida maktab taʼlimida yangi avlod darsliklarini joriy etish hamda oliy taʼlim muassasalari va korxonalar hamkorligida dual taʼlimni kengaytirish boʻyicha taqdimot oʻtkazildi. Unda taʼlim standarti, oʻquv dasturi, darslik va baholash tizimini uzviy bogʻliq holda shakllantirish, darsliklarda oʻquvchilarning tanqidiy fikrlash, muloqot, hamkorlik va ijodkorlik koʻnikmalarini rivojlantirishga eʼtibor qaratish belgilandi. Shuningdek, uchinchi va toʻrtinchi bosqich talabalarining kamida 80 foizini, yaʼni 185 ming yoshni dual taʼlimga qamrab olish, 2027/2028-oʻquv yilida 75 oliygoh va 3500 korxonani jalb etish rejalashtirilmoqda. Bunda talabalarga toʻlangan ish haqining 50 foizini subsidiya qilish, korxonalarga bojxona va amortizatsiya boʻyicha imtiyozlar berish, 25 nafardan ortiq talabani amaliyotga qabul qilgan korxonalarga davlat xaridlarida preferensiyalar qoʻllash koʻzda tutilmoqda. Mazkur yondashuvlar taʼlim va amaliyotning uzviyligini taʼminlab, yoshlarni zamonaviy bilim va kasbiy koʻnikmalarga ega raqobatbardosh kadrlar etib tayyorlashga xizmat qiladi. Bilim kapitalga aylanishi uchun nazariya bilan amaliyot tutashishi kerak. Shu nuqtai nazardan, dual taʼlimning ahamiyati katta. Unda taʼlim muassasasida olingan nazariy bilim ish joyidagi amaliy tajriba bilan uygʻunlashadi. Yoshlar kasbni faqat kitobdan oʻrganmaydi, aksincha, uning mohiyatini ish jarayonida anglaydi, jamoaga moslashadi, masʼuliyatni his qiladi va oʻz mehnatining natijasini koʻradi. Shu maʼnoda, zamonaviy taʼlimning muhim vazifalaridan biri nazariya bilan amaliyot oʻrtasida mustahkam koʻprik yaratish, bilimni real hayotda qoʻllashga oʻrgatishdan iborat. Bugun mamlakatimizdagi 595 texnikumda 329 kasb va mutaxassislik boʻyicha 437,8 ming yosh taʼlim olmoqda. Ularning 67,4 mingi 17 mingdan ortiq ish beruvchi bilan hamkorlikda dual taʼlimga jalb etilgan. Prezidentimiz yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga oʻqitishni yoʻlga qoʻyish va qamrovni 1 millionga yetkazish orqali yangi Oʻzbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmasligiga erishish vazifasini belgilab berdi. Buning zamirida yoshlarga hayotda oʻz oʻrnini topish imkoniyatini berish ezgu maqsadi mujassam. Ayniqsa, texnikumlarda xalqaro taʼlim standartlarining joriy etilishi kasbiy taʼlim oldiga yangi talablarni qoʻyadi. Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan yoʻlga qoʻyilgan “Ikkinchi imkon” loyihasi insonparvar yondashuvning amaliy ifodasidir. Unda jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan yoshlarning ijtimoiy hayotga tez moslashishini taʼminlash maqsadida zamonaviy kasb va koʻnikmalarga ega boʻlishga qaratilgan kompleks yondashuv nazarda tutilgan. Yaqinda Qashqadaryo viloyatidagi yopiq muassasalarga milliy preventiv mexanizm doirasida Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhlari bilan monitoring tashriflari davomida ushbu loyihaning tom maʼnodagi inson qadri loyihasiga aylanib borayotganiga guvoh boʻldik. Eng muhimi, bu yerda yoshlarga shunchaki boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish yoki biror hunarni oʻrgatish emas, zamonaviy hayot va mehnat bozorida oʻz oʻrnini topish uchun zarur boʻlgan yangi bilim va koʻnikmalarni egallash imkoniyati yaratilmoqda. Ular AT, raqamli koʻnikmalar, xorijiy tillar va mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan boshqa zamonaviy kasb hamda mutaxassisliklarni oʻrganib, yangi hayot yoʻlini qurishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu juda muhim. Chunki jinoyat yoʻliga qayta kirib qolmasligi uchun ularning hayotda oʻz oʻrnini topishi, qonuniy mehnat orqali oʻz kelajagini qurishi va jamiyatda munosib oʻrin egallashi nihoyatda dolzarb. Buning uchun esa insonga faqat ozodlikning oʻzi emas, yangi hayot qurish uchun zarur bilim, kasb, koʻnikma va ishonch ham kerak. Shu maʼnoda, “Ikkinchi imkon”ning eng katta qiymati insonga faqat kechagi kunidan voz kechishni emas, balki ertangi kunga tayyorgarlik koʻrish imkoni berilishidadir. Kasb egallayotgan, AT va raqamli texnologiyalarni oʻzlashtirayotgan, xorijiy til oʻrganayotgan yosh oʻz kelajagini kutib oʻtirmaydi. Uning uchun zarur boʻlgan salohiyatni bugundan shakllantiradi. Prezidentimiz ilgari surayotgan “Hech kim oʻz muammolari bilan yolgʻiz qolmasligi kerak” degan ulugʻvor gʻoyaning mohiyati ham shunda. Insonni faqat qilgan xatosi bilan emas, uning oʻzgarish, oʻrganish, mehnat qilish va jamiyatga foyda keltirish salohiyati bilan ham koʻra bilish inson qadrini ulugʻlashning yuksak ifodasidir. Umuman olganda, kasb-hunarni egallashga ragʻbat inson hayotida oʻz qobiliyatini anglash va uni ijtimoiy-iqtisodiy qiymatga aylantirishga xizmat qilmoqda. Har bir yosh oʻz isteʼdodi va qiziqishini kashf etishi, uni muayyan kasbiy mahoratga aylantirishi va oʻz mehnati orqali munosib hayot qurishi uchun zarur sharoitga ega boʻlishi kerak.
Bekzod NARIMONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisining Inson huquqlari
boʻyicha vakili (Ombudsman)
oʻrinbosari, yuridik fanlar
doktori





















