Korrupsiyaga qarshi kurashish – adolatli jamiyat va samarali davlat boshqaruvining garovi

So‘nggi yillarda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, “inson qadri, adolat, ochiqlik va mas’uliyat” tamoyillariga asoslangan islohotlarning ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar nafaqat jinoyatlarga qarshi kurashish, balki ularning paydo bo‘lish sabablarini bartaraf etish, jamiyatda zahmat, halollik va qonunga hurmat tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan huquqiy asosni yaratdi.
Amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida davlat boshqaruvida byurokratiyaning qisqarishi, xizmatlar ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflikning ortishi, raqamlashtirishning jadal sur’atlarda rivojlanishi korrupsiya xavfini kamaytirishda muhim omil sifatida namoyon bo‘ldi. “Transparency International” reytinglarida mamlakatimizning oxirgi yillarda yuqori o‘rinlarga ko‘tarilishi ham bu sohadagi o‘zgarishlarning amaldagi ijobiy samarasidir.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlamentning roli alohida o‘rin tutadi. Qonun ijodkorligi va parlament nazorati orqali davlat organlari faoliyatida ochiqlik, hisobdorlik va samaradorlikni ta’minlash, shu bilan birga, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan mexanizmlar yaratildi. Parlament so‘rovi, parlament eshituvi, parlament tekshiruvi kabi institutlarning amaliyotga joriy etilishi davlat organlari faoliyati ustidan haqiqiy va ta’sirchan nazorat o‘rnatish imkonini kengaytirdi.
Qonun ijodkorligi jarayonida har bir qonun loyihasining korrupsiogen omillar nuqtayi nazaridan baholanishi, jamoatchilik ekspertizasining majburiy tarzda qo‘llanilishi, ekspert xulosalariga tayanib qaror qabul qilish amaliyotining shakllanishi korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmdir. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari va mustaqil ekspertlarni jalb qilish konstitutsiyaviy tamoyillar asosida amalga oshirilib, bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashishning milliy modelini shakllantirmoqda.
Korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan sohalar davlat xaridlari, kapital qurilish, litsenziya va ruxsatnomalar berish, bank kreditlarini ajratish, ishga qabul qilish jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammolar deputatlar tomonidan alohida e’tiborga olinmoqda. Ushbu sohalarda raqamlashtirishni chuqurlashtirish, ochiq ma’lumotlar bazalarini kengaytirish, tender va xaridlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar korrupsiyaning keskin kamayishiga xizmat qilmoqda.
Korrupsiyaga qarshi kurashishda yana bir muhim yo‘nalish aholi bilan doimiy muloqotda bo‘lish, joylarda tashvishli nuqtalarni o‘rganish, anonim so‘rovlar o‘tkazish va jamoatchilik fikrlarini tahlil qilishdan iborat. Deputatlik korpusining joylarda olib borayotgan ishi, jamoatchilik bilan muntazam muloqot orqali muammolarning ildizini aniqlash va ularga qonunchilik asosida yechim topishga qaratilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi kurashish adolat va qonun ustuvorligini ta’minlaydigan, iqtisodiy taraqqiyot va davlatga ishonchni mustahkamlaydigan asosiy omildir. Korrupsiyaga qarshi qat’iy siyosat va parlamentning ta’sirchan nazorati bugungi kunda shaffof, pok va adolatli jamiyat barpo etishning huquqiy poydevorini yaratdi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish bu nafaqat davlatning, balki har bir fuqaroning burchi. Davlat va jamiyat birgalikda harakat qilganidagina, biz halollik va adolat ustuvor bo‘lgan yangi O‘zbekistonimizni barpo etishimiz mumkin.
Baxtiyor TOSHPULATOV,
Iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda tadqiqotlar bo‘limi
yetakchi ilmiy xodimi





















