“Schienen-Control GmbH”ning 2024 yilgi hisoboti taqdim etildi

Joriy yilning 14-avgust kuni Avstriya parlamentining rasmiy saytida “Schienen-Control GmbH”ning 2024 yilgi hisoboti joylashtirildi.
Ma’lumot uchun: Schienen-Control GmbH – Avstriyada temir yo‘l transporti sohasidagi nazorat organi va yo‘lovchilar huquqlari bo‘yicha rasmiy arbitraj (NEB) sifatida faoliyat yuritadi.
Schienen-Control nazorat organi sifatida temir yo‘l sohasida adolatli raqobat tamoyillariga rioya etilishini ta’minlaydi. U barcha temir yo‘l kompaniyalariga temir yo‘l tarmog‘iga xolis va ochiq kirish imkonini kafolatlaydi.
Schienen-Control sog‘lom raqobatga ko‘maklashadi. Bozorni chuqur bilishi, temir yo‘l kompaniyalari, muassasalar va xalqaro nazorat organlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik tarmog‘i orqali temir yo‘l sohasidagi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaydi va zamonaviy hamda samarali temir yo‘l tizimining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Transport vazirining ma’lum qilishicha, Avstriyada temir yo‘lda yo‘lovchi tashish sohasida o‘sish kuzatilmoqda. Xizmatlarning kengayishi, mahalliy yo‘nalishlardagi qulayliklar va raqobatning oshishi Avstriyani Yevropada peshqadamlar qatoriga olib chiqishga hissa qo‘shgan.
Rail Control (Temir yo‘llar boshqarmasi) taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘lovchi tashishda 2024-yilda o‘sish dinamikasi qayd etilib, yo‘lovchilar soni 6 %ga ortgani va 348,7 mln nafarni tashkil etgani qayd etilgan.
Har bir yo‘lovchining o‘rtacha safar masofasi 42,9 kmni tashkil qilgani, bunga xizmatlarning kengayishi, qatnovlar sonining ko‘paygani, xususan, tundagi va mahalliy qatnovlar ulushining oshgani, shuningdek, bir nechta yangi yo‘nalishlar ishga tushirilgani sabab bo‘lgani qayd etilgan.
Biroq yuk tashish poyezdlari harakat kilometri bo‘yicha o‘sish kuzatilmagan, netto va brutto tonna-kilometr ko‘rsatkichlarida esa nisbatan yengil o‘sish qayd etilgan. Shuningdek, Rail Cargo Austria ildamlikni saqlab qolgan bo‘lsa-da, uning bozor ulushi 57,3 %ga tushgani (2023-yilga nisbatan 0,3 %ga kamaygan), eng yirik xususiy raqobatchi bo‘lgan Ecco-Rail, Lokomotion va CargoServning birgalikdagi ulushi 27,6 %ni tashkil etgan.
Yuk tashishning 1/3 qismidan ortig‘i qisqa masofali yo‘llar orqali amalga oshirilgani, bunda xususiy operatorlar ulushi 40 %dan ziyodni tashkil etgani ta’kidlangan.
Yuk tashishdagi asosiy to‘siqlar sifatida yo‘l ta’mirlash ishlari, xususan, 2024-yil sentyabr oyida Germaniya va Avstriyadagi toshqinlar sababli yo‘llarning yopilganligi keltirib o‘tilgan.
Shuningdek, ma’lumotda Avstriya temir yo‘l bozorida 2024-yilda 92 ta temir yo‘l kompaniyasi faoliyat yuritgani va bu o‘tgan yilga nisbatan 5 taga ko‘p ekanligi ta’kidlangan.
Yana bir yangilik sifatida, ma’lumotda Shtiriya⃰⃰ davlat temir yo‘llari 2024-yil oktyabr oyida transfer xizmatlari uchun xavfsizlik sertifikatini olgani, bu hisobot yilida jami 68 ta kompaniyaga (ulardan 4 tasi Avstriya federal temir yo‘llari guruhi tarkibiga kirgan, 9 tasi xorijiy kompaniyalar boshqaruvida bo‘lgan, 44 tasi xususiy va 11 tasi davlatga tegishli) Avstriya federal temir yo‘llari tarmog‘idan foydalanishga ruxsat berilganligini anglatishi ta’kidlangan.
Schienen-Control temir yo‘l bozori muhitini baholash maqsadida 2006-yildan beri 41 ta mezon bo‘yicha soha ishtirokchilarining fikrlari o‘rganilishi, bunda temir yo‘l tarmoqlari holati, binolar, qatnov jadvali sifatiga alohida e’tibor qaratilishi bildirilgan.
Sohadagi to‘siqlar sifatida avtomobil yuk tashish transporti bilan raqobatga kirisha olish, texnik talablarni yaxshilash, yangi texnologiyalarni sohaga joriy etishdagi murakkabliklar keltirib o‘tilgan.
Shuningdek, 2024-yilda “Temir yo‘llar to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan muhim o‘zgartirish – temir yo‘l infratuzilmasi kompaniyalarini yuqori tirbandlikka ega bo‘lgan liniyalar uchun sig‘im modelini ishlab chiqish va ushbu sig‘im modeliga mos keladigan poyezd yo‘nalishlariga bo‘lgan so‘rovlarga ustunlik berish lozimligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: Shtiriya Avstriya janubi-g‘arbida joylashgan federal yer bo‘lib, uning markazi Gras shahri hisoblanadi.





















