Ayollar diplomatiyasi — tinchlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida
Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik zonasida o‘tkazilgan “Tinchlikni saqlash va barqaror rivojlanishga erishishda ayollarning roli” mavzusidagi Xalqaro ayollar muloqoti xotin-qizlarning tinchlikni mustahkamlash va barqaror taraqqiyotni ta’minlashdagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquq va imkoniyatlarini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston va boshqa davlatlar delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etgan muloqotda tinchlikni mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda barqaror taraqqiyotga erishish masalalari muhokama qilindi. Yakuniy hujjatning bir ovozdan qabul qilinishi bu yo‘nalishda xalqaro hamkorlikni davom ettirishga bo‘lgan umumiy intilishni namoyon etdi.
Muloqotning ahamiyati diplomatik aloqalarni kengaytirish bilangina cheklanmaydi. U xotin-qizlarni tinchlik va taraqqiyotga oid qarorlarni ishlab chiqish, qabul qilish va amalga oshirish jarayonlariga faol jalb etish zarurligini ko‘rsatadi. Zero, qabul qilinayotgan qarorlarning samaradorligi, avvalo, ularning aholi ehtiyojlariga mosligi va hayotda qanday natija berayotgani bilan belgilanadi.
Ayollar diplomatiyasining amaliy ahamiyati muammolarga inson hayoti va kundalik ehtiyojlar nuqtayi nazaridan yondashishda namoyon bo‘ladi. Tinchlik muzokaralarida ta’lim va tibbiy xizmatdan foydalanish, suv va oziq-ovqat xavfsizligi, ko‘chishga majbur bo‘lgan aholining qaytishi, oilalarning iqtisodiy tiklanishi kabi masalalar ham qamrab olinishi lozim.
Xotin-qizlarning ishtiroki kelishuvlarning mazmunini boyitib, ularni jamiyat ehtiyojlariga yaqinlashtiradi. Bu yondashuv tinchlikni erishilgan kelishuvlar doirasidan kengroq tushunish, uni uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlaydigan izchil jarayon sifatida mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekistonda ularning huquq va imkoniyatlarini ta’minlash uchun zarur huquqiy asoslar yaratilgan. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 58-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqligi, davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashi belgilab qo‘yilgan.
“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Gender tenglikka erishish strategiyasi va “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki ham sezilarli darajada kengaydi. Xususan, 2024 yilgi saylovlar natijasida Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizini, Senat a’zolarining 27 foizini, mahalliy Kengashlar deputatlarining esa 32 foizini ayollar tashkil etdi. Davlat boshqaruvida xotin-qizlarning ulushi 2017-yildagi 20 foizdan 35 foizga yetdi. Bu raqamlar xotin-qizlarning mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotidagi ishtiroki tobora kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Raqamli taraqqiyot ham xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlarni yaratmoqda. So‘nggi olti yilda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tahsil olayotgan ayollar soni besh barobarga oshdi. Ularning bu yo‘nalishdagi talabalar orasidagi ulushi 19 foizdan 23 foizga ko‘tarilgan. 2025-yilda esa ayollar 763 ta ilmiy loyihaning 214 tasiga rahbarlik qilgan. Ushbu raqamlar xotin-qizlarning raqamli texnologiyalar va ilm-fan sohalaridagi ishtiroki ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Keyingi bosqichda raqamli ko‘nikmalarni ommalashtirish, ilmiy faoliyatdagi rahbarlik imkoniyatlarini kengaytirish va texnologiyalardan foydalanishdagi tafovutni qisqartirish muhim. Bunday yondashuv ayollarning iqtisodiy faolligini oshirish bilan birga, mamlakatning innovatsion rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.
2026-yil may oyida Buxoroda o‘tkazilgan Ikkinchi Osiyo xotin-qizlari forumi ayollarning qaror qabul qilishdagi rolini oshirish va barqaror taraqqiyot manfaatlariga xizmat qiladigan tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim xalqaro maydon bo‘ldi. Prezidentimizning forum ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatida xotin-qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va ularning jamiyat taraqqiyotidagi ishtirokini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ayollar diplomatiyasida mintaqaviy hamkorlik alohida o‘rin tutadi. Markaziy Osiyo mamlakatlarini mushtarak tarix, madaniy yaqinlik va umumiy taraqqiyot manfaatlari birlashtiradi. Suv resurslaridan oqilona foydalanish, iqlim o‘zgarishiga moslashish, oziq-ovqat va ekologik xavfsizlik, aholi salomatligi kabi masalalarni bir davlat doirasida hal etish qiyin. Shu bois xotin-qizlar parlamentariylari, diplomatlar, olimlar, fuqarolik jamiyati vakillari va tadbirkorlar o‘rtasidagi muntazam muloqot umumiy yechimlarni ishlab chiqishga yordam beradi.
Avaza muloqotida ilgari surilgan davlatlararo ishchi komissiya tuzish va navbatdagi muloqotni mamlakatimizda o‘tkazish tashabbuslari hamkorlikni izchil davom ettirish imkonini beradi. Bu tashabbuslarning samarasi ularning muntazam uchrashuvlar, qo‘shma dasturlar va aniq amaliy loyihalar bilan mustahkamlanishiga bog‘liq. Jumladan, xotin-qizlar uchun diplomatiya va davlat boshqaruvi bo‘yicha o‘quv dasturlari, yosh yetakchilarni qo‘llab-quvvatlash, tadbirkor ayollar o‘rtasida tajriba almashish hamda suv va iqlim muammolariga bag‘ishlangan qo‘shma loyihalar amaliy natija berishi mumkin.
Shu nuqtayi nazardan, ayollar diplomatiyasini rivojlantirishda bir-birini to‘ldiruvchi to‘rtta ustuvor yo‘nalishga alohida e’tibor qaratish maqsadga muvofiq.
Birinchidan, xotin-qizlarni tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, mojarolarning oldini olish hamda diplomatik muzokaralardagi ishtirokini kengaytirish zarur.
Ikkinchidan, ta’lim olish, kasbiy tayyorgarlikdan o‘tish, munosib ish bilan ta’minlanish va moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali ayollarning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash lozim.
Uchinchidan, iqlim o‘zgarishi, raqamli taraqqiyot, suv va oziq-ovqat xavfsizligi kabi muhim masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonlarida xotin-qizlarning faol ishtirokini ta’minlash muhim ahamiyatga ega.
To‘rtinchidan, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik doirasida tajriba almashishni tizimli yo‘lga qo‘yish, o‘zaro muloqotni kuchaytirish hamda ilg‘or tajribalarni keng joriy etish zarur.
Ushbu vazifalarni samarali amalga oshirishda qonunchilikda belgilangan kafolatlar ijrosini muntazam baholab borish, parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, shuningdek, xotin-qizlarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayollar diplomatiyasi xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, tinchlikni saqlash, nizolarni hal etish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda ularning ishtirokini kengaytirishni nazarda tutadi. Xotin-qizlarning fikri inobatga olinib, tashabbuslari qo‘llab-quvvatlansa, turli manfaatlarni kelishtirish va uzoq muddatli yechimlarni topish imkoniyati ortadi.
Gulbahor SAIDOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi
Parlament tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi





















