Avstriyada qishloq hududlarida o‘rindiqli elektr skuterlardan foydalanishni davom ettirish uchun o‘tish qoidalarini joriy etish taklif qilindi
Joriy yilning 25-sentyabr kuni Avstriya Milliy kengashining Transport masalalari qo‘mitasida qishloq hududlarida kichik masofalarga mustaqil va xavfsiz harakatlanish imkoniyatini saqlab qolish maqsadida o‘rindiqli elektr skuterlardan foydalanishga doir o‘tish qoidalarini joriy etish taklifi bildirildi. Mazkur tashabbus “Yashillar” partiyasi vakili Elizabet Gyotse tomonidan ilgari surildi.
Taklifga ko‘ra, 2026-yil 1-oktyabrdan kuchga kirishi belgilangan yo‘l harakati qoidalariga oid 36-o‘zgartirish doirasida o‘rindiq bilan jihozlangan elektr skuterlardan avvalgi tartibda foydalanish cheklanadi. Bunday transport vositalari elektr mopedlariga tenglashtiriladi. Shu bilan birga, yangi tartibda ulardan foydalanish uchun o‘tish davriga oid alohida qoidalar yoki amaliyotda qo‘llash imkonini beruvchi istisnolar nazarda tutilmagan.
Qo‘mita muhokamasida bildirilgan taklifga ko‘ra, mazkur yondashuv mamlakatning ayrim hududlaridagi texnik, huquqiy va ijtimoiy sharoitlarni to‘liq hisobga olmasligi mumkin. Xususan, o‘rindiq, savatcha bilan jihozlangan va konstruktiv tezligi soatiga 25 kilometrdan oshmaydigan elektr skuterlardan asosan kundalik qisqa masofalarni bosib o‘tish uchun foydalaniladi. Manbada ulardan foydalanuvchilar orasida keksa fuqarolar salmog‘i yuqori ekani, ayrimlarida son, tizza yoki to‘piq bilan bog‘liq muammolar tufayli harakatlanish imkoniyati cheklangani qayd etilgan.
Ayniqsa, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan va eng kam yoki past miqdordagi pensiya oladigan shaxslar uchun qishloq hududlarida bunday transport vositalari mustaqil harakatlanishning muhim vositalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Ularning velosiped va piyodalar yo‘laklaridan chiqib, aholi punktlari o‘rtasidagi avtomobil yo‘llaridan harakatlanishiga majbur bo‘lishi esa yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligi ta’kidlangan.
Shu munosabat bilan Transport vaziriga 2026-yil 1-mayga qadar amalda foydalanilayotgan o‘rindiqli elektr skuterlarning keyinchalik ham qo‘llanishini ta’minlaydigan amaliyotga mos o‘tish qoidalarini ishlab chiqish taklif etildi. Mazkur talab parlamentga kiritilgan qaror loyihasida aks etgan.
Taklifning asosiy maqsadi qishloq hududlarida ushbu transport vositalaridan foydalanib kelgan va ular o‘rnini bosadigan teng darajada xavfsiz, qulay hamda moliyaviy jihatdan maqbul muqobil vositalarga ega bo‘lmagan shaxslarning kundalik qisqa masofalarda mustaqil harakatlanish imkoniyatini saqlab qolishdan iborat.
Yurtimizda individual harakatlanish vositalari, skuter va boshqa kichik elektr transport vositalarining huquqiy maqomi so‘nggi yillarda bosqichma-bosqich aniqlashtirildi. Xususan, 2024-yilda Yo‘l harakati qoidalariga individual harakatlanish vositalari va skuterlarning huquqiy ta’riflari kiritilib, ulardan foydalanishning yosh, harakatlanish hududi va xavfsizlik talablari belgilandi. Jumladan, individual harakatlanish vositalari uchun velosiped yo‘laklari va piyoda-velosiped yo‘llaridan foydalanish ustuvorligi, ayrim hollarda qatnov qismida harakatlanishni cheklash hamda 14 yoshga to‘lmagan shaxslarning ularni boshqarishiga qo‘yilgan cheklovlar belgilab qo‘yildi.
2026-yilda ushbu tartib yanada takomillashtirilib, moped va skuterlar, shuningdek, muayyan texnik ko‘rsatkichlarga ega kichik hajmdagi mototransport vositalari uchun “A1” kichik toifali haydovchilik guvohnomasi joriy etildi. Bunda individual harakatlanish vositalari mazkur toifadan alohida ajratilgan. Bu yondashuv transport vositalarini ularning texnik xususiyatlari va yo‘l harakatidagi xavf darajasiga qarab huquqiy jihatdan farqlash mexanizmi shakllanayotganini ko‘rsatadi.
Shu nuqtayi nazardan, Avstriyadagi tashabbusning O‘zbekiston uchun ahamiyati yangi huquqiy kategoriya joriy etishdan ko‘ra, amalda foydalanilayotgan transport vositalarining huquqiy maqomi o‘zgargan taqdirda moslashuv davrini qanday tartibga solish masalasida namoyon bo‘ladi. Avstriya parlamentida ilgari amalda bo‘lgan o‘rindiqli elektr skuterlardan foydalanishni yangi talablarga moslashtirish uchun o‘tish davri qoidasini belgilash taklif qilingan. Taklif, xususan, 2026-yil 1-mayga qadar foydalanishda bo‘lgan vositalarga nisbatan alohida tartib qo‘llashni nazarda tutadi.
O‘zbekiston tajribasida ham transport vositalarining huquqiy maqomi va ularni boshqarish talablari bosqichma-bosqich o‘zgarib borayotgani sababli, kelgusidagi normativ yangilanishlarda yangi talablarni joriy etish sanasi bilan birga, amaldagi foydalanuvchilarning ularga moslashish imkoniyatlarini ham belgilash muhim bo‘lishi mumkin. Bunda transport vositasining texnik xususiyatlari, foydalanuvchilarning yoshi va harakatlanish ehtiyojlari, shahar va qishloq hududlaridagi yo‘l infratuzilmasi hamda yo‘l harakati xavfsizligi o‘rtasidagi mutanosiblik hisobga olinishi mumkin.
Ayniqsa, Avstriya misolidagi kabi o‘tish davri mexanizmlari yangi talablarning amalga kiritilishi natijasida avvaldan foydalanib kelinayotgan vositalardan foydalanish imkoniyati keskin cheklanib qolishining oldini olish, fuqarolarga moslashish uchun oqilona muddat berish va huquqiy talablarning amaliyotda bir maromda qo‘llanishini ta’minlash nuqtayi nazaridan o‘rganilishi mumkin. Shu bilan birga, mazkur mexanizmni O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘chirish uchun asos yo‘q. Uning ahamiyati, avvalo, transport sohasidagi yangi texnik va huquqiy talablarni joriy etishda o‘tish davri normalarini normativ siyosatning alohida elementi sifatida baholash imkoniyati bilan belgilanadi.
https://www.parlament.gv.at/aktuelles/pk/jahr_2026/pk0862





















