Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini keng isloh qilish taklif etildi
Buyuk Britaniya parlamentining Inson huquqlari bo‘yicha qo‘shma qo‘mitasi bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimini keng ko‘lamda isloh qilishga chaqirdi. Takliflar davlat qaramog‘idagi bolalar va bunday qaramoqdan chiqqan yoshlarga ko‘rsatiladigan yordam sifatini yaxshilashga qaratilgan.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, Angliyada qariyb 400 ming bola ijtimoiy himoya tizimida bo‘lib, ularning qariyb 84 ming nafari mahalliy hokimiyat organlari qaramog‘ida. Hisobotda tizimdan foydalanish tartibini soddalashtirish, shikoyatlarni ko‘rib chiqish mexanizmlarini takomillashtirish hamda davlat qaramog‘ida bo‘lishning bola kelajagiga uzoq muddatli ta’siriga e’tiborni kuchaytirish zarurligi qayd etilgan.
Shuningdek, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini Angliya qonunchiligiga to‘liq implementatsiya qilish taklif etilgan. Qo‘mita fikricha, bu davlat qaramog‘idagi bolalar huquqlarini himoya qilishni kuchaytirish va ularni qo‘llab-quvvatlashga mas’ul davlat organlarining javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Hisobotda davlat qaramog‘idan chiqqan yoshlarga ko‘rsatiladigan yordam ular voyaga yetganidan keyin keskin kamayishi ta’kidlangan. Shu sababli Hukumatga uy-joy, sog‘liqni saqlash, ta’lim va bandlik sohalaridagi yordamni qat’iy yosh chegaralari bilan cheklamasdan davom ettirish imkoniyatlarini o‘rganish tavsiya qilingan.
Qo‘mita bolalarni oilaviy muhitda saqlab qolishda qarindoshlar parvarishining ahamiyatini ham qayd etgan. Qarindoshlarga nafaqa to‘lash bo‘yicha sinov dasturi ijobiy qadam sifatida baholangan, biroq uzoq muddatli tizim joriy etilgunga qadar bunday oilalarga moliyaviy yordam va ota-onalik ta’tili berish kabi vaqtinchalik choralarni ko‘rib chiqish taklif qilingan.
Nogironligi bo‘lgan bolalarga yordam ko‘rsatish tartibining hududlar bo‘yicha farq qilishi ham tanqid qilingan. Qo‘mita bunday bolalar, ularning oilalari va mahalliy hokimiyat organlarining huquq hamda majburiyatlarini aniq belgilaydigan yagona qonuniy qo‘llanma va milliy mezonlarni ishlab chiqishga chaqirgan.
Bundan tashqari, bolalarni joylashtirish uchun munosib muassasalar yetishmasligi ularning qimmat va talabga javob bermaydigan joylarga, ko‘pincha oilasi va ijtimoiy muhitidan uzoqda joylashtirilishiga olib kelayotgani ko‘rsatilgan. Shu munosabat bilan nazoratdan o‘tmagan joylashtirish muassasalaridan foydalanishni to‘xtatish, mahalliy hokimiyatlarning imkoniyatlarini kengaytirish, tekshiruvlarni kuchaytirish va muassasalarni ro‘yxatga olishdagi kechikishlarni bartaraf etish tavsiya etilgan.
O‘zbekiston uchun dolzarbligi
O‘zbekistonda bolalarning huquq va manfaatlarini himoya qilishning umumiy huquqiy asoslari “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunlarda belgilangan. Shuningdek, 2024-yil 14-noyabrdagi PF–185-son Farmon bilan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishning muqobil shakllarini rivojlantirish hamda ularga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 893-son qarori asosida bunday bolalarning ijtimoiy va oilaviy sharoitini baholash, ularni manfaatlariga mos shaklda joylashtirish hamda individual rivojlanish va jamiyatga integratsiya rejalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan. Qarorda bolalarni mustaqil hayotga tayyorlash, ta’lim olishi va ishga joylashishiga ko‘maklashish, shuningdek, uy-joy bilan ta’minlashga yordam berish choralari ham belgilangan.
Shu jihatdan, Buyuk Britaniyada taklif etilgan davlat qaramog‘idan chiqqan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni qat’iy yosh chegarasidan keyin ham davom ettirish, qarindoshlar parvarishini rag‘batlantirish, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun yagona mezonlarni belgilash hamda joylashtirish muassasalari ustidan nazoratni kuchaytirish yondashuvlari O‘zbekiston uchun dolzarbdir.
Ushbu tajriba amaldagi hamrohlik dasturlarining davomiyligi va qamrovini baholash hamda bolalar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlarni hududlar bo‘yicha bir xil standartlarga keltirishda o‘rganilishi mumkin.





















