TA’LIMDAGI UZVIYLIK — TARAQQIYOT KAFOLATI
Har bir ota-ona farzandining yaxshi ta’lim olishi, munosib kasb egallashi va hayotda o‘z o‘rnini topishini istaydi. Bu orzuning ro‘yobi bog‘chadagi tarbiya, maktabdagi bilim, kasbiy tayyorgarlik va oliy ta’limning bir-birini qay darajada to‘ldirishiga bog‘liq. Zero, insonning kamol topishi yaxlit jarayon. Ta’limni boshqarish ham ana shu yaxlitlikka xizmat qilishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Ta’lim va ilm-fan vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF–213-son Farmoni shu jihatdan mamlakatimiz kelajagi uchun muhim ahamiyatga ega. Unda inson kapitalini rivojlantirish, ta’limning barcha turlari o‘rtasida uzviylikni ta’minlash, oliy ta’limni ilm-fan bilan yaqinlashtirish hamda jamoatchilik oldidagi hisobdorlikni oshirish ustuvor maqsad sifatida belgilangan.
Farmonga muvofiq, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi negizida Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etilmoqda. Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan oliy ta’limdan keyingi bosqichgacha, kadrlarni qayta tayyorlashdan qo‘shimcha va norasmiy ta’limgacha bo‘lgan sohalarda yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Bunday yondashuv ta’lim oluvchining butun rivojlanish yo‘lini umumiy maqsad asosida muvofiqlashtirish imkonini beradi.
Bog‘chada shakllangan ko‘nikma maktabda rivojlantirilishi, maktabdagi bilim kasb tanlashga zamin yaratishi, oliy ta’limdagi tayyorgarlik esa ilmiy izlanish va mehnat faoliyatida davom etishi lozim. Bosqichlar o‘rtasidagi talab va dasturlar yetarlicha muvofiqlashmasa, o‘quvchi ham, o‘qituvchi ham qo‘shimcha qiyinchilikka duch keladi. Yagona boshqaruv ana shu tutash nuqtalardagi masalalarni birgalikda hal etish uchun tashkiliy asos yaratadi.
Masalan, maktabda tabiiy fanlarga qiziqqan o‘quvchining qobiliyatini erta aniqlash, uni tegishli kasbiy ta’lim yoki universitet dasturiga yo‘naltirish, keyinchalik ilmiy laboratoriyada izlanish olib borishiga ko‘maklashish mumkin. Buning uchun ta’lim muassasalarining o‘zaro hamkorligi, dasturlarning davomiyligi va iqtidorni qo‘llab-quvvatlash choralari bir-biriga uyg‘un bo‘lishi zarur. Farmon shu kabi imkoniyatlarni tizimli yo‘lga qo‘yishga xizmat qilishi bilan qimmatlidir.
Masalaning xalqaro tajriba bilan hamohang jihatlari ham bor. YUNESKOning umr davomida ta’lim olishga oid qo‘llanmasida yaxlit siyosat, ta’lim bosqichlari va mas’ul tashkilotlar hamkorligi, qarorlarni dalillar asosida qabul qilish hamda jamoatchilik ishtirokiga alohida urg‘u berilgan. Bu yondashuvlar farmonda belgilangan uzviylik va hisobdorlik maqsadlari bilan mazmunan mushtarak. Endi vazifa — ularni milliy sharoitimizga mos, aniq ishlaydigan mexanizmlarga aylantirish.
Ta’lim va ilm-fanning yaqinlashuvi ham alohida e’tiborga molik. Universitetdagi ilmiy izlanish o‘quv dasturini boyitsa, amaliyotdagi muammo tadqiqot mavzusiga aylansa, bilimning qadri yanada ortadi. Talaba tayyor ma’lumotni o‘zlashtirish bilan birga savol qo‘yish, dalil izlash, tahlil qilish va mustaqil yechim topishni o‘rganadi. Bugun iqtisodiyotimizga, davlat boshqaruviga, ijtimoiy sohalarga aynan shunday fikrlaydigan mutaxassislar kerak.
Ta’lim tizisidagi islohotning maktia sinfidagi va auditoriyadagi asosiy tayanchi — o‘qituvchi. Shu bois yangi tizimning imkoniyatlari pedagog tayyorlash, uning malakasini oshirish va zamonaviy metodik yordamni kuchaytirishda namoyon bo‘lishi muhim. Maktabdagi haqiqiy ehtiyoj pedagogika oliy ta’limidagi tayyorgarlikka ta’sir ko‘rsatishi, universitet olimlarining izlanishlari esa o‘qituvchining kundalik ishiga yordam berishi kerak. Bu ikki tomonlama aloqa mustahkamlansa, islohotning samarasini eng avvalo bola his qiladi.
Farmonda kadrlarni qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, qo‘shimcha va norasmiy ta’lim qamrab olingani ham uzoqni ko‘zlagan yondashuvdir. Texnologiyalar va kasblarga qo‘yiladigan talablar o‘zgarayotgan sharoitda inson uchun bilimni yangilab borish imkoniyati zarur. Yangi kasb o‘rganishni istagan fuqaro, ish uslubini takomillashtirayotgan pedagog yoki zamonaviy texnologiyani o‘zlashtirayotgan mutaxassis ham uzluksiz ta’limning faol ishtirokchisidir.
Yana bir muhim masala — ta’lim imkoniyatlarining hududlar bo‘yicha mutanosibligi. Yagona siyosat doirasida pedagoglarga ehtiyojni, o‘quv resurslari va infratuzilma holatini o‘zaro bog‘liq holda tahlil qilish mumkin. Bu chekka hududdagi bolaning ham qobiliyatini namoyon etishi, zarur bilim va kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi qarorlar qabul qilish uchun muhim.
Ayniqsa, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish maqsadi qo‘llab-quvvatlashga munosib. Ota-ona ta’lim sifatidagi o‘zgarishni, o‘qituvchi kasbiy rivojlanish imkoniyatini, jamiyat esa sarflanayotgan mablag‘ning samarasini ko‘ra olishi kerak. Shu maqsadda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalari, bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi, ilmiy natijalarning amaliyotda qo‘llanilishi kabi mezonlar bo‘yicha ochiq muhokamalarni yo‘lga qo‘yish foydali bo‘ladi. Parlament va jamoatchilik nazorati ham bu jarayonda amaliy natijaga e’tibor qaratishi muhim.
Farmonda yangi vazirlik faoliyatini natijadorlik va samarali boshqaruv tamoyillari asosida tashkil etish belgilangan. Bu vazifaning hayotga tatbiqi vakolatlarni aniq taqsimlash, ta’lim muassasalarining tashabbusini qo‘llab-quvvatlash va pedagoglar fikrini eshitishni taqozo etadi. Ana shunda yagona siyosat har bir bosqichning o‘ziga xos ehtiyojini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
Mazkur farmon zamirida farzandlarimiz kelajagiga daxldor katta maqsad mujassam. Bog‘chada uyg‘ongan qiziqish maktabda bilimga, oliygohda kasbiy mahoratga, ilm-fanda yangilikka aylanishi uchun uzluksiz imkoniyat yaratish zarur. Ta’lim va ilm-fanning hamjihat rivoji ana shu maqsadga erishishga, yurtimizning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Toshpulatov Akrom Ikromovich,
Parlament tadqiqotlari instituti direktori






















