Yangilangan Konstitutsiyada bola huquqlariga alohida e’tibor qaratildi

Sir emaski, har qanday mamlakat taraqqiyoti bola huquqlarining ta’minlanganligi darajasiga chambarchas bog‘liq. Bugungi tahlikali va zamonaviy dunyoda bola huquqlarini ta’minlash, himoya qilish uchun shart-sharoitlar yaratish davlatning eng muhim vazifasi hisoblanadi.
Ayni paytda, mamlakatimizda bola huquqlari himoyasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanib ulgurdi. Xususan, Yangilangan Konstitutsiyaning 78-moddasida davlatning bola oldidagi majburiyatlari belgilandi. Unga ko‘ra, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati sifatida nazarda tutildi.
Mazkur konstitutsiyaviy normani hayotga izchil tatbiq etish maqsadida o‘tgan qisqa fursatda bir qator tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Birinchidan, 2023-yil 1-iyun kuni Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni har tomonlama himoya qilish uning asosiy vazifasi etib belgilandi.
Ikkinchidan, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) institutijoriy etildi. Bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etish, davlat organlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini amalga oshirish asosiy vazifasietib belgilandi.
Uchinchidan, 2024-yilning 2-martida “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi tarixiy qonun qabul qilindi. Yurtimizda bolalar huquqlarini himoya qilish tarixida yangi sahifa ochgan ushbu qonunda Bolalar ombudsmanining huquqlari, majburiyatlari, vazifalari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kabi masalalar tartibga solindi.
Bola huquqlari bo‘yicha vakilning mamlakatda bolalar huquqlari himoyasi borasida amalga oshirgan ishlar haqidagi ma’ruzasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining va Senatining majlislarida ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi. Bu ham bolalarga bo‘lgan e’tibor, ularga ko‘maklashish alohida o‘rin tutishining isbotidir.
Yuqoridagilarning barchasi mamlakatimizda bola huquqlari himoyasi sohasida olib borilayotgan tizimli ishlarning bir qismi xalos.
Yangilangan Konstitutsiyada belgilangan O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekanligi tamoyili amaliyotda o‘z ifodasini topmoqda.
Parlament tadqiqotlari instituti
bosh ilmiy xodimi
Amirullo TUXLIBOYEV





















