SAMARQANDDAN BOSHLANGAN YO‘L yoxud AQSh Davlat kotibining tashrifi O‘zbekiston–Amerika sherikligiga qanday yangi mazmun baxsh etadi
O‘n bir yil avval Samarqandda Markaziy Osiyoning besh davlati va Amerika Qo‘shma Shtatlari tashqi ishlar vazirlari ilk bor bir davrada yig‘ilib, “C5+1” deb nom olgan muloqot formatiga asos solgan edi. Bugun bu format yana o‘z beshigi – ko‘hna va navqiron Samarqandga qaytdi. AQSh Davlat kotibi Marko Rubioning mintaqaga ilk tashrifi, unga hamroh bo‘lgan 200 dan ortiq amerikalik kompaniya vakillari, O‘zbekiston–Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashining davlatimiz rahbari ishtirokidagi yig‘ilishi ikki mamlakat munosabatlari deklaratsiyalar bosqichidan amaliy loyihalar bosqichiga ko‘tarilayotganidan dalolatdir. Xo‘sh, ushbu tashrif O‘zbekiston uchun qanday imkoniyatlar ochadi va ularni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?
Inqirozlar davrida tanlangan manzil
Bugun jahon siyosatining kun tartibi keskinliklarga to‘la. Yaqin Sharqdagi harbiy mojarolar, Ukraina atrofidagi vaziyat, global savdodagi noaniqliklar yirik davlatlar diplomatiyasining asosiy e’tiborini o‘ziga tortmoqda. Shunday bir paytda Vashingtonning bosh diplomati aynan Samarqandni tanlagani bejiz emas.
Tashrif arafasida jurnalistlar M.Rubiodan nega dunyoda inqirozlar avj olgan bir vaqtda Markaziy Osiyoga yo‘l olayotganini so‘rashdi. Davlat kotibi bu safar hamkorlikni mustahkamlash maqsadida amalga oshirilayotganini qayd etib: “Shunday davlatlar borki, ular bilan munosabatlarimizni rivojlantirish uchun borishni istaymiz”, deya ta’kidladi. Boshqacha aytganda, O‘zbekiston bugun xalqaro hamjamiyat nazarida ishonchli hamkor va imkoniyatlar makoni sifatida gavdalanmoqda.
Samarqand xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serdjio Gor, AQShning mamlakatimizdagi elchisi Jonatan Henik kutib oldi. “AQSh davlat kotibi Marko Rubioni ko‘hna va navqiron Samarqand zaminida qutlashdan mamnunman”, deb yozdi Saida Mirziyoyeva o‘z sahifasida.
Tashrif dasturi ham uning mazmunini yaqqol ko‘rsatib turibdi: “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi, Baxtiyor Saidov va Marko Rubio o‘rtasida O‘zbekiston–AQSh Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqotining birinchi raundi, Prezidentimiz ishtirokida Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining ikkinchi yig‘ilishi hamda davlatimiz rahbarining Davlat kotibi bilan muzokaralari. Siyosat, iqtisodiyot va mintaqaviy hamkorlik – barchasi bir kunlik dasturda jamlangan.
Ishonchning uzoq yo‘li
O‘zbekiston–Amerika munosabatlari bugun birdan paydo bo‘lgani yo‘q. Uning huquqiy poydevori 2002 yilgi Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiya bilan qo‘yilgan. Ammo munosabatlarga yangi hayot baxsh etgan burilish nuqtasi 2018 yil may oyida Prezidentimizning AQShga rasmiy tashrifi bo‘ldi. O‘shanda tomonlar “strategik sheriklikning yangi davri” boshlanganini e’lon qilgan edi. Shundan so‘ng yillik maslahatlashuvlar Strategik sheriklik muloqoti formatiga o‘tkazildi, 2024 yil noyabrda esa u Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarildi. Bugun Samarqandda ushbu mexanizmning vazirlar darajasidagi birinchi raundi o‘tkazilayotgani esa tizimli yondashuvning mantiqiy natijasidir.
So‘nggi bir yilda siyosiy muloqot misli ko‘rilmagan jadallik kasb etdi. 2025 yil sentyabrda Nyu-Yorkda, noyabrda esa Vashingtonda ikki davlat rahbarlari uchrashdi. Oq uydagi muzokaralar yakunida 34,5 milliard dollarlik iqtisodiy kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi. Ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tuzishga kelishib olindi. 2026 yil yanvarda O‘zbekiston Tinchlik kengashining ta’sischi davlatlaridan biriga aylandi. Fevralda davlatimiz rahbari uning Vashingtondagi ta’sis yig‘ilishida ishtirok etdi. Prezidentimiz joriy yil dekabrda Mayamida o‘tadigan “Katta yigirmatalik” (G20) sammitiga ham mehmon sifatida taklif etilgan.
Bu jadallikning zamirida 2016 yildan buyon Prezidentimiz rahbarligida izchil amalga oshirilayotgan ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat yotadi. Uning asosiy tamoyili hech kim bilan qarama-qarshilik emas, hamma bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik. Aynan shu yondashuv O‘zbekistonni turli kuch markazlari uchun birdek ishonchli va ochiq hamkorga aylantirmoqda.
Raqamlar nimadan so‘zlaydi?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017–2025 yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 4,7 baravarga – 215 million dollardan 1 milliard dollarga oshdi. Joriy yilning sakkiz oyida o‘zaro savdo 810,4 million dollarga yetib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 33,4 foizga o‘sdi. Ayniqsa, eksportning 59,9 foizga ko‘paygani e’tiborga molik.
Investitsiyaviy hamkorlik ham sifat jihatidan o‘zgarmoqda. 2017–2025 yillarda AQShdan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya va kreditlar hajmi 2,9 milliard dollardan oshdi, yillik ko‘rsatkich esa 8,6 million dollardan 383,2 million dollarga yetdi. Bugun mamlakatimizda Amerika kapitali ishtirokidagi 400 ga yaqin korxona faoliyat yuritmoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning Boeing kompaniyasi bilan 22 tagacha 787 Dreamliner samolyoti xarid qilish bo‘yicha tarixiy shartnomasi, John Deere bilan 300 million dollarlik qishloq xo‘jaligi texnikasi kelishuvi, “Mobiuz” uyali aloqa operatorini xususiylashtirish bo‘yicha xalqaro tanlovda Amerika konsorsiumi g‘olib bo‘lib, 351 million dollar to‘lash va qo‘shimcha 500 million dollargacha investitsiya kiritish majburiyatini olgani, Milliy investitsiya jamg‘armasining global depozitar tilxatlari London fond birjasida savdoga qo‘yilgani hamkorlikning amaliy ifodasidir.
Shu bilan birga, raqamlarga xolis nazar tashlash ham muhim. AQShning mamlakatimiz tashqi savdo aylanmasidagi ulushi hozircha 1,4 foizni tashkil etadi, import esa eksportdan sezilarli darajada ustun. Amerika tomoni bildirgan bayonotlarga ko‘ra, yaqin uch yilda qariyb 35 milliard, o‘n yilda esa 100 milliard dollardan ortiq hamkorlik ko‘zda tutilmoqda. Bu hozirgi yillik savdo hajmidan o‘n baravar yuqori faollikni anglatadi. Demak, salohiyatning katta qismi hali oldinda, asosiy sinov esa e’lon qilingan kelishuvlarni aniq loyihalarga aylantirishdadir.
Yer bag‘ridagi boylik – qo‘shilgan qiymat manbai
Hamkorlikning strategik o‘zagi sifatida muhim minerallar sohasi shakllanmoqda. Joriy yil fevralda Vashingtonda 54 davlat vakillari ishtirokidagi vazirlar uchrashuvi doirasida muhim minerallar va noyob yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlashda ta’minot ishonchliligini ta’minlash to‘g‘risida hukumatlararo memorandum imzolandi. Ko‘p o‘tmay AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bilan qo‘shma investitsiya doirasi kelishilib, mineral va infratuzilma loyihalari uchun O‘zbekiston–AQSh qo‘shma xolding kompaniyasini tashkil etish taklif qilindi.
Bu borada O‘zbekistonning strategik pozitsiyasi aniq. Mamlakatimiz jahon bozorida xomashyo yetkazib berish bilan cheklanmay, qo‘shilgan qiymat zanjirlarida teng huquqli ishtirokchi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilmoqda. Shuning uchun har bir qo‘shma loyihada qayta ishlash darajasi, texnologiyalar transferi, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash va ishlab chiqarishni mamlakat hududida tashkil etish asosiy mezon bo‘lishi tabiiy.
Prezidentimiz bu yo‘nalishni mintaqaviy darajaga ham olib chiqmoqda. Sentyabrda Seulda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo – Koreya sammitida Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy investitsiya alyansini tuzish, oktyabr boshida Avaza shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida esa ushbu alyansni tezlashtirish va mintaqa zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish taklif etildi. Davlatimiz rahbari ilgari surgan “olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi ham aynan shu mantiqni ifodalaydi. Bu tashabbuslar “C5+1” doirasida AQSh bilan amaliy muloqot uchun tayyor platforma bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Bitimni hayotga ko‘chiradigan mexanizmlar
Tajriba shuni ko‘rsatadiki, eng yirik kelishuvlar ham ularni hayotga tatbiq etuvchi institutlar bo‘lmasa, qog‘ozda qolib ketishi mumkin. Shu bois Vashington sammitidan keyin Prezidentimiz farmoni bilan O‘zbekiston–Amerika ishbilarmonlik va investitsiya kengashi tashkil etilgani alohida ahamiyatga ega. Kengashga O‘zbekiston tomonidan Saida Mirziyoyeva, Amerika tomonidan Serdjio Gor hamraislik qilmoqda. Uning vazifalari qatorida yirik savdo va investitsiya loyihalarini muvofiqlashtirish, kelishuvlar ijrosini nazorat qilish, O‘zbekistonga investitsiya jalb qilish jamg‘armasini tashkil etish va tariflarni pasaytirish bo‘yicha muzokaralar bor.
Kengash qisqa vaqt ichida samarali maydonga aylandi. Uning tashkiliy yig‘ilishi fevral oyida Toshkentda, rasmiy ishga tushirilishi aprelda Vashingtonda bo‘lib o‘tdi. Iyunda DFC energetika, muhim minerallar, infratuzilma, transport va logistika, yuqori texnologiyalar va farmatsevtika sohalaridagi loyihalarni moliyalashtirishga mo‘ljallangan qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirdi. Xuddi shu oyda AQSh Savdo vakili Jeymison Griyerning Toshkentga tashrifi davomida “dastlabki hosil” deb nomlangan savdo paketi kelishilib, O‘zaro savdo va investitsiyalar to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirishga qaror qilindi. Vashington O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Insoniy aloqalar ham kengaymoqda. Joriy yildan AQSh fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etildi, o‘zbekistonliklar uchun esa Amerika fermer xo‘jaliklarida mavsumiy ishlashning qonuniy yo‘li – H-2A dasturi ochildi. Bu yurtdoshlarimizning xorijda xavfsiz va munosib sharoitda mehnat qilishi uchun muhim qadamdir.
Parlament diplomatiyasining so‘zi
Ikki tomonlama hamkorlik ijro hokimiyati darajasidagi muloqot bilan cheklanmay, parlamentlararo aloqalar orqali ham izchil rivojlanib bormoqda. AQSh Vakillar palatasida 2018 yil oxiridan buyon O‘zbekiston bo‘yicha kokus faoliyat yuritadi. Joriy yil avgustda Vakillar palatasining soliq va savdo masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Jeyson Smit boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurib, Senat rahbariyati bilan parlamentlararo aloqalar, hududlar va shtatlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Fevralda esa Oliy Majlis delegatsiyasi AQSh Kongressi faoliyati va qonunchilik amaliyotini yaqindan o‘rgandi.
Parlament diplomatiyasining dolzarb vazifalaridan biri — 1974 yilda qabul qilingan Jekson–Venik tuzatishining O‘zbekistonga nisbatan amal qilishini bekor qilishga erishishdir. “Sovuq urush” davrining bu merosiga ko‘ra, mamlakatimiz 1992 yildan buyon AQSh bilan normal savdo munosabatlari rejimidan har yilgi ko‘rib chiqish asosida, vaqtinchalik tartibda foydalanib kelmoqda. Tuzatish amaldagi tariflarga bevosita ta’sir qilmasa-da, munosabatlarning “vaqtinchalik” maqomini saqlab qolib, uzoq muddatli investorlar uchun noaniqlik tug‘diradi. Marko Rubioning o‘zi ham Davlat kotibi lavozimiga tasdiqlash eshituvlarida uni o‘tib ketgan davrning qoldig‘i deb atagan edi.
Bugun Kongressda bu borada ikki partiya vakillari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan qonun loyihalari mavjud. Ulardan biri O‘zbekistonga doimiy normal savdo munosabatlari maqomini berish va uning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini kuchga kirish sharti sifatida belgilaydi. Demak, JSTga a’zolik va Jekson–Venik masalasi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Bundan tashqari, noyabrda AQShda Kongressga oraliq saylovlar bo‘lib o‘tadi, amaldagi chaqiriq vakolatlari esa 2027 yil 3 yanvarda tugaydi. Ushbu muddatgacha qabul qilinmagan qonun loyihalari yangi chaqiriqda qayta kiritilishi lozim bo‘ladi.
Bu jarayon Oliy Majlis oldiga bir qator aniq vazifalarni qo‘yadi. Jumladan, Jahon savdo tashkilotiga a’zolik bilan bog‘liq qonun loyihalarini ustuvor tartibda ko‘rib chiqish, istiqboldagi savdo va investitsiya bitimlarini ratifikatsiya qilishga puxta tayyorgarlik ko‘rish, imzolangan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, shuningdek, AQSh Kongressining yangi tarkibi bilan, zarurat tug‘ilganda esa mintaqadagi hamkor parlamentlar bilan muvofiqlashtirilgan muloqotni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.
Mintaqa ko‘zgusida
Samarqand uchrashuvining yana bir muhim jihati shundaki, u ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibini uyg‘unlashtiradi. 2015 yilda siyosiy muloqot maydoni sifatida tug‘ilgan “C5+1” formati 2023 yilda prezidentlar darajasidagi sammit, 2024 yilda muhim minerallar bo‘yicha muloqot va “B5+1” biznes-forumi, 2025 yilda Oq uydagi sammit orqali amaliy loyihalar platformasiga aylanib bormoqda. Prezidentimiz navbatdagi “C5+1” sammitini ham Samarqandda o‘tkazishni taklif etgani bu jarayonda O‘zbekistonning tashabbuskorlik rolini yaqqol ko‘rsatadi.
Bugun Markaziy Osiyo dunyoning yetakchi markazlari bilan teng huquqli muloqot olib bormoqda. 2025 yil aprelda Samarqandda Yevropa Ittifoqi, iyunda Ostonada Xitoy, dekabrda Tokioda Yaponiya, 2026 yil sentyabrda Seulda Koreya Respublikasi bilan sammitlar o‘tkazildi. Bu mintaqaning xalqaro munosabatlarda mustaqil sub’yekt sifatidagi nufuzi ortib borayotganidan dalolat. O‘zbekiston hamkorlar doirasini kengaytirish yo‘lidan bormoqda. Bu esa mamlakatimizning mustaqil va muvozanatli tashqi siyosatining eng ishonchli kafolatidir.
Xulosa o‘rnida
Qadimda Samarqand Buyuk Ipak yo‘lining chorrahasi, Sharq va G‘arb savdogarlari, olimlari va elchilari uchrashadigan maskan bo‘lgan. Bugun bu ko‘hna shahar yana bir bor muloqot va hamkorlik makoni sifatida dunyo e’tiborida turibdi. Marko Rubioning tashrifi ushbu tarixiy an’ananing zamonaviy davomi bo‘lib, O‘zbekiston–Amerika munosabatlarida 2025 yilda boshlangan faol bosqichni yangi mazmun bilan boyitmoqda.
Tashrif bir haqiqatni yana bir bor tasdiqladi. Bugun O‘zbekiston va AQSh hamkorligi kuchli siyosiy irodaga, ishonchli institutsional mexanizmlarga, ya’ni Kengaytirilgan strategik sheriklik muloqoti, Ishbilarmonlik va investitsiya kengashi, DFC qo‘shma platformasiga hamda aniq tijorat loyihalariga tayanadi. Shu bilan birga, oldinda turgan vazifalar ham aniq. Birinchidan, e’lon qilingan kelishuvlarni o‘z vaqtida, izchil va shaffof amalga oshirish. Ikkinchidan, o‘zaro savdo tarkibini takomillashtirish, jumladan, eksportimizda tayyor mahsulotlar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega tovarlar ulushini oshirish. Uchinchidan, hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash, xususan, Jekson–Venik tuzatishining O‘zbekistonga nisbatan qo‘llanilishini bekor qilishga erishish va Jahon savdo tashkilotiga a’zolik jarayonini joriy yilda yakunlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni izchil davom ettirish.
Bu vazifalarni hal etishda hukumat, ishbilarmon doiralar va parlamentning hamjihatlikdagi sa’y-harakatlari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kelajak avlodlarga tinch, xavfsiz va iqtisodiy jihatdan qudratli mintaqa qoldirish barchamizning mas’uliyatimizdir. Samarqanddagi muloqot esa shu yo‘ldagi navbatdagi muhim qadam bo‘lib, undan boshlangan yo‘l yangi imkoniyatlar sari yetaklashiga ishonch bildiramiz.
Oybek QO‘SHBOQOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim boshlig‘i, iqtisodiyot fanlari bo‘yicha falsafa doktori.






















