Lyuksemburgda rieltorlarning harajatlari ijarachi va uy egasi o‘rtasida teng taqsimlanadi

Lyuksemburg parlamenti tomonidan “Uy-joy ijarasi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi qonun qabul qilindi.
Qonunga ko‘ra, endilikda rieltorlik tashkilotlarining xizmat haqi harajatlari ijarachi va uy egasi o‘rtasida teng taqsimlanadi (avvalgi tartibga ko‘ra ushbu harajatlar to‘liq ijarachi tomonidan qoplangan).
Ijarachi tomonidan kiritilishi lozim bo’lgan depozit miqdori 3 oylik ijara to‘lovidan 2 oylik ijara to‘loviga tushirildi.
Bundan tashqari, qonun normalari bilan birgalikda uy-joyni ijaraga oluvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish mexanizmi yaratildi. Ya’ni, bunday holatlarda ikkalamchi ijara shartnomasidan farqli ravishda uy-joy egasi va ijarachilar o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda ijaraga oluvchilar uy-joyni va undagi mol-mulkni tegishli holatda saqlanishi bo‘yicha uy egasi oldida solidar javobgar bo‘ladilar. Agarda birgalikda ijaraga oluvchi shaxslardan biri shartnomani bekor qilmoqchi bo‘lsa, u bu haqda 3 oy oldin uy egasi va boshqa ijaraga oluvchilarni ogohlantirib, o‘zining o‘rniga yangi ijaraga oluvchini topish choralarini ko‘rishi kerak.





















