Mahkumlarning xorijga qochib ketishining oldini olish choralari kuchaytirilmoqda

Joriy yilning 30-iyul kuni parlament jinoyat qonunchiligiga o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Loyiha Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lib, protsessual majburlov choralarini tayinlash va hukmni ijro etish bosqichi o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan uzilishlarni bartaraf etishga qaratilgan.
O‘zgartirishlardan biri sudga hukm chiqarilgan paytdan boshlab bedarak yo‘qolgan mahkumni o‘z tashabbusi bilan qidiruv e’lon qilish majburiyatini yuklaydi. Mualliflarning fikricha, ushbu chora mahkumning qidiruv e’lon qilingunga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘idan yashirinish yoki mamlakat hududini tark etish uchun foydalanish xavfini kamaytiradi.
Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan uy qamog‘idan qochganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Amaldagi Jinoyat kodeksida faqat qamoqda saqlash joylaridan qochganlik uchun jazo belgilangan.
Shuningdek, tashkilotlarga nisbatan qo‘llaniladigan kafolatli garov ehtiyot chorasi miqdori oshirilmoqda. Xususan, tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan kafolatli garov miqdori 50 000 dan 150 000 leygacha bo‘ladi. Hozirgi vaqtda garov miqdori jismoniy shaxslar tomonidan taqdim etiladigan garov miqdoriga teng bo‘lib, 15 000 dan 50 000 leygacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi.
O‘zgartirishlar rasmiy axborotnomada e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kirishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston uchun dolzarbligi
O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida qamoq yoki qo‘riqlov ostidagi saqlash joyidan qochganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan, ammo uy qamog‘idan qochganlik uchun javobgarlik belgilanmagan.
Biroq, Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, uy qamog‘ida bo‘lgan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi belgilangan taqiqlarni (cheklovlarni) buzgan taqdirda, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Shunday qilib, amaldagi qonunchilik uy qamog‘i taqiqlarini buzgan shaxsga nisbatan ehtiyot chorasini qamoqqa olish bilan almashtirish mexanizmini nazarda tutadi, bu ham ta’sir ko‘rsatishning samarali vositasidir. Shu sababli, amaldagi mexanizmni jinoiy javobgarlikni joriy etish bilan almashtirish dolzarb emas.





















