Markaziy Osiyoda “yashil kun tartibi” resurslar uchun raqobatdan hamkorlikka o‘tish fursati

Mintaqaviy ekologik sammit va Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi davlatlari rahbarlari kengashi doirasida Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar Markaziy Osiyo uchun oddiy diplomatik tadbir emas, balki strategik mazmun kasb etgan voqea sifatida baholanmoqda. Bu safar muhokamalar markazida turgan masalalar faqat tabiatni muhofaza qilish yoki ekologik barqarorlik bilan cheklanib qolmadi. Aksincha, ular iqtisodiy o‘sish modellari, resurslar taqsimoti, mintaqaviy xavfsizlik va davlatlar o‘rtasidagi ishonch masalalari bilan uzviy bog‘liq ekani yana bir bor yaqqol namoyon bo‘ldi.
Prezidentimizning mazkur tashrif doirasida ilgari surgan tashabbuslari esa bu jarayonga mutlaqo yangi mazmun kiritdi. Ular tashqi ko‘rinishdan ekologik dastur yoki tashabbuslar to‘plami bo‘lib ko‘rinsa-da, aslida, Markaziy Osiyoning kelgusi o‘n yillikdagi geoiqtisodiy yo‘nalishini belgilab beruvchi strategik konsepsiya sifatida shakllanmoqda. Bu tashabbuslar mohiyatini anglash uchun ularni alohida qarorlar emas, balki umumiy tendensiya, ya’ni ekologiyaning global siyosat va iqtisodiyotda markaziy o‘ringa chiqishi kontekstida ko‘rib chiqish zarur.
Bugungi kunda ekologik muammolarni alohida, tor sohaviy masala sifatida talqin qilish eski yondashuvga aylanib qoldi. Chunki suv resurslari taqchilligi, iqlim o‘zgarishi, yer degradatsiyasi kabi jarayonlar to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtisodiy o‘sishga, oziq-ovqat xavfsizligiga va ijtimoiy barqarorlikka ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu ma’noda, ekologik kun tartibi asta-sekin davlat siyosatining markaziy elementiga aylanmoqda. Ostona sammiti esa aynan shu o‘zgarishni institutsional va siyosiy darajada mustahkamlagan voqea bo‘ldi.
Sammitda keltirilgan ma’lumotlar ushbu tendensiyaning qanchalik jiddiy ekanini yaqqol ko‘rsatadi. Xususan, ekspertlar bahosiga ko‘ra, 2040-yilga borib, Orol dengizi havzasida suv resurslari taqchilligi deyarli ikki barobar oshishi mumkin. Bu raqam oddiy statistika emas, balki mintaqaning kelajakdagi ijtimoiy-iqtisodiy ssenariysini belgilab beruvchi indikatordir. Chunki suv taqchilligi qishloq xo‘jaligi mahsuldorligi pasayishi, aholi daromadlari qisqarishi, ichki migratsiya kuchayishi va eng muhimi, ijtimoiy tengsizlikning ortishi demakdir.
Muammoning yanada murakkab jihati shundaki, bugungi kunda mintaqada suv resurslaridan foydalanish samaradorligi past darajada qolmoqda. Qishloq xo‘jaligida bir dollar qo‘shilgan qiymat yaratish uchun deyarli uch kub metr suv sarflanayotgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkich jahondagi o‘rtacha darajadan qariyb ikki barobar yuqori. Demak, muammo faqat resurs yetishmasligida emas, balki uning samarasiz boshqarilishida ham namoyon bo‘lmoqda. Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari tabiiy resurslardan foydalanishning eski, ekstensiv modelida qolib ketgan.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mamlakatimizdagi islohotlar muhim ahamiyatga ega. Hozir sug‘oriladigan yerlarning 60 foizida suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etilgan, irrigatsiya tarmoqlarining 40 foizi betonlashtirilgan va nasos stansiyalarini modernizatsiyalash orqali energiya sarfi qariyb 30 foiz kamaytirilgan. Bu chora-tadbirlar natijasida har yili 10 milliard kub metrdan ortiq suv tejalmoqda va 2030 yilga borib, bu ko‘rsatkich 15 milliard kub metrga yetkazilishi rejalashtirilmoqda.
Ushbu raqamlar, shubhasiz, salmoqli yutuqlardan dalolat beradi. Biroq bu yerda muhim bir savol tug‘iladi: ushbu islohotlar tizimli transformatsiyani anglatadimi yoki mavjud modelni qisman optimallashtirish bilan cheklanadimi? Chunki haqiqiy barqarorlikka erishish uchun faqat texnologiyalarni joriy etish yetarli emas. Buning uchun iqtisodiy mexanizmlarni, resurslardan foydalanishga yondashuvni va hatto jamiyatning madaniy qarashlarini o‘zgartirish talab etiladi.
Aynan shu jihatdan qaraganda, sammitda ilgari surilgan tashabbuslar orasida Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi faoliyatini modernizatsiyalashga qaratilgan takliflar alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu jamg‘arma uzoq yillar davomida mintaqaviy hamkorlikning muhim instituti bo‘lib kelayotgan esa-da, samaradorligi cheklangani tan olinishi kerak. Shuning uchun uning institutsional salohiyatini oshirish, vakolatlarini aniq belgilash va faoliyatini natijadorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash zarurligi ta’kidlandi.
Bu takliflar jamg‘arma faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatini beradi. Biroq bu yerda ham asosiy masala siyosiy iroda va davlatlar o‘rtasidagi ishonch darajasidir. Chunki transchegaraviy resurslar masalasida kelishuvga erishish har doim ham oson kechmaydi. Shu bois, mazkur tashabbuslarning muvaffaqiyati faqat texnik yechimlarga emas, balki siyosiy muloqotning chuqurligiga ham bog‘liq bo‘ladi.
Sammitda ilgari surilgan yana bir muhim g‘oya “Markaziy Osiyo yashil savdo yo‘lagi”ni yaratish tashabbusidir. Ushbu g‘oya, birinchi qarashda, ekologik mahsulotlar aylanmasini rag‘batlantirishga qaratilgandek ko‘rinsa-da, aslida, u mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaning yangi modeli sifatida baholanishi mumkin. Bu tashabbus doirasida ekologik standartlarni uyg‘unlashtirish, sertifikatlarni o‘zaro tan olish va savdo tartiblarini soddalashtirish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, mintaqada “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratadi.
Muhokamalarda yana bir konseptual masala — resurslardan foydalanish madaniyatini o‘zgartirish zarurligi alohida ta’kidlandi. Prezidentimiz qayd etganidek, agar jamiyatning suvga munosabati o‘zgarmasa, hech qanday muhandislik yechimlari kutilgan samarani bermaydi. Bu fikr mohiyatan barqaror rivojlanishning eng chuqur va eng murakkab jihatini ifoda etadi. Chunki madaniyatni o‘zgartirish uzoq muddatli, tizimli va ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, u ta’lim, targ‘ibot va institutsional islohotlar uyg‘unligini talab qiladi.
Shu jihatdan “Kelajak suvi” dasturini ishga tushirish taklifi strategik ahamiyatga ega. Ushbu dastur orqali fermerlar va sanoat korxonalarini suvni tejaydigan texnologiyalardan samarali foydalanishga o‘rgatish ko‘zda tutilmoqda. Bu esa nafaqat resurslarni tejash, balki iqtisodiy samaradorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.
Ostonada shakllangan kun tartibini yanada chuqurroq tahlil qilganda yana bir muhim tendensiya ko‘zga tashlanadi: Markaziy Osiyoda resurslar asosidagi raqobat asta-sekin resurslar asosidagi hamkorlikka aylanmoqda. Bu o‘zgarish o‘z-o‘zidan yuzaga kelgani yo‘q. U so‘nggi yillarda shakllangan siyosiy ishonch, ochiq muloqot va pragmatik tashqi siyosatning natijasidir. Ammo bu jarayon hali nozik bosqichda. U barqaror institutsional mexanizmlar bilan mustahkamlanishi kerak.
Sammit doirasida ilgari surilgan “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi” tashabbusi alohida e’tiborga loyiq. Bu tashabbus oddiy deklaratsiya emas, balki uzoq muddatli strategik ramka yaratishga qaratilgan. Uning ahamiyati shundaki, u davlatlarni qisqa muddatli qarorlardan uzoqlashtirib, tizimli va uzluksiz harakat qilishga undaydi. Ammo bu yerda yana bir muhim savol tug‘iladi: ushbu “o‘n yillik” qanday aniq mexanizmlar orqali amalga oshiriladi? Agar u aniq indikatorlar, moliyalashtirish manbalari va hisobdorlik tizimi bilan ta’minlanmasa, u ham ko‘plab boshqa xalqaro tashabbuslar kabi deklarativ xarakterda qolib ketishi mumkin.
Ostona sammitida muhokama qilingan tashabbuslar orasida yana bir strategik yo‘nalish mintaqaviy ma’lumotlar va tahlil tizimini yaratish masalasidir. Xususan, Markaziy Osiyo ekologik atlasini ishlab chiqish taklifi bu borada muhim qadam bo‘lishi mumkin. Chunki hozirgi kunda mintaqada ekologik ma’lumotlar tarqoq, tizimlashmagan va ko‘p hollarda o‘zaro solishtirib bo‘lmaydigan holda saqlanmoqda. Bu esa qaror qabul qilish jarayonini qiyinlashtiradi.
Agar yagona ma’lumotlar bazasi va tahlil platformasi yaratilsa, bu nafaqat davlatlar o‘rtasida ishonchni oshiradi, balki investitsiyalarni jalb qilish uchun ham muhim omilga aylanadi. Chunki investorlar uchun shaffoflik va aniqlik birinchi darajali ahamiyatga ega.
Mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish uchun texnologik platformalar ahamiyati ortib bormoqda. Raqamlashtirish, sun’iy intellekt va monitoring tizimlari orqali suv resurslarini boshqarish samaradorligini sezilarli darajada oshirish mumkin. Ammo bu yerda ham savol tug‘iladi: Markaziy Osiyo davlatlari bunday texnologiyalarni joriy etishga tayyormi? Bu nafaqat moliyaviy, balki institutsional va kadrlar salohiyatiga ham bog‘liq masala.
Ostona sammitidagi muhokamalardan kelib chiqadigan yana bir muhim xulosa shuki, Markaziy Osiyo davlatlari uchun ekologik kun tartibi endi tashqi bosim emas, balki ichki ehtiyojga aylanmoqda. Bu juda muhim o‘zgarish. Chunki tashqi bosim asosida qabul qilingan qarorlar ko‘p hollarda formal xarakterda bo‘ladi. Ichki ehtiyoj esa haqiqiy islohotlarni rag‘batlantiradi.
Biroq bu jarayonda muvozanatni saqlash juda muhim. Chunki ekologik islohotlar iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishi, ayrim tarmoqlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuning uchun “yashil o‘tish” siyosatini amalga oshirishda ijtimoiy himoya mexanizmlari, biznes uchun qo‘llab-quvvatlash choralari va bosqichma-bosqichlik tamoyili muhim ahamiyat kasb etadi.
Ostona sammiti nafaqat muammolarni aniqlash, balki ularni hal qilish bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab berdi. Bu yo‘nalishlar orasida eng muhimi integratsiyani chuqurlashtirishdir. Chunki ekologik muammolar milliy chegaralarni tan olmaydi. Demak, ularni hal qilish uchun ham milliy emas, mintaqaviy yondashuv talab etiladi.
Eng muhimi, bu jarayon yangi O‘zbekiston tashqi siyosatining mazmun-mohiyatini yana bir bor namoyon qildi. Ya’ni ochiqlik, pragmatizm va konstruktiv hamkorlikka asoslangan yondashuv milliy manfaatlarni ilgari surish bilan birga mintaqaviy manfaatlarni shakllantirishga ham xizmat qilmoqda.
Agar ushbu tashabbuslar izchil va tizimli ravishda amalga oshirilsa, Markaziy Osiyo nafaqat ekologik muammolarni hal qilishda, balki “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirishda ham global miqyosda muhim o‘rin egallashi mumkin. Bu o‘z navbatida, mintaqaning xalqaro nufuzini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu ma’noda, Ostona sammiti natijalarini faqat hujjatlar yoki bayonotlar bilan o‘lchash to‘g‘ri emas. Uning haqiqiy ahamiyati yangi fikrlash tarzi, yangi yondashuv va eng muhimi, yangi imkoniyatlar eshigini ochganida namoyon bo‘ladi.
Oybek QO‘SHBOQOV,
Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i





















