Peruda meva tasviri tushirilgan ichimliklar tarkibida kamida 50 % meva sharbati bo‘lishi shart

Tegishli mazmundagi qonun loyihasi kongress a’zosi Xose Luna tomonidan kiritildi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, meva tasviri tushirilgan ichimliklarning tarkibida kamida 50 % ushbu meva sharbati bo‘lishi shart.
Mazkur tashabbus iste’molchilarning sog‘lig‘i va huquqlarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, ichimliklar idishidagi ma’lumot va reklamaning haqqoniyligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Meva tasviri tushirilgan ichimlikdan shu mevaning sharbati bo‘lishi talabi iste’mol mahsulotining sifati to‘g‘risidagi ma’lumotlar shaffofligini ta’minlaydi.
Bunday talab mamlakat hududida ishlab chiqilayotgan ichimliklarga xam, import qilinayotgan ichimliklarga xam tatbiq etiladi.
Mazkur talabga rioya etilmagan taqdirda bunday ichimliklar sotuvga chiqarilmaydi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, bunday ichimliklardagi meva sharbati ulushi to‘g‘risidagi ma’lumot ichimlik qutisining oson o‘qiladigan joyida joylashtirilishi lozim.
Hujjat bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Milliy sifat instituti hamda Raqobatni va intellektual mulkni himoyalash milliy institutiga ushbu talabga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatish vakolati berilmoqda.
Qonun loyihasiga tushuntirish xatida loyiha mualliflari ushbu taklif xorijiy mamlakatlar, jumladan Yevropa Ittifoqi, AQSh, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Chili va Kolumbiya amaliyotidan kelib chiqqan holda ishlab chiqilganligini ma’lum etishgan.





















