Korrupsiyaga qarşi kuraşiş sohasidagi yangi qonun talablari tuşuntirildi

INSTITUT YANGILIKLARI
Yangi Özbekistonda amalga oşirilayotgan keng kölamli islohotlar jarayonida qonun ustuvorligini ta’minlaş, korrupsiya va jinoyatçilikka qarşi murosasiz kuraşiş, şuningdek, aholining huquqiy xabardorligini oşiriş davlat siyosatining ustuvor yönalişlaridan hisoblanadi. 2026-yil 22-iyunda Prezidentimiz tomonidan imzolangan «Özbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga korrupsiyaga qarşi kuraşiş samaradorligini oşirişga, korrupsiyaga oid jinoyatlar uçun javobgarlik muqarrarligini ta’minlaşga qaratilgan qöşimça va özgartirişlar kiritiş töğrisida»gi Qonun bu boradagi muhim qadam böldi.
Oliy Majlis Qonunçilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti zimmasiga yuklatilgan qonunçilikdagi yangiliklarning mazmun-mohiyatini keng jamoatçilikka yetkaziş vazifasi doirasida yaqinda «ÖzLITIneftgaz» aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarşi kuraşiş sohasidagi qonunçilikning sönggi özgarişlariga bağişlangan seminar taşkil etildi.
Seminarda Institutning sud-huquq sohasidagi tadqiqotlar bölimi boşliği, yuridik fanlar böyiça falsafa doktori Dmitriy Raxmanov iştirokçilarga Prezidentimiz Şavkat Mirziyoyev taşabbusi bilan korrupsiyaning oldini oliş, davlat boşqaruvida oçiqlik va hisobdorlikni kuçaytiriş borasida amalga oşirilayotgan islohotlarning asosiy yönalişlari haqida ma’ruza qildi.
Ma’ruza davomida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlaş va baholaş, davlat organlari va taşkilotlarida içki antikorrupsiya nazoratini takomillaştiriş, manfaatlar töqnaşuvining oldini oliş, davlat xaridlarida şaffoflikni ta’minlaş hamda korrupsiya holatlari haqida xabar bergan şaxslarni huquqiy himoya qiliş böyiça joriy etilgan yangi mexanizmlar atrofliça tuşuntirildi.
Ta’kidlaş joizki, Qonunga muvofiq Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligi idoralar, hududlar va tarmoqlar kesimida korrupsiyaviy xavf-xatarlar xaritasini şakllantiradi. Davlat organlari, taşkilotlari va davlat korxonalaridagi komplayens-nazorat hamda içki antikorrupsiya nazorati bölinmalarining vakolatlari, xodimlari xavfsizligi kafolatlari qonun darajasida belgilandi. Qoraqalpoğiston Respublikasi, viloyatlar va Toşkent şahar korrupsiyaga qarşi kuraşiş kengaşlarining maqomi ham ilk bor qonunda mustahkamlandi. Davlat xaridlarida boşlanğiç narx va örtaça bozor narxi örtasidagi yöl qöyiladigan farq talabini buzgan mansabdor şaxslarga ma’muriy jarima joriy etildi.
Şuningdek, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlik uçun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlaş, korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan şaxslarning elektron reyestrini yuritiş va raqamli texnologiyalar orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlaş masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ma’lumot uçun, Qonunga muvofiq Jinoyat kodeksida korrupsiyaga oid jinoyatlarning 18 turi belgilandi, ularning beş turi böyiça jazoni ötaşdan muddatidan ilgari şartli ozod qiliş va jazoni yengilroği bilan almaştiriş qöllanilmaydi. Reyestrga kiritilgan şaxslar davlat xizmatiga qabul qilinmaydi, saylanadigan lavozimlarga nomzod etib körsatilmaydi, ular ustav kapitalining 50 foizdan ortiğiga egalik qiladigan korxonalar esa davlat xaridlari va davlat-xususiy şeriklik loyihalarida iştirok eta olmaydi.
Seminarning muhim jihatlaridan biri xorijiy tajriba tahlili böldi. Xususan, Fransiya, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Ruminiyada korrupsiyaning oldini oliş, mansabdor şaxslar faoliyatida halollik standartlarini ta’minlaş, manfaatlar töqnaşuvini tartibga soliş hamda içki nazorat mexanizmlarini rivojlantirişga oid huquqiy yondaşuvlar qiyosiy tahlil qilindi.
Qonunçilikdagi yangiliklarning amaliy ahamiyati davlat xaridlari, xizmat vakolatlaridan foydalaniş va manfaatlar töqnaşuviga doir hayotiy misollar orqali oçib berildi.
💬 Mazkur seminar qonunçilikdagi sönggi özgarişlar, korrupsiyaning oldini olişga qaratilgan yangi huquqiy mexanizmlar va ilğor xorijiy tajriba haqida iştirokçilarning xabardorligini oşiriş, şuningdek, ularning kundalik faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlaş va manfaatlar töqnaşuvining oldini oliş masalalari böyiça bilimlarini mustahkamlaşga xizmat qildi.
📸 FOTOLAVHA


























