“Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada samarali tashkil etish Hukumatning asosiy vazifalaridan etib belgilanmoqda




Joriy yilning 12-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Mazkur Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida”gi Qonunga yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyada belgilangan normalardan kelib chiqib tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Xususan, Hukumatning iqtisodiyot, budjet, moliya va soliq, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ijtimoiy sohalardagi vakolatlari yanada takomillashtirilmoqda.
Vazirlar Mahkamasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ekologik xavfsizlikni ta’minlash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini muvofiqlashtirishi, tabiiy resurslar, xususan yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zaxiralarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha faoliyatni tashkil etishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyiha bilan atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash, Orolbo‘yi mintaqasining ekologik muvozanatini ta’minlash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘rish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini yanada samarali tashkil etish Hukumatning asosiy vazifalaridan etib belgilanmoqda.
Yig‘ilishda deputatlar tomonidan qonun loyihasi O‘zbekiston Ekologik partiyasining dasturiy maqsad va vazifalarida ko‘zda tutilgan atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiatdan oqilona foydalanish va qulay yashash sharoiti yaratish, ekologik muammolarni yaxlit holda hal etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirish kabi ustuvor yo‘nalishlarga to‘la mos ekanligi qayd etildi.
Qizg‘in muhokamalar yakunida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi hamda konseptual jihatdan qo‘llab-quvvatlandi.





















