Qonun tili — aniqlik, ravonlik va xalqchillik mezoni






2026-yil 16-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan “Davlat tilining qonun ijodkorligi va parlament faoliyatidagi o‘rni” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Dasturga muvofiq, tadbirni institut direktori, yuridik fanlar doktori Akrom Toshpulatov kirish so‘zi bilan ochdi. Qonunchilik palatasi deputati, professor Xushvaqt Xayitov davlat tilining qonun ijodkorligi va parlament faoliyatidagi o‘rni, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Shuhrat Ko‘chimov esa qonun tilining aniqligi va ravonligi, huquqiy matn madaniyati, til me’yorlari hamda lotin yozuvidan foydalanish masalalari bo‘yicha ma’ruza qildi.
21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni hamda “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganining 37-yilligiga bag‘ishlangan mazkur tadbirda davlat tilining qonun ijodkorligi va parlament faoliyatidagi o‘rni, huquqiy matn madaniyati hamda qonunchilik tilini takomillashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Qonunning xalqchilligi uning mazmuni fuqarolarga qanchalik tushunarli ifodalanishi bilan ham belgilanadi. Huquqiy normaning aniq va ravon bayon etilishi insonning o‘z huquq va majburiyatlarini anglashi, qonunni to‘g‘ri tushunishi va unga amal qilishi uchun muhimdir. Shu bois qonun tiliga e’tibor — huquqiy aniqlik va fuqarolar manfaatlariga e’tibordir.
Parlament tomonidan qonun ijodkorligining sifatini oshirish va huquqiy hujjatlarni til jihatidan puxta tayyorlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasi devonida Lingvistik ekspertiza, tarjima va tahririyat bo‘limining tashkil etilgani bu yo‘nalishdagi muhim amaliy qadam bo‘ldi. Ixtisoslashgan bo‘linmaning mavjudligi qonun matnlarining mazmuni bilan bir qatorda ularning ifoda shakli, atamalar aniqligi va uslubiy yaxlitligiga ham alohida ahamiyat berilayotganini ko‘rsatadi.
Bunday yondashuv o‘zbek adabiy tili negizida o‘ziga xos qonun tili — milliy yuridik tilning izchil shakllanishi va takomillashuviga xizmat qilmoqda. Asosiy maqsad huquqiy tushunchalarni aniq atamalar, mantiqiy izchillik va sodda jumlalar orqali ifodalash, matnning keng jamoatchilik uchun tushunarli bo‘lishini ta’minlashdir. Bir tushuncha uchun bir xil atamani qo‘llash, turlicha talqinlarga sabab bo‘ladigan ifodalarni bartaraf etish ushbu jarayonning muhim shartlaridir.
Shu bilan birga, qonun loyihalarini lingvistik ekspertiza bilan to‘liq qamrab olish masalasi ham muhimdir. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasida lingvistik ekspertiza barcha loyihalar uchun umumiy majburiy talab sifatida belgilanmagan. Uni o‘tkazish ishlab chiquvchi yoki hujjatni qabul qilish huquqiga ega organ qaroriga ko‘ra nazarda tutilgan. Shu bois ekspertiza qamrovini kengaytirish va uning sifatini oshirish qonun tilini takomillashtirishdagi muhim vazifalardan biridir.
Parlament tadqiqotlari instituti tomonidan mazkur tadbirning tashkil etilishi ham institutning huquqshunoslik va tilshunoslik o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga, ilmiy yondashuvlarni parlament amaliyoti bilan bog‘lashga qaratilgan e’tiborga molik tashabbusi bo‘ldi.
Tadbirning ikkinchi qismida Sud-huquq sohalarida tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Dmitriy Raxmanov hafta davomida mamlakatimiz va parlament hayotida ro‘y bergan muhim voqealar yuzasidan qisqacha sharh berdi.
Muhokamalarda qonun loyihalari, tahliliy hujjatlar va xizmat yozishmalarida atamalar, uslub hamda lotin yozuvidagi bir xillikka oid amaliy misollar ko‘rib chiqildi. Ushbu muloqot qonunchilik tilini yanada aniq va tushunarli qilish, davlat tilining huquqiy sohadagi imkoniyatlarini kengaytirish hamda sifatli qonun ijodkorligi madaniyatini mustahkamlashga qaratildi.





















