SUV, OROL VA EKOLOGIK HAMKORLIK — MARKAZIY OSIYO TARAQQIYOTINING UMUMIY MAS’ULIYATI
2026-yil 8-oktyabrda Turkmanistonning “Avaza” milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning so‘zlagan nutqi mintaqaviy hamkorlikning muhim yo‘nalishini yana bir bor namoyon etdi. Suv resurslari, iqlim o‘zgarishi va ekologik xavfsizlik masalalari mintaqa taraqqiyotining umumiy kun tartibida alohida o‘rin tutadi.
Suv taqchilligi, Orolbo‘yidagi ekologik muammolar va shaharlarda havoning ifloslanishi iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika hamda aholi salomatligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bir mamlakatda tabiiy resurslardan foydalanish bo‘yicha qabul qilingan qaror qo‘shni davlatlarda ham sezilarli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois ushbu muammolarni alohida choralar bilan cheklamay, davlatlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari asosida hal etish muhimdir.
Suv xavfsizligi: tejamkorlik va hisobdorlik
Nutqda suv resurslariga doir masala ularning mavjud hajmi bilan bir qatorda, foydalanish samaradorligi nuqtayi nazaridan ham baholanishi zarurligiga urg‘u berildi. Prezidentimizning suvning katta miqdorda yo‘qotilayotgani haqidagi fikri suv xo‘jaligida amaliy o‘zgarishlarni jadallashtirish lozimligini ko‘rsatadi. Ustuvor vazifalar qatoriga suvni tashish va taqsimlashdagi yo‘qotishlarni kamaytirish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, raqamli monitoringni rivojlantirish hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish kiradi.
Shu nuqtayi nazardan, 2026–2036-yillarga mo‘ljallangan Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha Amaliy harakatlar o‘n yilligi tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. Uning samarasi umumiy bayonotlar bilan cheklanmay, davlatlar kelishadigan amaliy loyihalar, o‘zaro axborot almashinuvi, aniq vazifalar va o‘lchanadigan natijalar orqali namoyon bo‘lishi lozim. Bunday yondashuv suv resurslarini hisobga olish va boshqarish sifatini oshirishga, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.
Orolbo‘yi: mintaqaviy mas’uliyat va amaliy loyihalar
Prezidentimiz nutqida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning 2027–2029-yillarda Jamg‘armaga raislik qilishi mamlakatimiz zimmasiga muhim mas’uliyat yuklaydi va mintaqaviy ekologik hamkorlikni faollashtirish uchun imkoniyat yaratadi.
Orol fojiasining ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari butun Markaziy Osiyo barqarorligiga daxldor. Shu sababli suv resurslaridan oqilona foydalanish, cho‘llanishga qarshi kurashish va biologik xilma-xillikni saqlash bo‘yicha davlatlar sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhim. Jamg‘armaga raislik davrida ustuvor loyihalarni aniq belgilash, xalqaro moliyaviy institutlar va texnologik hamkorlarni jalb qilish, mablag‘lardan foydalanish samaradorligini oshirish hamda natijalarni ochiq baholash mexanizmlarini kuchaytirish maqsadga muvofiq
Orolbo‘yidagi ekologik tiklanish aholi salomatligi, bandligi va turmush sharoitlarini yaxshilash choralari bilan uyg‘unlashtirilishi kerak. Shuning uchun loyihalar samaradorligini tabiiy muhitdagi o‘zgarishlar bilan birga, ularning mahalliy aholi farovonligiga ta’siri asosida ham baholash zarur.
Toza havo: tashabbusni natijaga aylantirish
Nutqda Markaziy Osiyo shaharlarida havoning ifloslanishi ham dolzarb ekologik muammo sifatida ko‘tarildi. O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan “Markaziy Osiyo toza havosi” xalqaro konsorsiumini aniq amaliy loyihadan boshlash taklifi ekologik hamkorlikni natijaga yo‘naltirish uchun muhim imkoniyatdir.
Konsorsiumning amaliy faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun birinchi bosqichda havo ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlar va asosiy ifloslantiruvchi manbalarni aniqlash, monitoring ma’lumotlarini muvofiqlashtirish, sanoat korxonalari hamda transportdan chiqadigan zararli moddalarni kamaytirish bo‘yicha qo‘shma choralarni belgilash mumkin. Har bir loyiha uchun maqsadli ko‘rsatkichlar va natijalarni baholash tartibi aniq belgilansa, konsorsium faoliyatining samaradorligi hamda jamoatchilik oldidagi hisobdorligi ortadi.
Afg‘oniston bilan muloqot — suv xavfsizligining muhim bo‘g‘ini
Prezidentimizning Afg‘oniston bilan suv resurslaridan foydalanish bo‘yicha muntazam va mazmunli muloqot o‘rnatish zarurligi haqidagi taklifi strategik ahamiyatga ega. Suv bilan bog‘liq masalalarni keng mintaqaviy hamkorlik doirasida muhokama qilish, mavjud manfaatlarni hisobga olish va o‘zaro maqbul yechimlarni izlash ehtimoliy xavflarning oldini olishga xizmat qiladi.
Bunday muloqotning samarali bo‘lishi uchun ma’lumot almashinuvi, texnik maslahatlashuvlar va suvdan foydalanishning quyi oqimdagi davlatlarga ta’sirini hisobga olish muhim. Mintaqadagi barcha davlatlarning manfaatlarini inobatga oladigan hamkorlik mexanizmlari suv xavfsizligini mustahkamlash va uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashga yordam beradi.
Umumiy mas’uliyatdan amaliy natijaga
Maslahat uchrashuvida ilgari surilgan tashabbuslar Markaziy Osiyoda ekologik xavfsizlikni savdo, transport va energetika bilan bir qatorda mintaqaviy hamkorlikning muhim tarkibiy qismi sifatida qarash zarurligini ko‘rsatadi. Suvdan tejamkor foydalanish, Orolbo‘yini tiklash, havo sifatini yaxshilash va Afg‘oniston bilan mazmunli muloqotni yo‘lga qo‘yish o‘zaro bog‘liq vazifalar bo‘lib, ularni muvofiqlashtirilgan yondashuv asosida amalga oshirish talab etiladi.
Bu tashabbuslarning samarasi, avvalo, suv yo‘qotishlarining kamayishi, ekologik loyihalarning natijalari, havo sifatidagi ijobiy o‘zgarishlar va davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning mustahkamlanishi bilan baholanadi.
Xulosa qilib aytganda, Prezidentimiz ilgari surayotgan yondashuvning strategik mohiyati umumiy tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va mas’uliyatni mustahkamlash, ekologik muammolarni birgalikda hal etish hamda kelajak avlodlar uchun xavfsiz va barqaror mintaqani barpo etishda namoyon bo‘ladi.
Yo‘ldosh JO‘RAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi,
yuridik fanlar doktori






















