Ikki yuz mingta yangi tadbirkorlik subyektlari faoliyati yo'lga qo'yiladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Deputatlar dastlab Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 23-25 yanvar kunlari Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi yakunlaridan kelib chiquvchi ustuvor vazifalarni muhokama qildilar.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar tarixi ming yilliklarga borib taqaladi. Bu ikki xalq azaldan o‘zaro savdo-sotiq qilgan, bir-birining madaniyatini boyitgan. Bugungi kunda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik siyosat, iqtisodiyot, savdo, sanoat, ta’lim, madaniyat kabi barcha sohalarni qamrab olgan.
—Xitoy O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyot yo‘lini va Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi, — dedi fraksiya rahbari Aktam Xaitov. —Ushbu davlatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilayotgan salmoqli sarmoyalari xitoylik hamkorlarning ishonchi va keng ko‘lamli islohotlarni qo‘llab-quvvatlayotganidan dalolat beradi. Davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi shubhasiz, har ikki davlat va ularning fuqarolari manfaatiga qaratilgan hamkorlik uchun yangi ufqlarni ochadi.
Yig‘ilishda so‘z olgan fraksiya a’zolari so‘nggi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki baravar, qo‘shma korxonalar soni uch barobarga ko‘payganini, tashrif davomida erishilgan natijalar O‘zbekiston — Xitoy munosabatlarida yangi sahifa ochishini alohida qayd etdilar.
Muhokamalar davomida Prezidentimizning Xitoyga tashrifi yakunlaridan kelib chiqib, partiya va fraksiya oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilishda “Baholash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda atroflicha ko‘rib chiqildi.
Deputatlar qonun loyihasini muhokama qilish jarayonida uning bugungi kundagi zarurati va ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdilar. Loyihadagi ayrim normalar bo‘yicha partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda bir qator takliflar berdi.
Fraksiya a’zosi Javlonbek Ergashevning aytishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi baholash to‘g‘risidagi hisobotlarning ishonchliligini tekshirishda muammolarni bartaraf qilish, fuqarolarning ortiqcha xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan keyingi masala — “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi bo‘ldi.
Dastur loyihasida yoshlar o‘rtasida tadbirkorlikni keng ommalashtirish va biznes bilan shug‘ullanishga qo‘shimcha imkoniyatlarni yaratish maqsadida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilayotgan kreditlarning kamida 40 foizi yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga yo‘naltirilishi belgilangan.
Biznes uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida esa “Biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida 2024 yil yakuniga qadar kompleks qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish orqali kamida 200 mingta yangi tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan 90 mingta korxona va 110 mingta yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilishi uchun zarur sharoitlar yaratish nazarda tutilgan. Bu minglab odamlar ishli bo‘ladi, aholi jon boshiga daromad ko‘payadi, degani.
Savol-javoblar va munozaralar chog‘ida deputatlar har bir fraksiya a’zosi Davlat dasturi loyihasini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflari, tavsiyalarini berish bilan birga, bu jarayonga faol va tashabbuskor ishtirok etishi lozimligini ta’kidladi.
Yig‘ilish yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.





















