Sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun: soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi kelishuv, “yalang‘och” ilovalarni taqiqlash muhokamada

Yevropa Ittifoqida sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonunni soddalashtirish va “sun’iy yalang‘ochlashtirish” dasturlarini taqiqlash bo‘yicha kelishuvga erishildi
Yevropa Ittifoqi qonun chiqaruvchilari sun’iy intellekt to‘g‘risidagi qonun talablarini xizmat ko‘rsatuvchilar uchun soddalashtirish, shu bilan birga, uning asosiy qoidalari va xavf-xatarlarga asoslangan yondashuvini saqlab qolish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Yevropa parlamenti hamda Kengash muzokarachilari joriy yilning 8-may kuni raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga qaratilgan kompleks choralar paketi doirasida Yevropa Ittifoqining “Sun’iy intellekt to‘g‘risida”gi Qonuniga ayrim o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha dastlabki kelishuvni ma’qulladi.
Unga ko‘ra, sun’iy intellektning yuqori xavfli tizimlariga oid ayrim qoidalarni qo‘llash muddatlari kechiktirilmoqda. Xususan, biometrik ma’lumotlardan foydalanuvchi hamda infratuzilma, ta’lim, mehnat munosabatlari, huquqni muhofaza qilish va chegara nazorati sohalarida qo‘llaniladigan yuqori xavfli sun’iy intellekt tizimlariga nisbatan talablar 2027-yil 2-dekabrdan kuchga kiradi.
Shuningdek, xavfsizlik komponentlari sifatida foydalaniladigan va Yevropa Ittifoqining xavfsizlik hamda bozor nazoratiga oid tarmoq qonunchiligiga tushadigan sun’iy intellekt tizimlariga nisbatan qoidalar 2028-yil 2-avgustdan amal qila boshlaydi.
Qonunga muvofiq, sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentga raqamli “suv belgisi” qo‘yish majburiyati ham 2026-yil 2-dekabrga qadar kechiktirildi. Mazkur texnologiya sun’iy intellekt orqali yaratilgan materiallarni aniqlash va kuzatish imkonini beradi.
Kelishuv doirasida insonlarning intim a’zolari yoki ularning jinsiy harakatlarda ishtirokini roziliksiz tasvirlaydigan, shuningdek, bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sahnalarini aks ettiruvchi materiallarni yaratuvchi sun’iy intellekt tizimlarini taqiqlashga ham kelishib olindi.
Taqiq bunday kontent yaratish maqsadida sun’iy intellekt tizimlarini Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqarish, yetarli xavfsizlik choralarisiz tarqatish hamda ushbu tizimlardan foydalanib, shunday materiallar tayyorlash holatlariga nisbatan qo‘llaniladi. Bu talablar tasvir, video va audiomateriallarga ham taalluqli bo‘ladi. Kompaniyalarga o‘z tizimlarini yangi talablarga moslashtirish uchun 2026-yil 2-dekabrgacha muddat beriladi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt sohasida takrorlanuvchi talablarni qisqartirish va huquqni qo‘llash tizimini markazlashtirish bo‘yicha qator o‘zgartirishlar ham kelishib olindi. Jumladan, mashinasozlik mahsulotlaridagi sun’iy intellekt tizimlari bir vaqtning o‘zida ham sohaviy xavfsizlik qoidalari, ham “Sun’iy intellekt to‘g‘risida”gi Qonun talablariga bo‘ysunmasligi belgilandi.
Bundan tashqari, sun’iy intellekt funksiyasi faqat foydalanuvchiga yordam berish yoki samaradorlikni oshirish uchun xizmat qilsa va uning nosozligi inson salomatligi yoki xavfsizligiga tahdid tug‘dirmasa, bunday mahsulotlar avtomatik tarzda “yuqori xavfli” toifaga kiritilmaydi.
Hujjatda, shuningdek, kichik va o‘rta biznes subyektlari uchun ayrim yengilliklar kengaytirilib, Yevropa Ittifoqining Sun’iy intellekt boshqarmasi vakolatlari ham soddalashtirilmoqda.
Dastlabki kelishuv qonuniy kuchga kirishi uchun Yevropa parlamenti hamda Kengash tomonidan rasman tasdiqlanishi lozim. Qonunni 2026-yil 2-avgustga qadar qabul qilish rejalashtirilgan.





















