O‘zbekiston diplomatiyasining insonparvarlik missiyasi

Bugun xalqaro munosabatlar tizimida kuzatilayotgan geosiyosiy keskinliklar, mintaqaviy mojarolar va transport kommunikatsiyalaridagi uzilishlar davlatlar oldiga yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Bunday vaziyatlarda har bir davlat o‘z fuqarolarini himoya qilish hamda xavfsizligini ta’minlash borasida tezkor va samarali qarorlar qabul qilishga majbur bo‘ladi. Bu esa diplomatiya, transport logistikasi, konsullik xizmati va xalqaro hamkorlik mexanizmlarining uyg‘un faoliyatini talab qiladi.
Ayni kunlarda Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan murakkab vaziyat ana shu masalaning naqadar dolzarb ekanini yana bir bor namoyon etdi. Mintaqada xavfsizlik muhitining keskinlashuvi, ayrim davlatlarda havo hududlarining vaqtincha yopilishi va xalqaro aviaqatnovlarning cheklanishi minglab odamlarning harakatlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Bu holat, ayniqsa, Yaqin Sharq davlatlarida mehnat qilayotgan, xizmat safarida, sayohatda bo‘lgan yoki ziyorat amallarini ado etayotgan yurtdoshlarimiz uchun muayyan xavf-xatarlarni yuzaga keltirdi.
Mazkur sharoitda davlatimiz o‘z fuqarolari taqdiriga befarq qaramadi. Tezkor diplomatik chora-tadbirlar, konsullik xizmatlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati va fuqarolik aviatsiyasi imkoniyatlaridan samarali foydalanish natijasida qisqa vaqtda keng ko‘lamli evakuatsiya ishlari amalga oshirildi.
2026-yil 10-mart holatiga ko‘ra, Yaqin Sharq davlatlaridan 25 mingdan ziyod o‘zbekistonlik yurtimizga qaytarildi. Ular orasida mehnat migrantlari, ziyoratchilar, sayyohlar, talabalar va xizmat safarida bo‘lgan vatandoshlarimiz bor. Bu raqamlar oddiy statistik ma’lumot emas. Ular davlatimizning o‘z fuqarolari oldidagi mas’uliyati, diplomatiyamizning samaradorligi va konsullik xizmatining tezkor faoliyatini namoyon etuvchi ko‘rsatkichdir. Eng muhimi, mazkur jarayon zamonaviy O‘zbekiston tashqi siyosatining inson manfaatlari va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan tamoyillari amaliy natija berayotganini ko‘rsatdi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Yaqin Sharq davlatlaridan vatandoshlarimizni evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar nafaqat tezkor gumanitar operatsiya, balki davlatning konsullik siyosati, diplomatik imkoniyatlari va institutsional salohiyatini namoyon etgan muhim tajriba sifatida ham alohida ahamiyatga ega.
Mazkur jarayonni to‘liq anglash uchun esa, avvalo, Yaqin Sharq mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat va xavfsizlik muhitini tahlil qilish zarur.
Geosiyosiy vaziyat va o‘zgarib borayotgan xavfsizlik muhiti
Yaqin Sharq mintaqasi tarixan xalqaro siyosatning eng murakkab geosiyosiy makonlaridan. Ushbu hududdagi siyosiy jarayonlar ko‘pincha faqat mintaqaviy davlatlar bilan cheklanib qolmay, global xavfsizlik arxitekturasiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Energetika resurslari, strategik transport yo‘nalishlari, diniy va madaniy omillar, shuningdek, katta geosiyosiy raqobat elementlari bu mintaqadagi barqarorlikni doimiy ravishda sinovdan o‘tkazib kelmoqda.
Hatto qisqa muddatli siyosiy keskinlik ham transport kommunikatsiyalari, savdo aloqalari va mehnat migratsiyasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yuzaga kelgan vaziyat ana shu omillarning o‘zaro ta’siri natijasi sifatida shakllandi. Ayrim davlatlarda xavfsizlik choralari kuchaytirilishi, havo hududidan foydalanishga cheklovlar joriy etilishi va xalqaro aviaqatnovlarning vaqtincha qisqarishi mintaqadagi transport logistikasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro aviatsiya sohasida yuzaga kelgan bunday cheklovlar minglab odamlarning harakatlanish imkoniyatini cheklab qo‘ydi.
Yaqin Sharq dunyodagi eng yirik aviatsiya xablaridan. Dubay, Doha, Ab-u-Dabi, Jidda va Ar-Riyod kabi shaharlardagi xalqaro aeroportlar global aviatsiya tarmog‘ining muhim uzellarini tashkil etadi. Osiyo, Yevropa va Afrika o‘rtasidagi ko‘plab parvozlar aynan shu nuqtalar orqali amalga oshiriladi. Shu sababli mazkur mintaqadagi havo hududlari bilan bog‘liq har qanday cheklov butun xalqaro aviatsiya tizimiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Mintaqadagi vaziyat mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq jarayonlarga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Yaqin Sharq davlatlari, ayniqsa, Saudiya Arabistoni, BAA va Qatar xalqaro mehnat bozorining muhim markazlaridan. Bu mamlakatlarda dunyo bo‘ylab millionlab mehnat migranti faoliyat yuritadi va ular orasida Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari ham katta ulushni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda yurtdoshlarimizning mazkur mamlakatlarda mehnat qilishi salmog‘i sezilarli darajada oshdi. Bu, avvalo, ushbu davlatlardagi iqtisodiy rivojlanish sur’ati, yirik infratuzilma loyihalarining ko‘payishi va mehnat bozorida xorijiy ishchi kuchiga talabning ortishi bilan izohlanadi. Shu bilan birga, ziyorat turizmining faollashishi ham bu mintaqada o‘zbekistonliklar ishtirokini ko‘paytirgan muhim omillardan.
Xavfsizlik bilan bog‘liq har qanday inqiroz yoki transport kommunikatsiyalaridagi uzilish minglab fuqarolar uchun tizimli muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Bunday sharoitda davlatlar oldida ikki muhim vazifa yuzaga keladi. Birinchisi, o‘z fuqarolarining xavfsizligini ta’minlash. Ikkinchisi, ularning vatanga qaytishi uchun zarur tashkiliy va diplomatik sharoitlarni yaratish. Bu esa tezkor qaror qabul qilish, xalqaro hamkorlik mexanizmlaridan samarali foydalanish va transport logistikasini qayta tashkil etishni talab qiladi.
Yaqin Sharq mintaqasida yuzaga kelgan mazkur vaziyat yana bir muhim xulosani ko‘rsatdi: globallashuv sharoitida xavfsizlik muammolari faqat muayyan davlat yoki hudud bilan cheklanib qolmaydi. Ular ko‘pincha butun xalqaro transport va iqtisodiy tizimga ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois, davlatlar o‘z tashqi siyosatida fuqarolar xavfsizligi masalasiga alohida e’tibor qaratishi, konsullik xizmatlari faoliyatini kuchaytirishi va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi zarur.
O‘zbekistonning mazkur vaziyatdagi harakatlari aynan shu tamoyillarga asoslandi. Mintaqadagi geosiyosiy vaziyatning murakkabligiga qaramasdan, davlatimiz tomonidan tezkor diplomatik chora-tadbirlar ko‘rildi, konsullik xizmatlari faoliyati kuchaytirildi va fuqarolarni xavfsiz hududlar orqali vatanga qaytarish bo‘yicha amaliy mexanizmlar ishga tushirildi. Bu jarayon nafaqat favqulodda vaziyatga berilgan tezkor javob, balki mamlakatimiz tashqi siyosatining inson manfaatlarini ustuvor qo‘yishga asoslangan strategik yo‘nalishini ham yaqqol namoyon etdi.
Aynan shu nuqtada davlatlararo hamkorlik va oliy darajadagi diplomatik muloqotlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Shu bois, evakuatsiya jarayonining muvaffaqiyatini tushunish uchun mazkur davrda o‘rnatilgan diplomatik aloqalarga alohida e’tibor qaratish zarur.
Yaqin Sharq davlatlaridan yurtimiz fuqarolarini xavfsiz hududlar orqali vatanga qaytarish jarayoni faqat texnik yoki logistik chora-tadbirlar bilan cheklanib qolgani yo‘q. Bu jarayonda oliy darajadagi siyosiy muloqotlar, davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonch va diplomatik hamkorlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Mintaqadagi murakkab vaziyat sharoitida aviaqatnovlar, tranzit yo‘nalishlari va fuqarolar harakatlanishi bilan bog‘liq masalalarni hal qilish ko‘p hollarda davlatlararo munosabatlar darajasidagi kelishuvlarni talab qiladi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mamlakatimiz yetakchisining Yaqin Sharq davlatlari rahbarlari bilan telefon orqali muloqotlari evakuatsiya jarayonining muvaffaqiyatli tashkil etilishida muhim siyosiy va diplomatik omil bo‘ldi. Xususan, mazkur jarayonda O‘mon Sultoni Haysam bin Tariq, Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon, Kuvayt Davlati Valiahdi Shayx Saboh Xolid alHamad as-Saboh, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Bahrayn Podshohi Hamad bin Iso Ol Xalifa, Iordaniya Podshohi Abdulla II bilan telefon orqali muloqot qilindi. Ushbu suhbatlarda mintaqadagi vaziyat, xavfsizlik masalalari hamda fuqarolarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash bilan bog‘liq amaliy chora-tadbirlar muhokama markazida bo‘ldi.
Avvalo, bu muloqotlar davlatlar o‘rtasidagi siyosiy ishonch va strategik sheriklik munosabatlarining amaliy ko‘rinishidir. Xalqaro munosabatlar amaliyotida favqulodda vaziyatlarda davlat rahbarlari darajasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot eng samarali diplomatik vositalardan biri hisoblanadi. Bunday muloqotlar orqali muhim qarorlar tezkor qabul qilinishi va zarur amaliy mexanizmlar ishga tushirilishi mumkin.
Ikkinchidan, bu muloqotlar davlatimiz tashqi siyosatining so‘nggi yillarda shakllangan pragmatik va ochiq diplomatiya modeli amaliy natija berayotganini yana bir bor namoyon etdi. Mamlakatimiz Yaqin Sharq davlatlari bilan siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda keng qamrovli hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.
Mazkur diplomatik muloqotlar davlatimiz tashqi siyosatining muhim xususiyatlaridan biri — ishonchga asoslangan diplomatiya tamoyili samaradorligini ko‘rsatdi. So‘nggi yillarda mamlakatimizning Yaqin Sharq davlatlari bilan o‘rnatilgan konstruktiv munosabatlari nafaqat iqtisodiy va siyosiy sohalar, balki favqulodda vaziyatlarda ham amaliy samara bermoqda.
Amaliy mexanizmlar va institutsional salohiyat
Yaqin Sharq davlatlaridan mamlakatimiz fuqarolarini olib kelish jarayonida konsullik diplomatiyasi va transport logistikasi o‘zaro uyg‘un holda ishlagani alohida e’tiborga loyiq. Favqulodda vaziyatlarda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash faqat siyosiy qarorlar bilan cheklanib qolmaydi. Bu jarayon amalda qator tashkiliy, huquqiy va texnik mexanizmlarni ishga tushirishni talab etadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, mazkur evakuatsiya operatsiyasi davlat boshqaruvi tizimi, diplomatik xizmatlar va transport infratuzilmasining muvofiqlashtirilgan faoliyatini namoyon etgan muhim tajriba sifatida baholanishi mumkin.
Zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimida konsullik diplomatiyasi davlat tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri. Agar diplomatiyaning an’anaviy vazifalari davlatlararo siyosiy muloqotni ta’minlashdan iborat bo‘lgan bo‘lsa, konsullik diplomatiyasining asosiy vazifasi xorijdagi fuqarolar huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga amaliy yordam ko‘rsatish va zarurat tug‘ilganda xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Bu borada xalqaro huquqiy asoslar ham aniq belgilab berilgan. 1963-yilda qabul qilingan Vena konsullik munosabatlari to‘g‘risidagi konvensiya davlatlarga xorijdagi o‘z fuqarolari manfaatini himoya qilish huquqini beradi. Ushbu hujjatga muvofiq, konsullik muassasalari favqulodda vaziyatlarda fuqarolarga yordam ko‘rsatish, ularning xavfsizligini ta’minlash va zarur hollarda evakuatsiya ishlarini tashkil qilishda ishtirok etishi mumkin.
Yurtimizda konsullik xizmatini modernizatsiya qilishga qaratilgan qator institutsional islohotlar o‘tkazildi. Diplomatik vakolatxonalarning moddiy-texnik imkoniyatlari kengaytirildi, raqamli konsullik xizmatlari joriy etildi, xorijdagi fuqarolar bilan aloqa mexanizmlari takomillashtirildi. Bu islohotlar, ayniqsa, favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlanish imkoniyatini yaratish nuqtayi nazaridan muhim ahamiyat kasb etdi.
Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgan davrda aynan shu mexanizmlar ishga tushirildi. Diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari fuqarolar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot o‘rnatib, ularning joylashuvi va harakatlanish imkoniyatlari haqida ma’lumotlar to‘pladi. Bu ma’lumotlar evakuatsiya operatsiyasini rejalashtirish va amalga oshirish uchun muhim axborot bazasi vazifasini o‘tadi.
Evakuatsiya jarayonining muhim bosqichlaridan biri fuqarolarni ro‘yxatga olish va ularning harakatlanishini muvofiqlashtirishdir. Mintaqada turli shaharlarda bo‘lib turgan fuqarolarni bir nuqtaga jamlash, ularning hujjatlari va transport imkoniyatlarini aniqlash hamda xavfsiz marshrutlarni belgilash kabi masalalar katta tashkiliy ishlarni talab qiladi. Bu jarayonda konsullik muassasalari asosiy muvofiqlashtiruvchi bo‘g‘in vazifasini bajardi.
Umuman olganda, mazkur evakuatsiya jarayoni mamlakatimiz tashqi siyosatida so‘nggi yillarda shakllangan insonparvarlik tamoyillari va pragmatik diplomatiya modelining amaliy samarasini ko‘rsatdi. Davlatning o‘z fuqarolari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bunday harakatlari jamiyatning davlatga ishonchini mustahkamlaydi, xalqaro maydonda mamlakat obro‘sini oshiradi va milliy diplomatiya institutining nufuzini kuchaytiradi.
Globallashuv sharoitida odamlarning xalqaro harakatlanishi ortib borayotgan bir paytda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash masalasi kelgusida ham davlat siyosatida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, konsullik xizmatlari imkoniyatini yanada kengaytirish, diplomatik vakolatxonalar tarmog‘ini rivojlantirish va favqulodda vaziyatlarda tezkor harakatlanish mexanizmlarini takomillashtirish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Yaqin Sharq davlatlaridan yurtdoshlarimizni evakuatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar mamlakatimizda fuqarolar xavfsizligi va manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor tasdiqladi. Bu jarayon davlat va fuqaro o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, diplomatik institutlar samaradorligini oshirish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yuksaltirish nuqtayi nazaridan ham muhim.
Oybek QO‘SHBOQOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i
Batafsil





















