Kutilmagan reklama qo‘ng‘iroqlari cheklanadi

Tasavvur qiling, toshkentlik Aziz aka otasidan meros qolgan uyni sotmoqchi. Biroq mulkka oid hujjatlar qachon rasmiylashtirilgani yoki soliq imtiyozlari muddati qachondan boshlanganini aniqlash uchun bir necha idoraga murojaat qilishga majbur. Yoki buxorolik Dilnoza opa o‘z nomiga qaysitelefon raqami va bank kartasi biriktirilganini aniqbilmaydi. Natijada begona raqamlar yoki ma’lumotlardan foydalanish bilan bog‘liq xavotirlar tug‘iladi. Yoxud kechki payt yot raqamdan kelgan “chegirma” haqidagi yana bir reklama xabari nafaqat tinchlikni buzadi, balki shaxsiy ma’lumotlar qayerdan tarqalgani haqida ham o‘ylantirib qo‘yadi.
Bunday holatlar ko‘pchilik uchun tanish. Ularning umumiy sababi esa bir xil: shaxsiy ma’lumotlarga oid axborot turli davlat organlari va tashkilotlarda tarqoq holda saqlanadi, fuqaro esa ular ustidan to‘liq va qulay nazorat qilish imkoniyatiga ega emas.
Biroq bu kabi muammolar asta-sekin o‘tmishga aylanmoqda. Prezidentimizning 2026-yil 15-iyuldagi “Aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini takomillashtirish hamda fuqarolar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori fuqarolar har kuni duch keladigan, kichikdek ko‘rinsa-da, hayot sifatini pasaytiruvchi ana shunday muammolarga zamonaviy va tizimli yechim yaratadi.
Ko‘pchilikka tanish holat: ota-onadan meros qolgan uy-joyni o‘z nomiga rasmiylashtirishni ish, oila tashvishlari yoki boshqa sabablar tufayli bir-ikki oyga kechiktirib qo‘yamiz. Ilgari bunday holat jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘lardi. Endi esa 2027-yil 1-yanvardan boshlab tartib o‘zgaradi. Agar meros mulki o‘z vaqtida rasmiylashtirilmasa, jarima emas, balki kechiktirilgan kunlar soniga mutanosib ravishda davlat boji undiriladi. Mazkur o‘zgarishning mohiyati shundaki, davlat fuqaroni jazolashga emas, balki hayotda uchrab turadigan obyektiv holatlarni inobatga olgan holda adolatli va qulay huquqiy tartibni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.
Yana bir jihat. Uyni meros yoki yaqin qarindoshdan hadya tariqasida olgan bo‘lsangiz, uni sotishda soliqdan ozod bo‘lish muddati endi uy sizning nomingizga davlat ro‘yxatidan o‘tgan kundan boshlab hisoblanadi. Ilgari bu borada noaniqlik ko‘p edi, odamlar notarius va soliq idorasi orasida tushuntirish izlab yurardi.
Ba’zan oila bankdan kredit olish uchun uyini garovga qo‘yadi, lekin shu uyda yashashda davom etadi. Ammo rasmiy ro‘yxatdan o‘tishda muammo chiqardi — garovga oluvchining roziligi kerak bo‘lardi. Endi bu qoida ham yumshatildi. Inson shu uyda yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi mumkin, faqat zarur bo‘lganda undan chiqarilishiga oldindan rozi bo‘lishi kerak, xolos. Oddiy qilib aytganda, kredit olgan oila endi uy-joy hujjatlari tufayli ikkilanib qolmaydi.
2026-yil 1-oktyabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) yana bir qulay elektron xizmat ishga tushiriladi. Endi fuqarolar uydan chiqmagan holda, oddiy smartfon orqali o‘z nomidagi ko‘chmas mulk yoki avtotransport vositasiga garov (taqiq) qo‘yish yoki uni bekor qilish bo‘yicha murojaat yuborishi mumkin bo‘ladi. Eng muhimi, buning uchun bangga yoki notarial idoraga borish talab etilmaydi. Shaxsni Face-ID texnologiyasi orqali tasdiqlashning o‘zi kifoya qiladi. Shuningdek, kim sizning nomingizdan foydalanib, telefon raqami yoki bank kartasi ochganini ham portal orqali ko‘rsa bo‘ladi. Bugun, afsuski, birovning nomidan aldab raqam ochib, shu orqali firibgarlik qilish hollari uchrab turadi. Endi fuqaroning o‘zi buni nazorat qila oladi.
Yana bir muhim yangilik. Notarial harakatlar haqida fuqarolarni tezkor xabardor qilish tizimi joriy etiladi. Endi notariusda sizga daxldor hujjat rasmiylashtirilsa, masalan, nomingizdan ishonchnoma tasdiqlansa, bu haqda YAIDXP orqali darhol xabarnoma olasiz. Bu esa fuqaroga har qanday shubhali yoki ruxsatsiz amalga oshirilgan harakatdan o‘z vaqtida xabardor bo‘lish va zarur huquqiy choralarni ko‘rish imkonini beradi. Natijada mulkiy huquqlarni himoya qilish kuchayadi, firibgarlik va boshqa noqonuniy harakatlarning oldini olish imkoniyatlari kengayadi.
Ayrim kishilar davlat xizmati uchun to‘lov qilayotganda vositachi tizimlarga qo‘shimcha foiz to‘lab qo‘yganini sezmay ham qoladi. 2026-yil 1-sentyabrgacha YAIDXP orqali virtual to‘lov kartasi ochish, unga bank kartangizdan pul o‘tkazish va davlat xizmati uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri shu karta orqali to‘lov qilish imkoniyati yaratiladi. Yana hech qanday vositachilik yig‘imisiz. Agar xizmat kechiktirilsa yoki asossiz rad etilsa, pulingiz avtomatik ravishda o‘zingizga qaytadi. Ortiqcha yozishma, arizalar endi kerak emas.
Voyaga yetmagan bolalar o‘z huquqini himoyalash uchun sudga murojaat qilsa, ular davlat bojidan butunlay ozod etiladi.
Ko‘pchilik bunday muammoga duch kelgan, ya’ni bir hujjatda ism-sharif bir xil yozilgan bo‘lsa, boshqa hujjatda bir-ikki harf farq qilib qoladi. Natijada oddiy ma’lumotlar tafovuti ham turli idoralarga murojaat qilish, ma’lumotnomalar yig‘ish va vaqt sarflashga olib keladi. Familiya yoki ism rasman o‘zgargan taqdirda bu ma’lumotni barcha idoralarga o‘zingiz borib yetkazishingiz kerak edi. 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab buning keragi qolmaydi. Adliya organi ma’lumotni o‘zgartirganda, bu xabar “elektron hukumat” tizimi orqali avtomatik tarzda boshqa davlat idoralariga ham boradi, ularning o‘zi hujjatlarni yangilaydi. Sizga esa YAIDXP orqali oddiy xabarnoma keladi: “Ma’lumotlaringiz yangilandi. Hujjatingizni yangilashingiz zarur”. Shu orqali hujjatlardagi ma’lumotlar bir xil saqlanadi va keyinchalik ortiqcha ovoragarchiliklarning oldi olinadi.
Tunda noma’lum raqamdan keladigan qo‘ng‘iroqlar, “chegirma” yoki “yutuq” haqidagi kutilmagan xabarlar ko‘pchilikning joniga teggan. 2026-yil 1-noyabrdan boshlab bunday tartib o‘zgaradi. Tovar yoki xizmatni reklama qilish maqsadida telefon, SMS yoki elektron aloqa vositalari orqali murojaat qilishdan oldin reklama tarqatuvchi shaxs fuqaroning yozma yoki elektron shakldagi oldindan berilgan roziligini olishi shart. Qoida oddiy: rozilik bo‘lmasa, reklama ham bo‘lmaydi. Bu esa fuqarolarni kutilmagan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlaridan ishonchliroq himoya qiladi.
Bundan tashqari, soat 18:00 dan ertasi kuni soat 09:00 gacha umuman telefon orqali reklama qo‘ng‘iroq va xabarnomalarni tarqatish taqiqlanadi. Oddiy qilib aytganda, kechki ovqat paytida yoki uxlash oldidan ortiqcha “reklama” qo‘ng‘iroqlari endi sizni bezovta qilmaydi.
Xulosa qilib aytganda, mazkur qarorda insonning kundalik hayotida tez-tez uchraydigan, maydadek tuyulsa-da, ko‘p vaqt va asab talab qiladigan muammolarga aniq yechimlar nazarda tutilgan. Merosni rasmiylashtirishdagi kechikishlar, mulkka qo‘yilgan taqiqlar haqida o‘z vaqtida xabardor bo‘lmaslik, shaxsiy ma’lumotlar bilan bog‘liq noaniqliklar, kutilmagan reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarining har biri bo‘yicha aniq huquqiy mexanizm va amalga oshirish muddati belgilandi.
Eng muhimi, bu qaror davlat xizmatlarini fuqaro uchun yanada sodda, tezkor va qulay qilishga qaratilgan. Chunki odamlar davlat islohotlarini, avvalo, qonun matni orqali emas, balki kundalik hayotda yaratadigan amaliy qulayliklar orqali his qiladi.
Aziz aka endi merosni osonroq rasmiylashtiradi. Dilnoza opa o‘z nomidagi kartalarni nazorat qiladi. Kechki soat to‘qqizdagi ortiqcha qo‘ng‘iroq esa, umid qilamizki, tobora kamayib boradi.
Oybek QO‘SHBOQOV,
Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i,
iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori





















