Parlament tadqiqotlari instituti va Odil sudlov akademiyasi o‘rtasida hamkorlikning yangi bosqichi boshlandi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti va O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida tomonlar konstruktiv muloqot asosida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Jumladan, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish, parlament tadqiqotlari, huquqiy ekspertiza va zamonaviy yuridik ta’lim integratsiyasi, mutaxassislarning malakasini oshirish jarayonlarida o‘zaro tajriba almashish asosiy hamkorlik yo‘nalishlari sifatida belgilab olindi.
Shuningdek, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyati o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning ilmiy asoslarini birgalikda tadqiq etish, sud-huquq sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan tahliliy va ekspertlik faoliyatini kuchaytirish ko‘zda tutildi.
Memorandumni Parlament tadqiqotlari instituti direktori Akrom Toshpulatov va Odil sudlov akademiyasi rektori Sherzod Abduqodirov imzoladilar.
Erishilgan kelishuv huquqiy davlat va zamonaviy parlamentchilikni rivojlantirish tamoyillari asosida ilmiy-amaliy tadqiqotlar sohasidagi hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Tadbir so‘nggida, memorandum ijrosini ta’minlash maqsadida “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.





















